“Barcha davrlarning buyuk pedagogi”
Alisher Navoiy nafaqat shoir, tarjimon, tilshunos olim, balki davlat arbobi sifatida ham tarixda katta iz qoldirgan. Navoiy dunyoni tushunib o‘tdi. Shu bois, alg‘ov-dalg‘ov zamonlarda botinan xotirjam yashadi. Zotan, Nozim Hikmat ta’biri bilan aytganda: “Tushunmak — buyuk xotirjamlikdir”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktabrda “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan ko‘plab muallimlar o‘z ta’limiy loyihalarini yaratdilar.
Men ham o‘quvchilarni buyuk bobokalonimiz ijodi, shaxsiyati bilan yanada chuqurroq tanishtirish maqsadida yil davomida olib borilishi rejalashtirilgan “Navoiy–ummon” nomli kichik loyiha yaratdim. U yuqori sinf o‘quvchilariga mo’ljallangan.
Mazkur loyiha orqali o‘quvchilar buyuk ajdodlarimizning ilmiy-adabiy merosi bilan tanishadi, ilmiy asarlarini o‘qib tushunishni, asar yuzasidan fikrlarini ilmiy asoslab bayon qilishni, mumtoz adabiyotimizning durdona asarlaridagi asl g‘oyani anglashni, lug‘at ustida ishlashni o‘rganadi. Eng asosiysi, adabiyotga, kitob o‘qishga muhabbati ortib, ijodiy fikrlash ko‘nikmasi shakllanadi, nutqiy savodxonligi ortadi.
Dastavval maktablarda yanvar oyida “Navoiy–ummon” mavzusi doirasida esse yozish ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, oyning birinchi o‘n kunligida “Navoiy–buyuk huquqshunos” (esse yozish uchun “Vaqfiya” asari tavsiya etiladi), oyning ikkinchi o‘n kunligida “Navoiy — mohir tilshunos” (esse yozish uchun “Muhokamat-ul lug‘atayn” asari tavsiya etiladi), oyning uchinchi o‘n kunligida “Navoiy — barcha davrlarning buyuk pedagogi” (esse yozish uchun “Vaqfiya” asari tavsiya etiladi) mavzularida esselar qabul qilinadi.
Fevral oyi uchun “Qalb qo‘rini yondirmoqni o‘rgandik Navoiydan!” mavzusi doirasida davra suhbati o‘tkaziladi. Davra suhbati uchun oyning birinchi o‘n kunligida “E’tirof” mavzusi tanlanib, suhbatga Xondamirning “Makorimul axloq”, Hasanxo‘ja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob”, Boburning “Boburnoma”, Mo‘minjon Siddiqovning “Navoiy hayratlari”, Abduqodir Hayitmetovning “Navoiy lirikasi” asarlari tavsiya etiladi. Davra suhbatida o‘quvchi mutafakkirga zamondosh bo‘lgan buyuklarning esdaliklari hamda adabiyotshunos olimlarning alloma haqidagi fikrlari asosida fikr almashadi.
Oyning ikkinchi o‘n kunligida “Navoiydan qanotli so‘zlar” mavzusida davra suhbati tashkillashtiriladi va Navoiy xazinasidan hikmatli so‘zlar suhbatga, fikr almashishga asos bo‘ladi. Qanotli so‘zlar uchun “Xamsa”, “Lisonut tayr”, “Mahbub-ul-qulub” asarlari tavsiya etiladi.
Oyning uchinchi o‘n kunligi uchun “Navoiyning she’riy bo‘stoni” mavzusi tanlanadi. Ushbu mavzudagi davra suhbatida hazrat Navoiyning g‘azal, ruboiy va qit’alari ifodali o‘qiladi, tahlil qilinadi, lug‘atlar ustida ishlanadi.
Mart oyi uchun “Xamsani o‘rganamiz” mutolaa oyligi tashkil etiladi. Unda o‘quvchi “Xamsa” dostonini o‘qish bilan birga xamsachilik an’analari va “Xamsa” yozish qoidalari bilan tanishadi. Mutolaa oyligida o‘quvchi oyning birinchi haftasida “Hayrat-ul abror”, “Farhod va Shirin”, oyning ikkinchi haftasida “Layli va Majnun”, “Sab’ayi sayyor”, oyning uchinchi haftasida esa “Saddi Iskandariy” dostonlarining to‘liq matni bilan tanishadi, g‘oyasi ustida bahs yuritadi (tavsiya etiladigan asar “Xamsa” dostoni).
Aprel oyi uchun “Navoiy navosi — qalblar shifosi” mavzusidagi rasmlar ko‘rik-tanlovi rejalashtiriladi. O‘quvchilar Navoiy asarlari asosida rasmlar chizadi. “Lison-ut tayr”, “Xamsa”, “Hiloliya” asarlari tavsiya etiladi.
May oyi uchun ijodiy ishlar ko‘rik-tanlovi tashkil etilib, o‘quvchi “Navoiyga ta’zim” mavzusida devoriy gazeta hamda “Navoiyning adabiy-ilmiy merosi” mavzusida taqdimotlar tayyorlaydi. Ishtirokchidan ijodiy ishlariga o‘zgacha yondashib, noyob dizayn, asl, ilmiy ma’lumot va, eng asosiysi, kreativ fikrash talab etiladi.
Iyun oyida “Navoiy mening tasavvurimda” mavzusi doirasida rasmlar ko‘rik-tanlovi tashkil qilinadi. O‘quvchi taxminan quyidagi mavzular asosida Navoiyning suratini chizadi: “Navoiyning yoshligi”, “Yosh Navoiy — so‘zga shaydo”, “Navoiyning o‘smirligi”, “Navoiyning buyukligi uning buyukligida!”.
Navoiy shaxsini suratda gavdalantirish uchun Xondamirning “Makorim ul-axloq” asari va Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlaridagi mutafakkirga berilgan ta’riflardan foydalanishlari tavsiya etiladi.
Bu loyiha faqat bir yil emas, har yili o‘tkazilib, takomillashtirilib borilsa, maqsadga muvofiq. Zero, Navoiy — buyuk ummon, uning ijodini qanchalik tadqiq etsak, shuncha xazina topamiz.
Nargiza O‘RINOVA, Buvayda tumanidagi 50-maktab o‘qituvchi