Sirdaryo viloyatidagi 19 ta maktab attestatsiyadan o‘ta olmagan
Joriy yilning 13-14-yanvar kunlari Ta’lim inspektsiyasi va Xalq ta’limi vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruh ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini joyiga chiqqan holda o‘rganish va pedagoglarga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
O‘rganish yakunlari bo‘ycha 14 yanvar kuni Guliston davlat universitetida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatdagi umumta’lim maktablarining attestatsiyadan o‘tkazilish holati hamda bu borada mavjud muammolar ham tanqidiy muhokama qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Ta’lim inspektsiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbaev bu bora yangiliklar, viloyatda mavjud muammolar va istiqboldagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.
– Xabaringiz bor, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliyatini baholash vositalari va mexanizmlari soddalashtirilib, attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiyalash jarayonlari elektronlashtirildi.
Shuningdek, jahon tajribasidan kelib chiqqan holda ichki va tashqi attestatsiya o‘tkazilishi belgilanib, ta’lim muassasalarining bevosita o‘zini o‘zi baholashda ishtirok etishi ko‘zda tutadigan tartib joriy etildi.
Ortiq qog‘ozbozlik va ko‘p vaqt sarflanadigan tekshiruvdan voz kechdik.
Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan ta’lim muassasalarini akkreditatsiyalash jarayonini masofadan turib tashkil etish imkonini beruvchi “ONAKS” – elektron platformasi hamda onlayn akkreditatsiya reestri (http://reestr.tdi.uz) ishga tushirildi.
Shunga qaramay yangi tartibga moslasha olmayotgan, mavjud ta’limi sifatini oshirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsata olmayotgan maktab rahbarlari boriligini ko‘ryapmiz. Xususan, 2020 yilda Sirdaryo viloyatidagi 63 ta maktab attestatsiyaga jalb qilingan bo‘lsa, shundan 43 tasi akkreditatsiyalandi. 19 ta maktab faoliyati esa qoniqarsiz, deb topilgan.
Shuningdek, o‘tgan yil davomida viloyatdagi 42 ta maktabda ichki va tashqi attestatsiya jarayonlarini tashkil etish holati o‘rganilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, hududiy hokimliklar va xalq ta’limi boshqaruv organlariga 20 ta taqdimnoma kiritilgan. Natijada mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 18 nafar rahbarga intizomiy choralar ko‘rilgan. Xususan, ularning 2 nafari lavozimidan ozod etilgan bo‘lsa, 7 nafariga hayfsan e’lon qilingan, 9 nafari esa majburiy malaka oshirishga yuborilgan.
Viloyatda tashrif mobaynida inspektsiya mutaxassislari ta’lim sifati past, sharoiti og‘ir bo‘lgan maktablar tashrif buyurib, ularni muammolarni o‘rganishdi. Pedagoglar bilan uchrashib ularni qiynayotgan muammolar haqida suhbatlashib, mavjud ahvolni birgalikda ishlab yaxshilash bo‘yicha yo‘l xaritalari belgilab olish olishdi, – Ta’lim inspektsiyasi boshlig‘i.
Qayd etish lozim, 2021-yil davomida viloyatdagi 60 ta maktabda tashqi baholash jarayonlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.