Maktab issiqxonasi — daromad manbayi
Buvayda tumanida bundan uch-to‘rt yil avval bir yaxshi tashabbus – umumta’lim maktablari hududidagi bo‘sh turgan yer maydonlarida issiqxona barpo etish harakati boshlanganidan ko‘pchilik xursand bo‘lgan edi. Bugungi kunda bu issiqxonalardan mehnatga yarasha daromad olinayotganligi yanada quvonarli.
Birinchilardan bo‘lib bu xayrli ishni boshlagan 17-maktab O‘rta Qo‘ng‘irot MFY hududida joylashgan. Ayni kunda maktabda 733 nafar o‘quvchi bilim olmoqda. Ularga 65 nafar pedagog-xodim ta’lim-tarbiya bermoqda. Maktabda 17 nafar texnik xodim sinfxonalarning issiqligi, xavfsizligi, tozaligiga javobgar.
— 2017-yilda 131 ming so‘mga 13 ta limon ko‘chatini sotib olganmiz, — deydi maktab direktori Shoira Sultonova. — Ko‘chatlarni bir yil xona sharoitida, maktab yo‘lagida parvarish qildik. So‘ngra 0,5 sotix yerga issiqxona qurib, ko‘chatlarni o‘sha yerga ekdik. Bizga ko‘chat sotishayotganda 3 yilda mevaga kiradi, agar agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilsa, bitta limon daraxti 50 kg.gacha meva berishi mumkin, deyishgan edi. Rost ekan. Rosa uch yilda ko‘chatlarimiz mevaga kirdi. O‘tgan yilning dekabr oyida mevalarni terib oldik. Birinchi bor mevaga kirgan 13 tup ko‘chatdan 30 kg.dan ortiq hosil oldik.
Ilk hosilni o‘qituvchilarga, shu yerda mehnat qilib, pensiyaga chiqqan ustozlarimizga, mahalladagi yoshi ulug‘larga tarqatib, ularning duosini oldik.
Issiqxonada limon daraxtlari ostiga pomidor, qalampir va bulg‘or qalampiri ekildi. Ushbu ko‘chatlar parvarishi bilan maktab qorovuli Nasriddin Yusupov shug‘ullanmoqda.
— Har yili kamida ikki marta mineral o‘g‘it soldik. Gullarini tashlab yubormasligi uchun kaliy bilan oziqlantiramiz. Bir haftada bir marta tagini chopamiz. Bundan tashqari, barglariga mochavinali suv sepamiz. Turli hashoratlarga qarshi dorilarni ham vaqtida berib turamiz, — deydi Nasriddin Yusupov. — Bu ishlarda hamkasbim Erkinjon Ergashev yaqindan yordam beradi. Erkinjon limon parvarishining haqiqiy ustasi. O‘z uyida ham issiqxona qurgan. Hozirgi kunda 40 tup limonni parvarishlamoqda. 2020-yilda 3,5 tonna limon hosilini yig‘ishtirib oldi. Hozirgi kunlarda 1 kg.ni 16-17 ming so‘mdan sotmoqda. Kelgusida maktabimizdagi limonlardan ham katta daromad olishni rejalashtirganmiz.
— Bir kuni kechga yaqin tuman hokimi maktabga kirib kelibdi, — deydi Shoira Sultonova. — Maktabda qorovullardan boshqa hech kim bo‘lmagan. Issiqxonamizga kirib limon daraxtidagi mevalarni ko‘rib xursand bo‘libdi. Bir yig‘ilishda hokim bizning issiqxonani boshqa maktablarga namuna sifatida aytdi. Shunda men tuman hokimidan maktabimizga yana bitta issiqxona qurishga ko‘maklashishlarini so‘radim. O‘tgan yil oxirida homiylar yordamida 7 million so‘m evaziga yana bitta 0,5 sotixli issiqxonamiz bitdi. Hozir tuvaklarda 14 tup limon ko‘chatini parvarishlayapmiz. Aprel oyida ularni issiqxonaga ko‘chiramiz.
Maktabda yana bir yaxshi tashabbus boshlangan. Bugungi kunda manzarali gullarni yetishtirish maqsadida biologiya o‘qituvchilari Odina Xolmatova, Dilfuza Ergasheva, geografiya fani o‘qituvchisi Dilfuza Yo‘lchiboyeva yetakchiligida 1500 dan ziyod selofan paketchalari gul urug‘larini ekishga tayyorlab qo‘yildi. O‘tgan yili maktabni obodonlashtirish maqsadida 1 100 000 so‘mga gul ko‘chatlari sotib olingan edi. Ana shu xarajatni kamaytirish uchun ham bu yil o‘qituvchilarning o‘zi gullarni mana shu issiqxonada yetishtirmoqchi. Ehtiyojdan ortig‘ini qo‘shni maktablarga, bog‘chalarga sotishni yo‘lga qo‘yamiz. Urug‘lar 16-yanvarda ekiladi. Ular ham mana shu issiqxonada mart oyigacha parvarishlanib, so‘ngra tashqaridagi gulzorga ko‘chiriladi, — deydi maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Gulchehra Yo‘ldosheva.
Buvayda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Shukrullo Abdulxayirovning aytishicha, ayni kunda tumandagi 55 ta maktabning 35 tasida issiqxona qurilgan. 3-maktab issiqxonasida gul parvarishlanmoqda, 5-maktabda esa sarimsoqpiyoz ekilgan, 19, 33-maktablar issiqxonalaridagi limonlar ham mevaga kirgan. Kelgusida qolgan maktablarda ham issiqxonalar qurilib, u yerda budjetdan tashqari mablag‘ topish yo‘lga qo‘yiladi.
Sharifa MADRAHIMOVA,
“Ma’rifat” muxbiri