O‘qituvchilardan hokimlar chiqsa ajabmas
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Bulung‘ur tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 69 ta umumta’lim maktablari faoliyati bilan tanishdi.
Tumanda bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi bo‘yicha maktablarning 1 tasi yashil, 13 tasi qizil, qolgan maktablar sariq toifaga kiradi. Vazir men faoliyat yuritayotgan 11-umumta’lim maktabiga ham tashrif buyurdi. Maktabimiz tuman markazidan olisda, tog‘li hududda joylashgan bo‘lsa-da, bitiruvchilari oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda tumanda yetakchi o‘rinda turadi. Bu ko‘rsatkichda ilm maskanimizning faxriy ustozlarining hissasi katta. Jumladan, oliy toifali matematika fani o‘qituvchisi, mehnat faxriysi Abdurasul Xaqberdiyev bugun oramizda bo‘lmasa-da, maktabdagi kuchli ta’limiy muhitning tamal toshini qo‘yib ketgan ustozlarimizdan edi. U kishi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalari uchun “Matematika” darsligini yaratgan. Yana o‘nlab nafaqa yoshidagi fidoyi ustozlarimiz ham borki, ularni har qancha e’tirof etsak arziydi.
Bugungi kunda ta’lim muassasamizda 858 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. O‘qituvchilar o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kelajakda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shimcha to‘garak mashg‘ulotlarini muntazam o‘tkazib borishadi. Shu bois viloyatimizning boshqa tumanlaridan ham o‘quvchilar kelib tahsil olishmoqda. Joriy o‘quv yilida 86 nafar bitiruvchimizdan 29 nafari OTM talabasi bo‘ldi. Qayerdaki xodimlar ishiga sidqidildan yondashsa, fidoyilik, vatanparvarlik namunalarini ko‘rsatsa o‘sha joyda baraka, natija bo‘ladi. Xalq ta’limi vaziri maktab jamoasi va mahalla faollari bilan suhbatlashar ekan, ta’lim maskanimiz yutuqlarini e’tirof etib, oldimizda turgan muhim vazifalar haqida ham to‘xtalib, ta’lim sifatini oshirish borasida maktab pedagoglarining fikri bilan ham qiziqdi. “Qanday qilib ta’lim sifatini oshirishimiz mumkin?”, degan savolga ko‘plab pedagoglar o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Sh.Shermatovning taklifi bilan maktabimiz direktor o‘rinbosarlari, tashabbuskor yosh, bilimli o‘qituvchilar qizil toifaga kiruvchi maktablarga direktorlikka tavsiya qilinadigan bo‘ldi.
Hali pedagoglardan tuman, shahar hokimlari tayinlansa ham ne ajab.
G‘ayratjon QORABEKOV, Bulung‘ur tumanidagi 11-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari