Davlat imtiyoz bersa, o‘qituvchi mavqeyi ham oshaveradi
Gazetamizda o‘qituvchining obro‘si, moddiy va ma’naviy imtiyozlarini oshirish, haq-huquqlarini himoya qilish masalasi ko‘p ko‘tariladi. Zero, nashrimizning asosiy maqsadi ham muallimlarga tayanch bo‘lishdir. Oxirgi yillarda o‘qituvchining maoshi oshgani-yu, bir qancha imtiyozlarga ega bo‘layotgani haqida ko‘p gapirila boshlandi. Hatto, uning maoshi 1000 dollar bo‘lishi atrofidagi mish-mishlar axborotlarni chala-chulpa o‘qiydigan ayrim odamlar nazdida haqiqatga ham aylanib bo‘ldi. O‘qituvchining moddiy-ma’naviy turmushi yaxshilanishi, obro‘si oshishi, maktablarda bilimli, malakali mutaxassislar ko‘payishi, yoshlar orasida o‘qituvchilik kasbini egallashni istovchilar ortishi uchun yana nimalar qilinishi kerak? “Ma’rifat” mushtariylari” telegram guruhida kechgan bahs-munozarani gazetamizga muhrlashni lozim topdik.
Shoira BOZOROVA, Romitan tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi:
– O‘qituvchi maoshini maoshga qadar tejab kun kechiradi. Shuning uchun pul yig‘ib birdaniga katta mulk va buyumlarni ololmaydi. Shuning uchun ularga maishiy texnika, avtomashina va turar joylar foizsiz kredit bilan berilsa yaxshi bo‘lardi. Bu haqda 2018-yili “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Prezident qarorida ko‘rsatma berilgan edi. Ijro qog‘ozda qolib ketmasa minnatdor bo‘lardik. Aslida o‘qituvchi mashaqqatli mehnatdan so‘ng yaxshi dam olib, kuch to‘plab yangi o‘quv yilini boshlashi kerak. Qo‘shni Qozog‘istonda yashaydigan tanishlarimning aytishicha, o‘qituvchilarga sihatgohlarda dam olishi va yangi o‘quv yiliga tayyor bo‘lib kelishi uchun alohida pul berilarkan.
Norchuchuk NORMURODOVA, Shahrisabz shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi:
– O‘qituvchining turmush darajasini yanada yaxshilash u oladigan maoshning miqdoriga bog‘liq. Hozir muallimning maoshi ro‘zg‘or tebratishdan ortmaydi. Ustamamizni berishsa ham rozi bo‘lardik. Davlat budjeti ko‘tarsa kommunal to‘lovlarda yana chegirmalar berilsa juda yaxshi bo‘lardi.
Saidaxon MAMAJONOVA, Chust tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi:
– Kommunal to‘lovdan imtiyoz berilmasin, mayli, kommunal xizmatni yaxshilab qo‘yishsa bas! Elektr, suv, gaz ta’minoti uzluksiz bo‘lsa... Qishda toza havoga zormiz, ertalabdan ko‘chalarda kuyindi hidi(sovqotmaslik uchun tezak, rezina yoqiladi) odamning ta’bini xira qiladi, shu ahvolda kiyimlarimizgacha yoqimsiz hidga belanib ishga boramiz.
Feruzaxon PARPIYEVA, Farg‘ona tumanidagi 59-maktab o‘qituvchisi:
– Qo‘shimcha tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan ba’zi ustozlarni hisobga olmaganda, o‘qituvchi oylik maoshning o‘ziga moddiy jihatdan to‘kis yashayapti, deyish noto‘g‘ri. Shuning uchun kasbimizga havas qilganlar yil sayin kamaymoqda. Balandparvoz gaplar yuqori minbarlarda ko‘p aytilsa-da, natijasi deyarli yo‘q. Avtomobil sotib olish uchun imtiyozli kreditlar e’lon qilinganda ham xabar maktablarga yetib kelmay turib, imtiyozlar o‘z egasini topib bo‘lgan edi. O‘qituvchi uchun madaniy maskanlar(teatr, kinoteatr, konsertlar) uchun maxsus ruxsatnoma orqali bepul yoki hech bo‘lmasa, chegirmali narxda sotib olish imkoni berilsa, jamiyatda sal bo‘lsa-da obro‘si osharmidi, deb o‘ylayman. O‘qituvchi maoshini to‘plab ololmaydigan avtomashina hamda uy-joy uchun foizsiz kreditlar joriy qilinishini juda-juda ko‘p pedagoglar istashini va bunga ehtiyojmand ekanliklarini bilaman. Ularning davlat hisobidan sog‘liqlarini tiklash uchun kasalxona, sanatoriylarda davolanishlari kabi imtiyozlardan ham umidimiz bor. Lekin bu orzularimdan o‘zim ham kulyapman aslida. Har ne bo‘lsa ham yaxshiliklardan umidvormiz.
Sanobar BERDIYEVA, Mirzo Ulugbek tumanidagi 286-maktab o‘qituvchisi:
– o‘qituvchilar uchun arzonlashtirilgan maxsus kiyim-kechak va oziq-ovqat do‘konlari bo‘lishini xohlardim;
– bir necha yillar avval o‘qituvchilar uchun elektr energiyasi to‘lovida chegirma bor edi, shu qayta joriy qilinsa yaxshi bo‘lardi.
Ziyoda MAMAJONOVA, Kosonsoy tumanidagi 28-maktab o‘qituvchisi:
– Yoshligimizda shifokor va o‘qituvchilarga, ularning farzandlariga havas qilardik. Chunki ular jamiyatda har tomonlama nufuzli kasb egalari edi. Bugunning o‘qituvchisiga, birinchi navbatda, ta’lim muassasasida ishlashi uchun eng qulay sharoit kerak: moddiy-texnik baza, issiq xonalar, qulay metodik xizmat va hokazo.
Turmush darajasini yaxshilash uchun esa soliqlar, kommunal to‘lovlar, kreditlar uchun imtiyozlar kerak, menimcha. Ota-onalari uzoq yillar ta’lim sohasida yuqori natija ko‘rsatib kelayotgan farzandlarga OTMga kirishda ozgina bo‘lsa ham imtiyoz kerak. Shunda har qanday o‘qituvchi farzandi kelajagi uchun ham zo‘r ishlashga majbur bo‘ladi. Orzularimiz osmon, ammo imtiyozlarsiz ham kasbini sevib ishlayotganlar juda ko‘p. Chunki o‘qituvchilik — vijdon ishi.
Erkinjon YARASHEV, Zarafshon shahridagi 13-IDUM o‘qituvchisi:
– Azizlarim! Kasbidan baxt qidirib yurganlarim. Ro‘zg‘orda birini yetqazsa, birini yetqazolmayotganlarim. Ko‘rpani boshiga tortsa oyog‘i, oyog‘iga tortsa, boshi ochiq qolayotganlarim. O‘quvchisiga ta’lim berib, vaqti kelib o‘quvchisi imtiyoz beriladigan kasblarda ishlab, o‘zi belboqqa yolchimaydiganlarim. Bir umr “oddiy muallim” bo‘lib yurganlarim. Mashina minishga o‘rgatib, o‘zi esa piyoda yoki velosipedda yoxud jamoat transportida qatnaydiganlarim. Ishga ham, to‘yga ham bir xil kostyumda boradiganlarim. Balandparvoz so‘zlarga laqqa tushadiganlarim, men allaqachon ahd qilganman, farzandimni hech qachon o‘qituvchi qilmayman. Imtiyozli, moliyaviy tomondan qiynalmaydigan kasb egasi qilaman. Erkak o‘qituvchilarga ikki karra qiyin. Ayniqsa, bolalarni, ularga ta’lim berishni “yomon” yaxshi ko‘rganidan maktabni tashlab ketolmaydigan mendek erkak muallimlarga juda qiyin.
Muzaffar ISMOILOV, Andijon tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
1. Dars stavkasi yuqori sinfda 14, boshlang‘ich sinfda 12 soat bo‘lishi kerak.
2. Sinfdagi o‘quvchilar soni 25 nafardan oshmasin.
3. Darslar faqat bir smenada o‘tilsin.
4. Attestatsiyada test 20 foizdan ortmasin.
5. Har 5 yilda bazaviy miqdorda haq qo‘shib borilsin.
6. To‘garak mashg‘ulotlari uchun haq to‘lansin.
7. Sinf rahbarligi uchun yetarli (500 000 so‘m) pul berilsin.
Testga asoslangan attestatsiya ijodkorlikni bo‘g‘adi. Insho, bayon, diktantning ahamiyati pasayib ketdi. O‘qituvchilar faqat test yodlashga kirishib ketdi. Bu ma’naviy qarashlarga salbiy ta’sir etmoqda. Qalb qayerda qoladi? Navoiyning g‘azalini qoyillatib aytish, uning mohiyatiga yetib, tafakkur qilishning keragi yo‘q, testni yechish hisob. O‘qituvchi ijodkor deydilar. Bu yerda ijodkorlik qani?
Dilfuza SUVONOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi:
– Ota-onam oddiy ishchi bo‘lishgan. Ammo uyimizga pochtachi har kuni olti-yettita gazeta, oyda to‘rt turdagi jurnallarni tashlab ketardi. Oila davrasida o‘qib, suhbatlashardik. Shuning uchunmikan gazeta, jurnal o‘qishni yaxshi ko‘raman. Hozirgi vaqtda gazeta, jurnallarning tannarxi ko‘tarildi. Ta’limga oid gazeta, jurnallarning hammasiga obuna bo‘lgim keladi. Bundan tashqari, boshqa nashrlar ham bor. Ammo... cho‘ntak ko‘tarmaydi. Agar imtiyoz berilishi kerak bo‘lsa, avvalo o‘qituvchi uchun eng zarur nashrlarga berilsa. To‘g‘ri, maktab kutubxonasiga gazetalar keladi. Ammo ularning hammasi bizga kerakli gazetamasda.
Dilobar BERDIYEVA, A.Qodiriy nomidagi ijod maktabi o‘qituvchisi:
– Shu yil poytaxtda ish boshladim. Birinchi muammo yashash joyi bo‘ldi. Poytaxtdagi o‘qituvchilarning katta qismi viloyatlardanligini hisobga olsak, uy muammosi qanchalik dolzarb ekanligi ayon bo‘ladi. Ayni paytda eng arzon ijara narxi 150$. Endi o‘ylab ko‘ring, o‘qituvchining maoshiga eng kam miqdordagi ijara narxi qanchalik qimmatlik qiladi.
Ma’muraxon ESHCHANOVA, Xiva shahridagi 17-IDUM o‘qituvchisi:
– O‘qituvchilar uchun sihatgohlar, kommunal to‘lovlar, transport xizmatlari bepul qilib qo‘yilsa, farzandlarining OTMga kirishiga imtiyozlar berilsa, keyin shu gaplar xomxayol bo‘lmasa…qaniydi!
Gulshod DADAXO‘JAYEVA, Parkent tumanidagi 29-maktab o‘qituvchisi:
– O‘qituvchining holatidan barcha rahbarlar xabardor. Bizni talaygina va’dalar bilan bir necha yilga jim qilib qo‘yish yo‘lini ham bilishadi. Indamay kutamiz. Hech qachon 1000$ maosh ololmasligimizni bilamiz, ammo xursand bo‘lamiz, balki... deya. Kreditlar-u, shartnoma pullarini to‘lashdan ortmaydi o‘qituvchining oyligi. Mayli, o‘qituvchiga yilda bir mukofot berishmasin, avtomobil minmasin, uylar olmasin, o‘sha sitilarni qurib, chet eldan reklama uchun falon pul evaziga aktyorlarni olib kelib chiranayotganlar shu marhamatlarini maktab ta’miriga, moddiy-texnika bazasini ta’minlashga qaratsalar, o‘qituvchilar o‘z uyini ta’mirlaganidan ham ko‘proq quvonardi.
Mohidil XUSHVAQTOVA, Izboskan tumanidagi 15-maktab o‘qituvchisi:
– O‘qituvchi nafaqaga shunday ko‘p maosh bilan chiqsinki, pensiyaga chiqqandan keyin ishlashiga hojat qolmasin!
Gulchehra ASHUROVA, Termiz shahridagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
– O‘qituvchining ijtimoiy mavqeyi yurist, sudya... kabi maqomga ega bo‘lsa;
– mamlakatda eng ko‘p oylik oluvchi kasb egasi bo‘lsa;
– avtobus bepul, poyezd, samolyot chiptalariga 50 foiz chegirma bo‘lsa;
– teatr, kino, muzeylarga kirish bepul bo‘lsa(“birinchi qator faqat o‘qituvchilar uchun!” degan eslatma yozib qo‘yilsa);
– tibbiy xizmat bepul bo‘lsa;
– har bir sinfxona rangli printer, kompyuter bilan jihozlansa, wi-fi bo‘lsa;
– tajriba almashish uchun har 3 yilda dunyoning eng mashhur maktablariga malaka oshirishga borsa;
– uyining darvozasiga: “Bu xonadonda hech qachon gaz, elektr, suv o‘chmaydi. Sababi, bu xonadonda o‘qituvchi istiqomat qiladi!” degan yozuv zarhal harflar bilan yozib qo‘yilsa!
Bunday imkoniyatlari bor yurtda o‘qituvchi bo‘lish barchaning orzusiga aylanadi.
Zilola MADATOVA tayyorladi.