Yangi O‘zbekistonda geografiya ta’limi: Sun’iy fanga ehtiyoj yo‘q!
Geografiya juda qadimgi va ayni paytda navqiron fan bo‘lib, hisobni shu fan asoschisi Eratosfendan boshlaydigan bo‘lsak, vujudga kelganiga 24 asr bo‘lgan. Shu davr mobaynida geografiya fani takomillashib, rivojlanib, unda yangi tarmoqlar shakllandi. Azaldan – o‘rta asrlarda ham, temuriylar davrida ham, jadidlar davrida ham, undan keyin ham bu fan madrasalar, maktablarda o‘qitib kelindi. Demak, bu fanga insoniyat ehtiyoji qadimdan mavjud bo‘lgan va hozir ham bu zaruriyat aslo kamaygani yo‘q.
Yaqinda Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi “Milliy o‘quv dasturi” (7–11-sinflar kesimida) loyihasida va “2020-2021-o‘quv yili uchun tayanch o‘quv rejasi”da geografiya faniga “Iqtisodiy bilim asoslari” va “Tadbirkorlik asoslari” o‘quv kurslarini qo‘shib, sun’iy fan nomini “Geografiya va iqtisodiyot” deb atadi. Aslida geografiya va iqtisodiyot fanlari butunlay boshqa-boshqa o‘quv bloklariga tegishli.
Geografiya – tabiiy fan. U azaldan, maktablarda o‘quvchilarga tabiiy fanlar blok-modulidagi biologiya, fizika, kimyo fanlari qatorida, ularning nazariya, qonuniyatlari va yutuqlaridan foydalangan holda Yer yuzining tabiati, aholisi va tabiiy sharoitiga bog‘liq holda tabiatdan foydalanish va xo‘jalik faoliyatida nimalarga e’tibor berish kerakligini o‘rgatadi.
Uning bugungi kundagi ahamiyatini so‘nggi 4 yil ichida Respublikamizda geografiya fanining turli tarmoqlariga oid qabul qilingan 80 dan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Respublika hukumatining farmon va qarorlari hamda boshqa qonunosti hujjatlari (jumladan, geodeziya, kartografiya va kadastr sohasiga oid 20 ga yaqin, gidrometeorologiya sohasiga oid 5 ta, geografik obyektlarning nomlariga oid 3 ta, tabiatni va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid 20 ga yaqin, geologiyaga oid 20 dan ortiq, tuproq unumdorligini oshirish va yer-suv resurslaridan oqilona foydalanishga oid 10 dan ortiq) misolida ham ko‘rish mumkin. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2020-yil 17-noyabrda tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari mamlakatimiz aholisi va o‘quvchi-yoshlar uchun geografik bilimlarning naqadar zarur ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Ma’lumki, umumiy o‘rta ta’lim tizimida gidrometeorologiya, gidrologiya, geologiya, geodeziya, kartografiya, tuproqshunoslik, agrometeorologiya, atrof muhitni muhofaza qilishga oid boshlang‘ich umumiy bilimlar tabiatshunoslik va geografiya darslarida o‘qitiladi. Demak, ta’lim tizimining eng asosiy 11 yillik davrida geografiya fani yuqorida sanab o‘tilgan ko‘plab sohalarning rivojlanishi uchun dastlabki fundamental va amaliy bilimlarni o‘zlashtirgan kadrlarning yangi avlodini tayyorlab beradi.
“Iqtisodiy bilim asoslari” o‘quv kursi maktablarda 1997-yildan boshlab “Davlat va huquq asoslari”, “Ma’naviyat asoslari”, “Konstitutsiya olamiga sayohat” kabilar bilan birgalikda o‘qitila boshladi.
“Tadbirkorlik asoslari” o‘quv kursi esa 2017-yilda, aniqrog‘i, 12 yillik (9+3) ta’limdan 11 yillik ta’limga o‘tish jarayonida umumta’lim maktablari o‘quv rejasiga kiritildi.
Ta’kidlash lozimki, “Iqtisodiy bilim asoslari” va “Tadbirkorlik asoslari” – ijtimoiy-iqtisodiy fanlar blok-moduliga tegishli bo‘lib, “Tarix” fani, “Davlat va huquq asoslari”, “Ma’naviyat asoslari” o‘quv kurslariga yaqindir.
“Iqtisodiy bilim asoslari” o‘quv kursi ilk bor o‘quv rejalariga kiritilgan vaqtdan 2017-2018-o‘quv yiliga qadar ijtimoiy-gumanitar fanlar tarikibida bo‘lgan. Shu davrgacha bo‘lgan tayanch o‘quv rejalariga ilova qilingan tushuntirish xatlarida “Iqtisodiy bilim asoslari” o‘quv kursiga tegishli bilimlar 1–4-sinflarda ona tili, matematika, o‘qish va texnologiya, yuqori sinflar(5–7-sinflar)da esa tarix, matematika, vatan tuyg‘usi (tarbiya), geografiya, texnologiya fanlari mazmuniga singdirilgan holatda o‘qitilishi belgilangan.
Endi esa uni tarix, huquq va tarbiya fanlariga emas, balki aynan geografiya fani bilan qo‘shib o‘qitish taklif etilayotganligi ilmiy va pedagogika nuqtayi nazaridan noto‘g‘ri yondashuvdir. Axir pedagogikadagi tarbiya turlari orasida iqtisodiy tarbiya bor-ku! Iqtisodiy bilim asoslarini maktabda o‘qitishdan asosiy maqsad – o‘quvchilarga tejamkorlikni o‘rgatish, o‘zlarining iste’molchi sifatidagi huquqlarini, kelgusida iqtisodiy masalalarda o‘z huquqi, davlat oldidagi burchi va majburiyatlarini o‘rgatish, iqtisodiy tarbiya berish emasmi? Shunday ekan, nima uchun u geografiyaga qo‘shib o‘qitilishi kerak?
E’tiborli jihati, hozirgi kunda dunyodagi rivojlangan yoki ta’limda yuqori natijalarga erishayotgan, xalqaro baholash tadqiqotlarida ijobiy natijalar ko‘rsatayotgan mamlakatlarning birontasida geografiya va iqtisodiy bilim asoslarini birgalikda “geografiya va iqtisodiyot” deb o‘qitish tajribasi mavjud emas!
“Iqtisodiy bilim asoslari” hamda “Tadbirkorlik asoslari” kurslariga oid darsliklarni varaqlash orqali bu fikrga yanada ishonch hosil qilish mumkin. Misol keltiraylik: “Iste’molchilarning huquqlari va majburiyatlari”, “Talab va taklif”, “Bank tizimi”, “Tadbirkorlik faoliyati”, “Soliq va soliqqa tortish” va boshqa mavzularning qaysi biridan geografiyani topish mumkin? Lekin ularda huquq va tarbiya elementlari anchagina. Sababi, soliq to‘lash – majburiyat, tadbirkor bo‘lish – huquq. Bu singari ko‘plab mavzularning asosi mamlakatimiz bosh qomusi – Konstitutsiyamizda batafsil yoritilgan.
“Geografiya va iqtisodiyot” o‘quv dasturida ham aynan yuqoridagi singari “Ehtiyoj va resurslar”, “Ishsizlik, uning turlari va oqibatlari”, “Ayirboshlash va pul”, “Mulk va uning shakllari”, “Bozor”, “Narx”, “Talab va unga ta’sir etuvchi omillar”, “Taklif va unga ta’sir etuvchi omillar”, “Tovarning bozor narxi”, “Raqobat va monopoliya”, “Bozor iqtisodiyoti”, “Bank tizimi”, “Iste’molchilarning daromadlari”, “Jamg‘arish va sug‘urta”, “Iste’molchilarning xarajatlari”, “Inflyatsiya va uning oqibatlari”, “Tadbirkorlik, uning turlari va shakllari”, “Korxona turlari”, “Korxona mablag‘lari va xarajatlari”, “Mahsulot tannarxi”, “Korxona daromadi va foydasi”, “Menejment va marketing”, “Soliqlar va ularning turlari”, “Daromad solig‘i”, “Aksiz va qo‘shilgan qiymat solig‘i”, “Mol-mulk va yer solig‘i”, “Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar”, “Jahon iqtisodiy inqirozlari” kabi geografiyaga umuman aloqador bo‘lmagan, sof iqtisodiy mazmunga ega bo‘lgan, hech qanday geografik qonuniyatlar uchramaydigan mavzu va boblar mavjud bo‘lib, buni mantiqan noto‘g‘ri deb hisoblaymiz.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan tabiiy va aniq fanlarni rivojlantirishga, ularning o‘quv dastur hamda o‘quv rejalarini xalqaro andozalarga moslashtirishga hamda o‘qitishni chuqurlashtirishga ustuvor ahamiyat berilayotgan bir paytda, “Iqtisodiy bilim asoslari” kursini tabiiy fanlar blok-moduliga o‘tkazish va uni tabiiy fanlar bilan birlashtirish, nazarimizda, to‘g‘ri emas!
Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Xalq ta’limi vazirligi va uning huzuridagi Respublika ta’lim markazi tomonidan 1–6-sinf uchun taklif etilayotgan o‘quv kursi – Science, ya’ni “Tabiiy fan” o‘quv dasturida geografiya, biologiya, fizika, kimyo fanlari integratsion tarzda o‘qitilishi belgilangan va bu to‘g‘ri yondashuv hisoblanadi. Chunki xalqaro tajribada bu holat juda ko‘p uchraydi. Rivojlangan mamlakatlarning aksariyatida esa, jumladan, Germaniya, Rossiya, Finlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur kabi mamlakatlarda bu o‘quv kursi yaxshi natijalar bermoqda. Ushbu tizimda o‘qitilayotgan o‘quvchilar hatto xalqaro baholash dasturlarida ham yuqori natijalarni ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida PIRLS, TIMSS, PISA va TALIS xalqaro tadqiqotlarining O‘zbekistonda joriy etilishi belgilab qo‘yilgan. Demak, geografiya fani va uning ta’limini yanada takomillashtirish mamlakatimizning yuqorida sanab o‘tilgan xalqaro baholash tadqiqotlarida yaxshi natijalarga erishishi uchun ko‘maklashadi.
Biroq tayanch o‘quv rejadagi “Fizika va astronomiya”, “Kimyo”, “Biologiya” va “Geografiya” fanlari hamda ularning integratsion tarzda o‘qitilishi rejalashtirilgan “Tabiiy fan” o‘quv kursi blok-modulining nomi bor-yo‘g‘i 0,5 soatdan 2 yil davomida o‘qitilishi mo‘ljallangan “Iqtisodiy bilim asoslari” o‘quv kursi hisobiga “Tabiiy va iqtisodiy fanlar” blok-moduli deb nomlanishini ham noo‘rin deb hisoblaymiz.
Fikrimizcha:
– “Iqtisodiy bilim asoslari” o‘quv kursini “Davlat va huquq asoslari” o‘quv kursiga singdirib, “Huquq va iqtisodiy bilim asoslari” shaklida nomlash;
– “Ijtimoiy fanlar” blok-modulini “Iqtisodiy bilim asoslari” o‘quv kursi singdirilishi hisobiga “Ijtimoiy va iqtisodiy fanlar” blok-moduli deb nomlash;
– “Tabiiy va iqtisodiy fanlar” blok-modulini xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda “Tabiiy fanlar” blok-moduli deb nomlash to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu taklifni “Fizika va astronomiya”, “Kimyo” va “Biologiya” fanlari vakillari ham qo‘llab-quvvatlaydi, degan umiddamiz.
Fazliddin HIKMATOV, O‘zbekiston Geografiya jamiyati raisi, geografiya fanlari doktori, professor
Izimbet TURDIMAMBETOV, Qoraqalpoq DU prorektori, geografiya fanlari doktori, dotsent
Subhon ABBOSOV, SamDU professori, geografiya fanlari doktori
Shavkat SHARIPOV, O‘zMU geografiya va tabiiy resurslar fakulteti dekani, geografiya fanlari nomzodi, dotsent