Maktab va oliy ta’lim hamkorligi
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali umumta’lim fanlari kafedrasi o‘qituvchisi Sabirova E’zoza Shuhrat qizi Qibray tumanidagi 6-sonli IDUMga tashrif buyurib, 11-sinf o‘quvchilari bilan kasbga yo‘naltiruvchi motivatsion fikrlar bilan o‘rtoqlashdi. "Huquq va muloqot" mavzusidagi seminar-trening o‘quvchilar bilan ochiq muloqot tarzida tashkil etildi.
Tadbirda huquq mavzusiga oid umumiy tushunchalar, inson hayotida huquqning o‘rni, muloqotning hayotiy faoliyatimizda tutgan o‘rni, ahamiyati haqida taqdimot qilindi. Prezident qarori bilan tashkil etilgan ushbu Ixtisoslashtirilgan filialda bo‘lg‘usi huquqshunoslarning muloqot madaniyatini rivojlantirish zaruriyati, ularning faoliyatlarida muomala madaniyatining nechog‘lik ahamiyatli ekanini talabalarga singdirish “Yuristning yozma va og‘zaki muloqot ko‘nikmasi” fani orqali amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Ushbu fanning maktab o‘quvchilariga tegishli jihatlaridan ayrim qismlar seminar-trening shaklida namoyish etildi. Huquq va muloqotning chambarchas bog‘liqligi videoko‘rgazmali materiallar, qiziqarli misollar orqali tushuntirib berildi.
Maktab o‘quvchilari mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi, oliy ta’lim uchun imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish borasida savollariga javob oldi. Tadbir so‘ngida seminar-trening olib boruvchi - Sabirova E’zoza Shuhrat qiziga tashakkurnoma taqdim etildi.