Ro‘moli boshidan tushmaydigan farg‘onalik muallima
Ijtimoiy tarmoqlardagi farg‘onalik o‘qituvchining olimpiadaga olib chiqqan barcha o‘quvchilari g‘olib bo‘lganligi haqidagi xabar ancha yoqimli bo‘ldi. bugungi kunning haqiqiy qahramoniga yurtdoshlarimiz samimiy dil so‘zlarini bildirdi.
Biz jonkuyar inson – O‘zbekiston tumanidagi 65-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Odinaxon Yo‘ldosheva bilan uchrashib, faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
Matematika va filologiya fanlariga ixtisoslashgan mazkur ta’lim maskanida bugungi kunda 389 nafar yoshlar tahsil olmoqda. Ularning bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu yerda ishlayotgan 34 nafar o‘qituvchilarning 22 nafarini oliy toifadagilar tashkil etayotgani ham ularning o‘z kasbiga bo‘lgan mehridan, izlanishidan dalolatdir.
Odinaxon opa mahoratli, o‘z kasbiga mehr qo‘ygan muallimalardan. Darhaqiqat, ustozning o‘quvchilari har yilgi fan olimpiadalarining viloyat va respublika bosqichlarida faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Joriy yilda 9-10-11-sinflardan olib chiqqan 9 nafar o‘quvchisining barchasi viloyat fan olimpiadasida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Bu faxrli yoshlar – Nurmuhammad Shuhratjonov, Shohboz Erkaboyev, Salohiddin Talabjonov, Dilshod Shuhratjonov, Ahror Isroilov, Ulug‘bek Nosirov, Izzatillo Ubaydullayev, Samandar Sadriddinov, Abbosxon Abdujalilovdir.
Axborot texnologiyalarisiz bugun hayotni tasavvur etish qiyin. U barcha sohalarga shiddat bilan kirib kelmoqda. Shu bois ham Odinaxon opa o‘quvchilarni bu fanga qiziqishlarini oshirish va axborot texnologiyalarini qunt bilan o‘rganishi uchun interfaol usullardan keng foydalanadi. Har bir darsga tayyorgarlik ko‘rib, o‘ziga xos tarzda o‘tadi. O‘quvchilar bu fanni intiqib kutadigan bo‘lib qolgani ham shunda. Opa 2011 yilda informatika fanidan “Eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida 2-o‘rinni egallagan. Fizika fanida mazkur tanlovda faxrli o‘rinni qo‘lga kiritgan. O‘quvchilari 14 yildan buyon umumjamoa hisobida fan olimpiadasining tuman, viloyat bosqichida 1,2,3 o‘rinlarini egallab kelayotgani ham aslida katta yutuq. “Bilimlar bellashuvi”da o‘quvchilari viloyat va respublika bosqichida bir necha bor g‘olib bo‘lgan.
Farg‘ona davlat universitetini fizika-informatika fakultetini tamomlagan O. Yo‘ldosheva 27 yildan beri shu kasbda fidoiylik bilan mehnat qilib kelmoqda. U xalq ta’limi a’lochisi.
– Yoshlarimizning tirishqoqligi va bilimiga qoyil qolaman, – deydi Odinaxon opa. – Eski rusumli kompyuter bo‘lsada, uni mukammal o‘rgangan. bugungi kunda sobiq o‘quvchilarimizni Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa rivojlangan davlatlarda axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borishayotgani bizga faxr bag‘ishlaydi. Xususiy sektorda dasturchi bo‘lib ishlayotganlari ham anchagina. Har yili maktabimizni bitirgan o‘quvchilarning 90 foizdan ortig‘i talabalik baxtiga muyassar bo‘lishadi. Diplomatiya institutida o‘qigan bir talabamizga ustozlari “Informatika fanidan o‘qitgan ustozingga rahmat aytib qo‘y” deyishibdi. Buni eshitish o‘qituvchini g‘ururlantirarkan. O‘quvchilarimning yutug‘i haqidagi xabar bo‘yicha yurtdoshlarimizning ijtimoiy tarmoqlarda bildirgan munosabatlari, dil so‘zlari ko‘nglimni ancha ko‘tardi. “Xalq o‘qituvchisi” unvonini olgandek bo‘ldim.
– Davlat mukofotlari bilan taqdirlanmaganmisiz? – deya opani savolga tutdik.
– Aytishadi, har yili hujjat tayyorlayman. Ammo qolib ketaveradi. Aslida xalqning olqishi menga katta kuch beradi. Shuning o‘zi katta mukofot menga. Shogirdlarning yutug‘i – bu biz o‘qituvchilarning baxtimiz.
Ayni kunlarda viloyat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar respublika bosqichiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ular xalqaro miqyosda ham yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitishni niyat qilishgan. Odinaxon opadek insonlar esa yutuqlardan havolanmasdan hokisorlik bilan shogirdlarini iqboli uchun qayg‘urmoqda. Aslida shuning o‘zi fidoyilikdir.
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA