O‘quvchilarning maktabda olgan baholari oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida inobatga olinadi
O‘zbekistonda ta’lim tizimi jadallik bilan rivojlanayotganligi, shak-shubhasiz, eng katta yutuqlarimizdan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasiga yuqori darajada e’tibor qaratilayotganligiga davlatimiz tomonidan faqat 2020-yilning o‘zida ta’lim sohasini rivojlantirishga oid 10 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilinganligi misol bo‘la oladi. Mazkur qaror va farmonlarning aksariyati ta’limning faqat alohida bosqichi rivojiga qaratilmay, sohani butunlay qamrab olganligi bilan alohida ahamiyatga ega.
Ana shunday keng qamrovli hujjatlardan Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 6-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon hamda “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror asosida oliy ta’limga qabulning yangi usul va shakllari belgilanganligiga to‘xtalib o‘tamiz.
Ushbu farmon ham, qaror ham oldingi oylarda qabul qilingan shu kabi hujjatlarning mantiqiy davomi bo‘lib, ta’lim tizimining barcha bosqichlarida eng zamonaviy texnologiyalar, yangicha usul va metodologiyalarni joriy etish, natijadorligini keskin oshirish, ta’lim oluvchi uchun zamonaviy, qulay shart-sharoitlar yaratish, o‘quvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, tizimda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, ta’lim beruvchilar nufuzi, ilmiy va ijodkor ziyolilarga bo‘lgan hurmat-e’tiborni yanada oshirish, salohiyatni rag‘batlantirish, kreativ yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim oluvchilarni oliy ta’limga qabul qilishni xorijiy tajribalar asosida soddalashtirishga asos bo‘ladi.
Farmonning muhim tomonlaridan biri unda 2022–2023-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasi(diplom ilovasi)ga majburiy 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichi kiritiladi va ushbu ko‘rsatkich oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinishi belgilab qo‘yildi.
Unga ko‘ra, Davlat test markazi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar keng jamoatchilik bilan muhokama qilgan holda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Ushbu vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida reja ishlab chiqilgan bo‘lib, unda quyidagi vazifalar belgilangan:
bitiruvchilarning shahodatnomasiga 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini kiritish va ushbu ko‘rsatkich oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinishi tartibini ishlab chiqish bo‘yicha Davlat test markazida ishchi guruh tashkil etish;
ishchi guruh tomonidan umumiy o‘rta ta’lim davrida olingan baholarning o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblash va oliy ta’limga kirishda inobatga olish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish;
tayyorlangan takliflarni keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish;
jamoatchilik muhokamasi asosida umumiy o‘rta ta’lim davrida olgan baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblash va oliy ta’limga kirishda inobatga olish bo‘yicha mavjud normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘shimcha va o‘zagrtirishlar kirtish yuzasidan qaror loyihasi tayyorlash;
qaror loyihasini tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
Vazirlar Mahkamasi qarorini tasdiqlash va o‘quvchilar, ota-onalar va keng jamoatchilik o‘rtasida keng tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borish.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga kelsak, topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ado etish uchun mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh shaklantirildi.
Hozirgi kunda ishchi guruh tomonidan umumiy o‘rta ta’lim davrida olgan baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblash va oliy ta’limga kirishda inobatga olish bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganilmoqda.
Xalqaro tajribani o‘rganish asosida umumiy o‘rta ta’lim davrida olgan baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblash va oliy ta’lim muassasalariga kirishda inobatga olish bo‘yicha takliflar tayyorlandi, ushbu takliflar hisobga olinib, Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi va regulation.gov.uz normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Qaror loyihasiga ko‘ra tasarrufida ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar 2022–2023-o‘quv yilidan boshlab o‘z bitiruvchilarining so‘nggi 6 yillik baholarini aks ettiruvchi elektron platformani joriy etishlari lozim, shuningdek, barcha ta’lim muassasalarida joriy etilgan elektron platformalar Xalq ta’limi vazirligining “Elektron kundalik” dasturi hamda Davlat test markazining ABITUR maxsus dasturi bilan integratsiya qilinishi ko‘zda tutilmoqda, yana ushbu platformalarga o‘rtacha baholar har o‘quv yili uchun iyun oyida kiritilishi belgilanmoqda.
Bulardan tashqari, bitiruvchining 6–11-sinflardagi yillik baholarining umumiy yig‘indisining har bir sinfdagi o‘qigan fanlar sonining umumiy yig‘indisiga nisbati, ya’ni o‘rtacha baholarni hisoblab chiqish formulalari ishlab chiqildi. 2023-yilga qadar tamomlagan bitiruvchilar baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini aks ettiruvchi maxsus elektron platforma ham yuritiladi. Qayd etish kerakki, muhokamaga qo‘yilgan ushbu qaror loyihasiga e’tibor yuqori va jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan har bir taklif o‘rganib borilayapti.
Sardor RAJABOV, Davlat test markazi direktori o‘rinbosari