Amaliy mashg‘ulotlarga qo‘shimcha dars soati ajratilsa…
Geografiya fanini o‘qitishni rivojlantirish bo‘yicha takliflarim bor.
1. 5-sinf “Tabiiy geografiya boshlang‘ich kursi” mavzulari soatlarini qayta ko‘rib chiqish kerak.
Chunki o‘rganilishi shart bo‘lgan geografik tushunchalarning ko‘pi qisqa o‘tiladi. Ayrimlari umumiy va to‘ldirilmagan. Mavzular o‘tib bo‘lingach, amaliy mashg‘ulotlarga yana ko‘proq soatlar ajratilsa, maqsadga muvofiq, o‘z navbatida, o‘quvchilarning ko‘nikma va malakalarini rivojlantirishga yana bir imkoniyat bo‘lardi. Dastlabki geografik tushunchalar shu sinfda beriladi. Demak, bu kurs fanning poydevoridir. Geografiya fani misoli gigant inshoot-bino bo‘lsa, uning kelajakdagi holati ham shu asosning qanchalik mustahkamligiga bog‘liq.
2. 8-sinf “O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy geografiyasi” kursida:
2-dars “O‘zbekistonning geografik o‘rni” mavzusida tabiiy, iqtisodiy va siyosiy geografik o‘rin haqida batafsil ma’lumot berib o‘tiladi. Bu kursda matematik geografik o‘rin va lokal (mahalliy) geografik o‘rin haqida ham ma’lumot berib o‘tilsa, o‘rinli bo‘lardi. Yer yuzasidagi har bir nuqtaning kenglik va uzunligi uning geografik koordinatasi deyiladi. Istalgan iqtisodiy-ijtimoiy geografik obyekt yoki biror aholi manzilgohi bo‘lsin, ularning geografik koordinatasini aniqlash shu joyning matematik-geografik o‘rni deyiladi.
Xo‘sh, lokal (mahalliy) geografik o‘rin nima? Bu isbot talab qilmaydigan geografik o‘rin, ya’ni bunda iqtisodiy-ijtimoiy geografik obyektlar yoki biror kishining turarjoyi manzili kabilar nazarda tutiladi. Masalan, biror matbuot markazi: Toshkent shahri, Xorazm ko‘chasi, 49-uy (ba’zida biror obyekt ro‘parasida deb ham aniqlik kiritiladi). Bu lokal (mahalliy) geografik o‘rindir.
Dunyoda, jumladan, O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy jarayonlarida jadallik bilan tub o‘zgarish, barqaror rivojlanish ketayotgan ekan, bu geografiya fanining takomillashib borishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Umuman, fanning tub ildizi boshlang‘ich sinflarda atrofimizdagi olam, tabiatshunoslik fanlaridan boshlanadi. Ammo bu davrdagi fan yo‘nalishlariga e’tibor kam. Bu fan o‘qitilishiga texnologiya fani o‘qituvchisi yoki yetakchi mutaxassisligiga ega xodimlar biriktiriladi. Holbuki, geografiya fani keng tarmoqli, milliy iqtisodiyotning barcha-barcha sohalarini o‘z ichiga olgan. Umuman, milliy iqtisodiyot barcha tarmoqlarining – joylashish, rivojlanish va taraqqiyot qonuniyatlarini o‘rganuvchi va o‘rgatuvchi muhim, zamonaviy fan hisoblanadi.
Bu fanni o‘qitishda maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarur. Aslida oliy ta’limning rivojlanishi ham umumiy o‘rta ta’limning qay darajada olib borilishiga bog‘liq.
Geografiya fani ko‘pgina mavzularida turli amaliy ishlar jamlanmasi borligini bilamiz. Lekin bunday amaliy ishlarni bajarishga, masalalar yechimiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga vaqt yetmaydi. Chunki daqiqalar hisobli va cheklangan. Agar amaliy ish mashg‘ulotlariga har bir mavzu o‘tib bo‘lingandan keyin yana bir soatdan dars soati ajratib berilsa, bu fanni o‘rganish va puxta o‘zlashtirishda o‘quvchilar uchun qulaylik bo‘lardi.
Shonazar ABDIRIMOV, Yangibozor tumanidagi 11-maktabning geografiya fani o‘qituvchisi