Endilikda maktablardagi qurilish va ta’mirlash ishlari ustidan “sifat nazorati” olib boriladi
2020-yil 31-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida «Zamonaviy maktab” talablari asosida loyihalarni ishlab chiqish, kelishish hamda qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 832-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan 2021-yildan boshlab Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi «Injiniring kompaniyasi» DUK tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalash va qurilish-montaj ishlarini “Zamonaviy maktab” talablari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlariga mos va sifatli bajarilganligi ustidan “sifat nazorati” olib borishi belgilanmoqda.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomda respublikadagi umumta’lim obyektlarida sifatli hamda zamonaviy qurilish ashyolaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yishda ularni obyektlar uchun ishlab chiqiladigan texnik topshiriqlarda aniq belgilash mexanizmi markazlashgan holda joriy etish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunda, ushbu jarayon Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi «Injiniring kompaniyasi» DUK tomonidan amalga oshirilib, maktab o‘quvchilar uchun qulay bo‘lgan energiya tejamkor qurilish materiallaridan foydalanish xam maqsad qilingan.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida 2021-yilgacha umumta’lim muassasalarining kamida 3 %, 2025-yilgacha – 20 %, 2030-yilgacha – 50 % tasdiqlangan baholash mezonlariga muvofiq “Zamonaviy maktablar”ga aylantirish vazifasi qo‘yilgan.
Ta’lim sohasidagi tizimli muammolardan biri bu byudjet mablag‘lari hisobiga qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan maktablarda ishlarning sifatsiz bajarilishidir.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan davr mobaynida joylarda xalq ta’limi obyektlarida olib borilgan qurilish-montaj ishlarida sifat ko‘rsatkichlari muhim omil bo‘lmagan, asosiy e’tibor obyektlarni foydalanishga topshirish masalasiga qaratilgan. Natijada bugungi kunda birorta hududdagi obyekt infratuzilmasidagi muammolar to‘laqonli hal qilinmagan.
Shuningdek, qurilish-ta’mirlash jarayonlarida maktab fasadlariga, pol qismlariga, bo‘yoqlash ishlariga sarflangan qurilish materiallarining sifatsizligi sababli maktab jamoasi tomonidan ta’mirlash ishlari qayta-qayta amalga oshirib kelingan.
Bundan tashqari, isitish tizimlari va issiqlik qozonlarini o‘rnatishda maktab binolarining sig‘imlari, ishlatiladigan yoqilg‘i mahsulotlari, elektr energiyasining ushbu hududdagi holati aksariyat hollarda inobatga olinmasligi oqibatida joylardagi muassasalarda issiqlik me’yor darajasida ta’minlanmayapti.
Shu paytga qadar mahalliy davlat hokimliklari qoshidagi “Yagona buyurtmachi xizmati” kompaniyasi tomonidan qurilgan, ta’mirlangan maktablarda vazirlik yoki uning pastki bo‘g‘ini tomonidan bevosita nazorat qilish, taklif kiritish, qurilish-montaj ishlari sifatiga munosabat bildirish vakolati bo‘lmagan. Natijada, aksariyat dasturlarga tushgan maktablarda ishlar to‘laqonli yoki sifatli amalga oshirilmagan. Shuningdek, maktab o‘quvchilarining xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarga alohida e’tibor berilmagan. Bunga misol qilib tegishli dasturlar doirasida qurilish olib boriladigan barcha umumta’lim maktablarining atrofi o‘ralmagan yoki ichki va tashqi videokuzatuv moslamalari to‘liq o‘rnatilmaganligini keltirish mumkin.
Endilikda mazkur Nizom asosida yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklar bartaraf etilib, pudrat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari doimiy ravishda tegishli grafik asosida kuzatib boriladi, har oylik ishlar yakuni bo‘yicha xulosalar taqdim etilib, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida “Zamonaviy maktab” talablariga mos ravishda amalga oshirishning sifat nazorati o‘rnatiladi. Bu mexanizm yangi bo‘lib, u quyidagi tamoyillar asosida amalga oshiriladi:
— sifat nazoratining xolisligi va oshkoraligi;
— yuridik va jismoniy shaxslarning huquqi hamda qonuniy manfaatlariga daxl qilmaslik;
— xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmaslik.
Pudrat tashkiloti tomonidan umumta’lim obyektlarida «Injiniring kompaniyasi» DUK tomonidan, maktablarda sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari aniqlangan taqdirda iqtisodiy sudlar orqali undirilgan mablag‘larning 90 foizi o‘sha maktablarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga sarflash amaliyoti joriy qilinmoqda.
Bunday nazoratning joriy etilishi umumta’lim maktablari qurilishiga markazlashgan byudjet mablag‘lari tomonidan ajratiladigan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, qurilish ishlarining sifatiga bo‘lgan talablarni bir xillashtirishga va eng asosiysi mamlakatimizda zamonaviy talablarga javob beradigan yagona andozadagi umumta’lim maktablarining majmuasi yaratilishiga xizmat qiladi.