O‘quvchi she’r yodlashdan orlanadimi?!
O‘quvchilarga odatda adabiyot fanidan tez-tez she’r yodlash vazifasi beriladi. Bu ijodkorning yaratgan asarlariga yaqinroq bo‘lish va o‘quvchining nutqini shakllantirishga xizmat qiladi. Qolaversa, yod olgan she’rini sinfdoshlari qarshisida aytib berishi natijasida omma oldida fikrini bayon etish qobiliyati rivojlanadi. Bundan tashqari, she’r yodlash xotirani kuchaytiradi.
Ammo so‘nggi vaqtlar yoshlarda she’r yodlashga e’tibor sustlashgandek. Bu haqida o‘qituvchilar ham ko‘p bora shikoyat qilishadi. Go‘yo she’r yodlash “yosh bolalarning ishi”dek qaraladi. Yoki she’r matni ularga murakkablik qilayotgani, qancha harakat qilsa ham, eslab qololmayotganini aytishadi.
She’rni eslab qolish va ifodali aytib berish oson emas. Yodda saqlab qolish qobiliyati hammada har xil. Bu muammoning yechimi bor. Keling, ularni siz biln o‘rtoqlashamiz. Bir qarashda aytmoqchi bo‘lgan fikrlarimiz murakkabroq, ko‘p energiya sarflashni talab etadigandek tuyulishi mumkin. Lekin bularga amal qilib borsangiz, vaqt o‘tishi bilan mahoratingiz oshib boraveradi.
Ko‘p sinalgan usullardan biri — uyga berilgan vazifalarni bajarishni she’r yodlash topshirig‘idan boshlang. Avval she’rni ichingizda o‘qib, yaxshilab tanishib chiqing. Iloji bo‘lsa, ikki yoki uch marta. Voqea-hodisalar tasvirlangan, ya’ni doston, ballada yoki voqeaband she’rlarni yodlayotgan bo‘lsangiz, ulardagi jarayonning ketma-ketligini yodda saqlang. She’rni so‘ngra ovoz chiqarib, bir necha marta takror o‘qing. Shundan so‘ng, she’rni aytib berishni boshlang. Yodingizda qolmagan bandlarini matnga qarab qayta ayting. She’rni qog‘ozga ko‘chirib yozing va qismlarga bo‘lib chiqing. Misralar xotirangizga o‘rnashib borgani sari, matnga qaramasdan aytishga harakat qiling. Yod olgan she’rni uxlashdan oldin va uyg‘onganingizdan so‘ng ham takrorlang. Shunda u xotirangizga chuqurroq o‘rnashadi.
To‘g‘ri, biz sizga tavsiya etgan usul orqali o‘zlashtirish ko‘proq vaqt talab qilishi mumkin. Agar she’rni yodlash vaqtida tezroq yodda saqlolmayotgan bo‘lsangiz yoki boshqa sabablar tufayli asabiylashsangiz, ijobiy natijaga erisholmaysiz. Shu kabi holatlarda mashqni oz fursatga to‘xtatib, tinchlanib olish o‘rinli bo‘ladi. Kerakli ko‘nikma shakllana boshlagach, o‘z-o‘zidan she’r yodlash osonlashadi.
O‘quvchi-yoshlarga aytmoqchi bo‘lganim shuki, sizga she’r yodlatish o‘qituvchining vaqt o‘tkazish usuli emas. Bu holatni to‘g‘ri baholash, she’r yodlashdan uyalmaslik maqsadga muvofiq. Ko‘p she’r bilish orqali siz nutq ravonligiga va ta’sirchanligiga erishasiz. Har qanday suhbatdoshda ham iliq taassurot qoldira olasiz.
Feruza AHMEDOVA, Sariosiyo tumanidagi 1-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi