Kuydi-pishdi gaplar
Eshak bir kunda o‘lmaydi. Ikki kunga egasi bermaydi.
Chala-chulpa bo‘lsa ham ishning bitgani muhim.
Besh kunlik umrimizni shoshib-pishib yashayapmiz.
Bezovta shaharning tungi shovqinlari quloqni qomatga keltirsa-da, bamaylixotir uyquni uraman. Ko‘zlarimni uqalab soatga qarasam 7:57. Mening yana bir kuydi-pishdi kunim boshalanadi. Shoshib kiyinaman, oynaga qarayman, sochimni tarayman. Halloslagancha bekatga yetib borishim bilan bir qishloq odamni orqalagan belangi avtobus hay-haylashimga qaramay o‘tib ketadi. Keyingisi sermalanib qo‘zg‘aladi...
Xuddi ustoz yarim soat emas, 29 daqiqa kechiksam, kechirib yuboradiganday, universitet eshigidan shoshilib kiraman. O‘tkazgichning temir qo‘llari yo‘limni to‘sadi. Menga qo‘shib butun urug‘-aymog‘imni taniydigan qorovul guvohnoma so‘raydi. Jamiyatimizda kasbini sidqidildan bajaradigan yagona odam shu bo‘lsa kerak.
Mavzuning qiziq joyini bo‘lib qo‘ymay deb darsxonaga quloq solaman. Xayriyat, hali “kulminatsiya” oldinda ekan. Ustoz endigina bolaligi, qo‘shnisining qopag‘on itidan qanday qochib qutulgani haqida gapiryapti. Qaysidir poliklinikada bosh vrach bo‘lib ishlaydigan opasiga hali navbat yetmabdi.
Eshikdan kirishim bilan qayta-qayta tinglangan “ma’ruza”dan bezor bo‘lib, daqiqa sanayotgan kursdoshlarimga najot farishtasi bo‘lib ko‘rinaman. Darsga kechikkanim, sochimning o‘sgani, o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lgan daftar… hammasini qo‘shib hisoblaganda darsning qolgan qismini tanbeh bilan o‘tkazishga yetadi. Oz-moz ortib qolsa, o‘rnini nasihat-u, xuddi hozir ijobat bo‘ladigandek chin yurakdan aytilgan duolar bilan to‘ldiramiz. “Dars” tugashi bilan piri komil ustoz kafedraga shoshib jo‘naydi. Axir muvaffaqiyatli himoya qilingan PhDdan so‘ng, DScni ham tezroq olish kerak. “Mashhur shoir — Maddohiyning she’rlari orqali g‘o‘zaning yangi navlarini yaratish”, “Qora xo‘tiklar dumidagi oq tukdan unumli foydalanish”, “Tahoratning Orol fojeasiga ta’siri” kabi turli sohalarni qamrab olgan olamshumul maqolalarini ozroq kengaytirsa bas, ilmiy daraja oladi. Eng muhimi, oylik ko‘payadi. Faqat tezlashtirish kerak. Bo‘lmasa, biror chaqqonrog‘i tesha tegmagan bunday mavzularni o‘g‘irlashi mumkin.
Darslar yakunlangach men ham shoshib ishga jo‘nayman. Ildam odimlashimga xalal berayotgan bir o‘lcham kichik botinkaga qo‘shilib svetoforlar g‘ashimga tegadi. Yashil chiroq yonishi bilan piyodalar yo‘lagiga o‘zimni uraman. Yarmiga yetar-yetmasdan bir “kattakon”ning qora mashinasi qizil chiroq yonib turganiga qaramay, shuvillab o‘tib ketadi. Majaqlanishdan asrab qolgan santimetrlarga rahmat aytib yo‘limda davom etaman. Qizil chiroqni kesib o‘tgan “kattakon”ni qoralashga shoshilmang. Har ishning bir sababi bor. Ehtimol, u yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan jarimani oshirish haqida qaror tayyorlashga shoshayotgandir.
Vaqtdan unumli foydalanish maqsadida yo‘l-yo‘lakay atrofdagi o‘zgarishlardan hayratlanishga harakat qilaman. Kecha poydevori qurilayotgan ko‘p qavatli imorat bugun bitibdi. Qoyil! Shoshayotganimga qaramay, bu natijaga qanday erishganini ustalardan so‘ragim keldi. Hazil yo chin “Kattalar bitgani hisob, deydi. Mana shoshib-pishib tugatdik, lekin qulab tushsa biz javob bermaymiz”, dedi ustalar. Jizzaxdagiga o‘xshab hash-pash deguncha ustinga dumalab tushsa-ya! Bu xatarli yo‘ldan yurmaslikka ahd qilib, xiyobon tomonga burildim.
Har tomonda baland-baland daraxtlar. Bor budidan ayrilgan bo‘lsa-da, viqor bilan chayqalib turibdi. Ularning ostiga hali chirib ulgurmagan xazonlar to‘shalgan. Birdan biologiya o‘qituvchimizning gaplari esimga tushdi: “barglar chirib, tuproqqa qorishadi, ulardan oziqlanib yangi nihollar o‘sib chiqadi”.
Qani, biz ham shu yaproqlarga o‘xshab barchamiz chirib bitsag-u (bundan ortiq yana qanday bo‘lishi mumkin!), bizdan kuch olib, navqiron bir avlod o‘sib chiqsa. Afsuski, biz odammiz…
Ishxonaga keldim. Mana, siz bilan gurunglashyapmiz. Hurmatli mushtariylar, suzhbatimiz sal jiddiylashaturg‘on ko‘rinadi. Och qornim tinch qulog‘im. Yaxshisi, bu galgi “shapaloq”ni uch nuqta bilan tugataqolay. Davomini o‘zingizga havola qilaman. Asriy dardlaringizni to‘kib soling. Yengil tortasiz.
Ustiga-ustak shoshib turibman. Yana gaplashamiz…
Ilmi TOLIB