Yoshlar yetakchilari ish stavkasidan norozi
Barchaga ma’lumki, Prezidentning PF-6108-sonli farmoniga ko‘ra, 2021-yil 1-yanvardan boshlab maktablarda “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi” lavozimi joriy etilishi munosabati bilan Xalq ta’limi, oliy va o‘rta ta’lim vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan imzolangan qo‘shma qarorga muvofiq yoshlar yetakchisi shtat birligi 0.75 stavkaga qisqartirildi. Afsuski, bu jarayon Mehnat kodeksi normalariga amal qilinmagan holda amalga oshirildi.
Shu sababli, yanvar oyidan boshlab yetakchilarning oylik maoshida keskin pasayish holati kutilyapti. Bu vaziyatni kuzatish jarayonida menda bir nechta savollar tug‘ildi.
Birinchi savolim, nima uchun yoshlar yetakchilarining shtat birligini 0.75 stavkaga tushib qolmasligining imkoni bo‘la turib, ularning ish stavkalari ommaviy ravishda qisqartirilmoqda?
Negaki, ayrim maktablarga yangi lavozimga taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar emas balki, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va o‘qituvchilari ishga olinsa, yetakchilarning shtat birligi 0.75 stavkaga tushib qolmasligi mumkin. Chunki, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va o‘qituvchilarining mehnatiga mazkur muassasalarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadi. Garchi, shunday bo‘lsa ham Respublika bo‘yicha barcha yetakchilarning shtati 0.25 stavkaga qisqartirib yuborilmoqda. Bu yerda OTMlarning professor va o‘qituvchilari kontingenti deyarli hisobga olinmayapti. Xullas, qaysi maktabga oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va o‘qituvchilari yangi lavozimga ishga olinsa, o‘sha maktabdagi yetakchining shtati qisqarmasligi kerak edi.
Ikkinchi savolim, nega yetakchilarga ish haqi to‘lashda ularning malaka toifasi hisobga olinmaydi?
Maslan, maktab direktori va uning boshqa o‘rinbosarlariga o‘quvchi kontingetiga ko‘ra oylik ish haqi to‘lanadi. Yetakchilarda bu imtiyoz yo‘q. Meni fikrimcha, yetakchilarga ish haqi to‘lashda hech bo‘lmasa ularning malaka toifasi hisobga olinishi shart. Chunki, Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qarorida hamda 2020-yil 25-dekabr kuni Xalq ta’limi vazirligining bir necha vazirliklar bilan o‘zaro kelishilgan holda imzolangan, «Pedagog xodimlarning lavozim maoshlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida yoshlar yetakchisining bazaviy tarif stavkasini hisoblashda ularning malaka toifasiga qarab ish haqi hisoblanishi qayd etilgan.
Uchinchi savolim, “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi” lavozimi uchun kadrlar zaxirasi yetarlimi?
Nega bu lavozimga tavsiya etiladigan nomzodlar ro‘yxati haligacha ma’lum qilinmasdan turib, yetakchilarning ish stavkalari qisqartirib yuborildi? O‘zi bu lavozimda ishlash uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlarni yetkazib beroladimi? Buning uchun kadrlar zaxira yetarlimi? Hozirgi kunga qadar necha nafar taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist yoki ijodkorlar ushbu lavozimda ishlash istagini bildirgan? Mana bu masalalar hali ochiq turibdi. Lekin, yetakchilarning ish stavkasi qisqartirib bo‘lindi.
To‘rtinchi savolim, nega yoshlar maslasi hal qilinayotganda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va Yoshlar ishlari agentligi bilan kelishilmasdan turib qo‘shma qaror imzolandi?
Nima uchun bu masala hal etilayotgan bir paytda yangi tuzilgan “Yoshlar parlamenti” o‘z pozitsiyasini bildirmayapti. Axir ular yoshlarga oid xar bir masala ko‘rib chiqilayotganda o‘z takliflarini berishi kerak emasmi?
Xullas, barcha yoshlar yetakchilari nomidan mazkur masalaga oydinlik kiritish uchun birinchi navbatda Adliya vazirligi huquqiy baho berishini, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi hamda “Yoshlar parlamenti”dan esa ijobiy javob kutib qolamiz.
P.S: Beshinchi savolim qolib ketibdi. O‘zi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi kerakmi? Professor o‘qituvchilar, yoki taniqli shoir, ayniqsa jurnalistlar maktablarga borib ishlashga vaqt ajratolarmikan? Undan ko‘ra bu vazifani yetakchilarga yuklab, ularni qo‘shimcha rag‘batlantirsa bo‘lmaydimi?
Ulug‘bek PO‘LATOV