Darsliklardagi chalkash ma’lumotlar to‘g‘irlanmas ekan, test imtihonlarida adolat bo‘lmaydi
“Ma’rifat” gazetasining 2020-yil 18-noyabr sonida “Tarix darsliklaridagi chalkashliklar” sarlavhasi ostida chop etilgan maqolada umumta’lim maktablarining tarix fani darsliklaridagi ma’lumotlarning turli manbalarda bir xil berilmasligi va buning oqibatida yuzaga kelayotgan muammolar haqida gap ketadi. Albatta, bu chalkashliklar OTMga imtihon topshirayotgan abituriyentlarni ham, ustozlarni ham o‘ylantirib qo‘ymoqda. Men ham ko‘pdan buyon kuzatib kelayotgan xato va chalkashliklarni qo‘shimcha qilmoqchiman. Zero, darsliklardagi xatoliklarga befarq qaramaslik, ilm-fan ertasi uchun qayg‘urish bilan barobardir.
Har yili biz o‘qituvchilar darsliklardagi kamchiliklar, xatolar haqidagi ma’lumotlarni metodistlar takliflari bilan yozma shaklda Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etamiz. Shularni o‘rganib ham kitoblardagi xato va kamchiliklar tuzatilmasligini qanday tushunish mumkin, hurmatli mas’ullar?!
1. 6-sinf “Qadimgi dunyo tarixi” darsligining 134-betida “milodiy I asrda ishlab chiqilgan mahalliy taqvimdan xorazmliklar VIII asrga qadar foydalanishgan”, deyilgan bo‘lsa, xuddi shu betda, mavzuning “Eslab qoling” qismida quyidagi ma’lumot ham keltirib o‘tilgan: “mil.avv. I asrda Xorazmda mahalliy taqvim ishlab chiqilgan”.
2. 6-sinf “Qadimgi dunyo tarixi” darsligining 69-betida quyidagi matn keltirilgan: “Shu tariqa davlat nomi ham uning bosh shahri nomi kabi “Shan” deb atalgan. Mil.avv. 3-mingyillikning Shanga qo‘shni chjou qabilasi bostirib kiradi, uning hukmdori Shan yerlarini o‘zinikiga qo‘shib oladi va “Chjou” degan katta davlatni bunyod etadi. Davlat ulkanligi bois, hukmdorlar uni “Osmon ostidagi podsholik”, o‘zlarini esa “Osmon o‘g‘illari” deb atashgan. Butun Shimoliy Xitoy ana shu davlat tarkibiga kirgan”.
Belgilab o‘tilgan gapda aniq sana ko‘rsatilmagan!
3. 6-sinf “Qadimgi dunyo tarixi” darsligining 98-betida quyidagi matn keltirilgan: “Fors shohi dastlab Kichik Osiyodagi yunon shaharlarini bosib olib”. Gap tugallanmay qolgan.
4. 7-sinf “Jahon tarixi” darsligining 60-betida quyidagi ma’lumot berilgan: “Xususan, xalifa Horun-ar Rashid saroyida IX asr boshlarida “Bayt ul-hikma” — “Donishmandlik uyi” tashkil etiladi”, kitobning muhim tarixiy sanalar qismida bu ma’lumot quyidagicha keltirilgan: “IX asr boshlari — xalifa Ma’mun saroyida “Bayt-ul hikma” (Donishmandlik uyi) tashkil qilinadi”.
5. 8-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligining 116-betida: “Ajiniyozdan yuzdan ortiq she’r va dostonlar meros qoldi”, deyilgan bo‘lsa, ushbu shaxs haqida 9-sinf O‘zbekiston tarixi darsligida quyidagicha ma’lumot keltirib o‘tilgan: “Ajiniyozning adabiy merosidan bizga yuzga yaqin she’rlar va dostonlar yetib kelgan”. (85-bet).
6. 7-sinf O‘zbekiston tarixi darsligining 138-betida: “1457-yilda Abulqosim Bobur vafot etgach, vaziyat yana mushkullashdi”, deyilgan bo‘lsa, 8-sinf O‘zbekiston tarixi darsligining 8-betida: “1458-yilda Xuroson hukmdori Abulqosim Bobur vafot etgach”, deb keltirib o‘tilmoqda.
7. 7-sinf. “O‘zbekiston tarixi” darsligining 78-betida quyidagi ma’lumot berilgan: “Jaloliddin Manguberdining shaxsiy kotibi(kotib al-insho), tarixchi Shihobiddin ibn Ahmad an-Nasaviy qalamiga mansub “Siyrat assulton Jalol ad-Din Mengburni” (“Sulton Jaloliddin Manguberdining tarjimayi holi”) nomli asar alohida o‘rin tutadi”. Xuddi shu shaxs haqida kitobning keyingi 79-betida: “Jaloliddin Manguberdi haqida Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy o‘zining asarida shunday yozadi...”. Bu yerda ayni bir shaxsning ismi ikki xil berilgan.
8. 7-sinf “Jahon tarixi” darsligining 52-betida Arab xalifaligi hukmronligi davri “630–1258-yillar”, 7-sinf O‘zbekiston tarixi darsligining 28-betida esa “632–1258-yillar” deyilgan.
9. 7-sinf “Jahon tarixi” darsligining 60-betida “Yevropa tibbiyoti esa XVII asrning o‘rtalariga qadar bilim va amaliy tavsiyalarni O‘rta Osiyoda yetishib chiqqan allomalar Abu Ali ibn Sino va Abu Bakr ar-Roziy asarlaridan olgan”, deyilgan bo‘lsa, ushbu ma’lumot 7-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligining 96-betida, “Ibn Sinoning “Al-qonun fit tib” asaridan: “XVII asrgacha Yevropa tabobatida asosiy qo‘llanma sifatida foydalanilgan” deyilgan.
10. 11-sinf “Jahon tarixi” darsligining 44- va 29-betlarida davlatlarning NATOga a’zo bo‘lishi haqida ikki xil ma’lumot berilgan. Darslikning 29-betida: “Uchala davlat ham (Boltiqbo‘yi respublikalari) 2004-yilda NATOga, shu yili Ylga a’zo bo‘ldi”. Xuddi shu ma’lumot darslikning 44-betida: “2002-yili Kopengagenda (Daniya) bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yevroittifoqqa yangi a’zolar — Vengriya, Kipr, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya, Sloveniya, Chexiya, Estoniya qabul qilindi. Albatta, yangi a’zolar uchun o‘tish davri ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu davr mobaynida ular o‘z qonunchiligini, moliyaviy va iqtisodiy tizimini yagona Yevropa talablariga moslashtirishi lozim edi”, deb berilgan. Bu kabi muammoli vaziyatlar juda ko‘p o‘quvchi va abituriyentlarimizni chalg‘itmoqda!
Tarix kitoblarimizdagi ma’lumotlarning haddan ziyod ilmiy qilib yozilganligiga alohida urg‘u berib o‘tmoqchiman. Sababi, mavzuni o‘quvchi o‘qiganda, nimani o‘qiyotganini bilmasdan o‘qiydi, natijada tushunmagan o‘quvchi ma’lumotlarni yod olishga o‘rganib qolmoqda yoki mavzulardagi sanalarning juda ham ko‘pligini gapimning isboti sifatida keltirib o‘taman: 11-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligining 5-mavzusi: “O‘zbek modelining ishlab chiqilishi. Iqtisodiy islohotlarning boshlanishi”. Ushbu mavzuda yuzdan ortiq yillar, son bilan bog‘liq ma’lumotlar berilgan, o‘quvchi buni qanday eslab qoladi?
Xuddi shunday ushbu darslikning 6-, 7-mavzulari ham ma’lumotlarning nihoyatda zich joylashtirilganligi sababli o‘quvchi-yoshlar ushbu mavzularni o‘zlashtirishda birmuncha qiyinchiliklarga uchramoqdalar.
10-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligida mavzular judayam qiyin qilib berilgan, lekin o‘quvchi mavzuni o‘qib, uqqanini gapirishi kerak. Uqib oladigan narsa bo‘lmagandan keyin, o‘quvchilar yod olishga majbur bo‘lmoqda hozirgi kunda!
Bu kabi chalkashliklar ayrim sinchkov, a’lochi o‘quvchilar tomonidan o‘qituvchiga savol tarzida berilib, o‘qituvchilarni ham noqulay ahvolga solib qo‘ymoqda.
Darslik mualliflariga taklifim shuki, har 5 yilda chop etiladigan darsliklarni tayyorlash chog‘ida xalq ta’limi xodimlari, o‘qituvchilar bilan birga hamnafas ishlasalar, bunday xato va kamchiliklarning oldi olingan bo‘lardi!
San’at OBIDOV, Nurota tumanidagi 36-maktabning tarix fani o‘qituvchisi