Maktab o‘quvchilari muzeyga sayohat qilishdi
Yashnobod tumanidagi 61-maktabining 3-sinf o‘quvchilari poytaxtimizdagi O‘zbekiston geologiya muzeyiga tashrif buyurdi.
Mamlakatda yagona bo‘lgan geologiya muzeyi 1937-yilda tashkil etilgan bo‘lib, muzey fondida 6 mingdan ortiq nodir eksponatlar mavjud, ular tarkibida O‘zbekiston Respublikasi hamda butun dunyoning boshqa burchaklaridagi mavjud noyob mineral va tog‘ jinslari to‘plangan.
Muzey 5 ta ko‘rgazma zalidan iborat bo‘lib, bunda geologiya fanining rivojlanishi, vatanimizning ilk geologlari, foydali qazilma konlarini ochgan dastlabki geologlar haqidagi ma’lumotlar ham mavjud ekan.
Geologiya muzeyining ko‘rgazmalar zallarida dunyo ahamiyatiga molik bo‘lgan Respublikamizning noyob geologik merosi ekspozitsiyalari ham namoyish etiladi. Bu esa bizning geologik nuqtai nazardan jahon miqyosida tanilganimizni, qolaversa milliy g‘ururimizni, fanimiz, milliy urf-odatimiz, iqtisodimiz, siyosatimizni rivojlanishida katta ahamiyatga ega ekanligini aks ettiradi.
Bizlar mazkur Geologiya muzeyini nafaqat fanning dalili sifatida balki bilim olish va malaka oshirish dargohi sifatida ham shakllanganligini, bu yerga oliy o‘quv yurtlaridan tortib, kollej va maktablardan ham o‘quvchi yoshlar kelib bilimlarini mustahkamlab ketishlarini guvohi bo‘ldik.
Hayotga tiyran nigoh bilan boquvchi o‘quvchilarim bu yerda saqlanib kelinayotgan tarixiy obidalarni hamda tabiiy boyliklarni noyob turlarini ko‘rib o‘zida shu yurtga nisbatan g‘urur tuyg‘usini his qilganligini, tabiiy boyliklari bilan faxrlanganini ustoz sifatida his qildim.
O‘quvchilar muzeyga sayohat davomida o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob oldilar.
Nargiza BEYBITOVA, Yashnobod tumanidagi 61-maktab o‘qituvchisi