“27 nafar o‘quvchimiz talaba bo‘ldi”
Ta’lim-tarbiya tizimining asosiy vazifasi vatanparvar, zamonaviy bilimga ega, jamiyatda munosib o‘rin egallashga qodir va, albatta, komillikka intiladigan avlodni voyaga yetkazishdir.
Nishon tumani Nuriston shaharchasidagi 35-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi 14 yildirki, shu maqsad yo‘lida ertamiz egalariga bilim berib kelmoqda. 2006-yilda 844 o‘ringa moslab tashkil etilgan maktabimizda dastlab 700 o‘quvchi 47 nafar o‘qituvchidan saboq olar edi. Hozir esa bilim dargohimizda 1807 nafar o‘quvchiga 125 nafar pedagog bilim sirlarini o‘rgatyapti.
Ilm-fan, texnika va ishlab chiqarish tez sur’atlarda rivojlanayotgan davrda ta’lim sifatini oshirish o‘quv muassasalarining eng muhim vazifasiga aylangan. Bu esa o‘z o‘rnida tizimning har bir xodimi, shuningdek, o‘qituvchilar zimmasiga ham yuksak mas’uliyat yuklaydi. Negaki, rad qilib bo‘lmaydigan bir haqiqat bor – ta’lim sohasida qilingan barcha sa’y-harakatlar o‘qituvchining mehnati orqali o‘z natijasini ko‘rsatadi. Shunday ekan, pedagoglardan vijdonan mehnat qilish, kelajagimiz oldidagi javobgarlik, e’tibor-u e’tirofga munosib tarzda harakat qilish talab etiladi.
Jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlasak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar, avvalo, ta’lim tizimidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta’lim va tarbiyaning asosi maktabdir. Maktabning qudrati esa unda dars berayotgan o‘qituvchilarning malakasi bilan baholanadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, maktabda faoliyat yuritayotgan 125 pedagogdan 110 nafari oliy ma’lumotli, shuningdek, 10 nafar ustoz oliy toifaga ega. Ularning zamon talablari asosida ta’lim berayotgani, o‘qitish jarayonida yangi innovatsion texnologiyalarni qo‘llayotgani natijadorlikka, ilmiy salohiyat yuksalishiga zamin yaratmoqda.
Fizika-matematika fanlariga ixtisoslashgan maktab 14 yillik faoliyati davomida to‘xtovsiz izlanishlar sabab qator yutuqlarga erishdi. Jumladan, fan olimpiadalari, turli respublika ko‘rik-tanlovlarida o‘quvchilari yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etib kelmoqda.
2019-2020-o‘quv yilida maktabni tugatgan 158 nafar bitiruvchidan 62 nafari turli milliy va xalqaro universitetlarga qabul qilindi. Xususan, Shahodat Moyliyeva rahbarlik qilgan 11-“A” sinfning 35 nafar o‘quvchisidan 27 nafari talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi. 2020-yili bitiruvchilarning o‘qishga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha ushbu maktab tuman miqyosida 1-o‘rinni egalladi.
— Maktabimizda har oyda o‘quvchilar bilan o‘zlashtirish darajasini aniqlash uchun test sinovlari o‘tkaziladi, — deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Shahriddin Ismoilov. — Natijalar bilan tanishib past ko‘rsatkichli o‘quvchilar bilan alohida suhbat olib boriladi. Muammo va tushunmovchiliklar boisini aniqlaganimizdan so‘ng samaradorlikni oshirish usullaridan foydalanamiz. Xususan, ota-onalar maslahati asosida farzandlarini o‘zlari qiziqqan yoki qiyinchilikka uchrayotgan yo‘nalishi bo‘yicha fan to‘garaklariga jalb qilamiz. Bu kabi to‘garaklar muntazam bepul shaklda faoliyat yuritadi. Abituriyent o‘quvchilarimizga ham shu to‘garaklar vositasida fanlar chuqur o‘rgatiladi, OO‘Ylarning kirish imtihonlariga tayyorlab boriladi. O‘tgan o‘quv yillariga qaraganda o‘qishga kirish ko‘rsatkichimizning yaxshilanishiga maktabda variativ sinflarga ko‘proq e’tibor qaratilayotgani, ish faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani ham sabab bo‘ldi.
Risolat MAXSUMOVA, jurnalist
Shahodat MOYLIYEVA, Nishon tumanidagi 35-IDUM rus tili fani o‘qituvchisi