Davlat test markaziga savollarim bor
Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabovning “Ma’rifat” gazetasi rasmiy veb-saytida e’lon qilingan “O‘quvchilarning maktabda olgan baholari oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida inobatga olinadi” nomli maqolasini o‘qib, menda bir qator savollar tug‘ildiki, bu savollarga javoblar nafaqat men, balki ta’lim tizimi mutaxassislari, millionlab bo‘lajak abituriyentlar va ularning yaqinlari, qolaversa, millat kelajagiga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz uchun, aminmanki, qiziq bo‘ladi.
Savollarga o‘tishdan oldin bir mulohaza. Maqoladan ko‘proq quruq rasmiy hisobot emas, balki taklif qilinayotgan o‘zgarishning sabablari, ta’lim tizimiga nima berishi borasidagi tahlillar o‘rin olsa, foydadan xoli bo‘lmasdi. O‘ylaymanki, soha mutaxassislari va keng jamoatchilikni maqola boshidagi balandparvoz gaplar va “reja ishlab chiqildi”, “ishchi guruh shaklantirildi”, “formulalar ishlab chiqildi” singari hisobotbozlikdan ko‘ra, “bu yangilik ta’lim tizimida qanday ijobiy burilish yasaydi?” degan savolning asoslangan javobi ko‘proq qiziqtirishi tabiiy.
Bevosita savollarga o‘tsak.
1. Maqolaga “O‘quvchilarning maktabda olgan baholari oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida inobatga olinadi” deb qat’iy sarlavha qo‘yilganligini qanday tushunmoq lozim? Bu uslubiy xatomi yoki ... ? (Izoh: o‘zbek adabiy tilida hozirgi-kelasi zamon (“boraman”, “olinadi” kabi) doimiy ish-harakatni yoki aniq amalga oshadigan ish-harakatni ifodalaydi.) Adashmasam, taklif qilinayotgan o‘zgarishlar hali loyiha maqomida va umumxalq muhokamasi hali tugaganicha yo‘q. Loyiha e’lon qilingan portalda fikr qoldirgan hamma yurtdoshlarimiz buni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda deyish qiyin. Agar bu o‘zgartirishlar kiritilishi aniq bo‘lsa, “muhokama” atalmish jarayon quruq rasmiyatchilik uchunmi? Tinchgina, “mana shu o‘zgarisharni kiritdik, endi shunday bo‘ladi” deb qo‘ya qolinsa bo‘lmaydimi?
2. “Ishchi guruh shaklantirildi” ekan, bu guruhga kimlar kirdi? Ular soha mutaxassislarining fikrlarini olishdimi? Taklif qilinayotgan o‘zgarishlarning pedagogika ilmi va baholash nazariyasi talablariga muvofiqligini o‘rganishdimi? Bu yangilik ta’limga qanday ijobiy va salbiy ta’sir qilishi, salbiy oqibatlarning oldini qanday olish mumkinligi bo‘yicha aniq tahlillar bormi? Bu tahlillar bilan jamoatchilikni tanishtirishning imkoni bormi? Harqalay, bu davlat siri bo‘lmasa kerak ...
3. Hozirgi kunda “ishchi guruh tomonidan umumiy o‘rta ta’lim davrida olgan baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblash va oliy ta’limga kirishda inobatga olish bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganilmoqda” ekan, xalqaro tajribani o‘rganib bo‘lgandan keyin, taklif qilinayotgan o‘zgarishning “baland-pasti” tahlil qilingandan keyin loyiha ishlab chiqilib muhokamaga qo‘yilsa, durustroq bo‘lmasmidi? Yoki xalqaro tajribani o‘rganib bo‘lgandan keyin fikrlar o‘zgarsa, yana loyihaga o‘zgartirishlar kiritiladimi?
4. “Xalqaro tajribani o‘rganish asosida takliflar tayyorlandi” ekan, shu o‘rganish natijalarini e’lon qilish mumkinmi? Qaysi davlatlarda maktab biiruvchilarining barcha fanlardan bir necha yillik o‘rtacha bahosi OTMga kirish imtihonlarida olgan ballariga qo‘shilar ekan? Va eng asosiysi, bunday tartib joriy qilingan davlatlarda aynan shu tartib ta’lim tizimiga qanday ijobiy ta’sir qilgan ekan?
Kamina ochiq ma’lumotlar asosida ayrim davlatlar tajribasini o‘rganishga harakat qildim.
Buyuk Britaniyada oliy ta’lim muassasalari akademik jihatdan mustaqil bo‘lganliklari sabablari, abituriyentlarga talablarni o‘zlari belgilaydilar. Shu sababli bir OTM qo‘ygan talab boshqasinikidan farq qilishi mumkin. Lekin umuman olganda, OTMlar abituriyentlarning “A level” deb ataladigan imtihonda ayrim (bo‘lajak mutaxassislikka aloqador) fanlardan olgan baholariga e’tibor beradilar, o‘rtacha baholariga emas. “A level” imtihoni baholarini esa maktab o‘qituvchilari emas, imtihon o‘tkazishga vakolatli tashkilotlar qo‘yadilar.
AQSH va Kanada universitetlari ham mustaqil bo‘lganliklari uchun abituriyentlarga qo‘yiladigan talablar farq qilishi mumkin. To‘g‘ri, bu davlatlarda OTMga kirishda maktabdagi o‘rtacha baho (GPA) ham muayyan rol o‘ynaydi, ya’ni OTMlar abituriyentlarning barcha fanlar yoki muayyan fanlar (bo‘lajak sohaga aloqador) bo‘yicha GPA ko‘rsatkichiga minimal talab qo‘yishadi. Bu degani – GPA ko‘rsatkichi universitet qo‘ygan talabdan past bo‘lganlarning arizalari ko‘rib chiqilmaydi. Lekin abituriyentlarning GPA ko‘rsatkichlari ularning standartlashtirilgan imtihonlardan (masalan, ACT yoki SAT) olgan ballariga qo‘shilmaydi.
Germaniyada OTMlar qaror qabul qilishda abituriyentlarning maktabni bitirishda topshiriladigan standartlashtirilgan imtihon (“Abitur”) natijalariga e’tibor berishadi. Ayrim OTMlar abituriyentlarning o‘zlari tanlagan sohaga aloqador fanlardan “Abitur” baholariga minimal chegara qo‘yishadi, ya’ni bahosi qo‘yilgan chegaradan past bo‘lgan abituriyentlarning arizalari ko‘rib chiqilmaydi.
Rossiya Ilm-fan va oliy ta’lim vazirligi tasdiqlagan tartibga ko‘ra, abituriyentlarning yagona dalat imtihonida mutaxassislik fanlaridan (2021-yildan boshlab bunday fanlar soni uchta bo‘ladi) olgan ballariga qarab tanlov o‘tkaziladi. Bu yerda ham maktabda o‘qitilgan barcha fanlarning bir necha yillik o‘rtacha ko‘rsatkichlari hisobga olinishi haqida ma’lumot topilmadi.
Yaponiyada OTMlarga kiruvchilar kirish imtihonlaridan o‘tadilar va bu imtihon bir necha bosqichli bo‘lishi mumkin. Abituriyentlarning maktabdagi o‘rtacha bahosi imtihon natijalariga qo‘shib hisoblanishi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Ko‘rib turganimizday, yuqorida misol keltirilgan davlatlarda maktabdagi barcha fanlardan olingan bir necha yillik o‘rtacha bahoni standartlashtirilgan imtihonlar natijalariga qo‘shib hisoblash amaliyoti mavjud emas. Modomiki, ishchi guruh xalqaro tajribani o‘rgangan yoki o‘rganayotgan ekan, ular o‘rgangan davlatlarning tajribalari haqida ma’lumot berishlarini so‘rab qolardim.
Va niyohat, eng muhim savollar.
5. Hech qanday ma’no kasb etmaydigan raqam – barcha fanlardan olingan baholarning bir necha yillik o‘rtacha ko‘rsatkichini OTMga kirish imtihonida olgan natijalariga qo‘shish kirish imtihonlarining o‘zi shundoq ham abgor bo‘lib yotgan validligiga qanday ta’sir qilishi borasida aniq tahlillar bormi? (Nima uchun bu o‘rtacha ko‘rsatkich hech qanday ma’no bildirmasligi va validlikka qanday ta’sir qilishi mumkinligi “Gazeta.uz” nashrida e’lon qilingan “Katta muammolarga yetaklaydigan arifmetika” maqolasida batafsil yortitilgan, shuning uchun, ruxsatingiz bilan, bu yerda qaytarib o‘tirmasam.)
6. O‘qituvchilar qo‘yayotgan baholar subyektiv emasligi, haqiqatda ham o‘quvchilarning bilim darajasiga va davlat ta’lim standartlarida belgilangan talablarga mosligini ta’minlaydigan mexanizm mavjudmi yoki joriy qilinadimi? Bu qanday mexanizm bo‘ladi? Zero, bunday mexanizm bo‘lmas ekan, bir o‘qituvchi qo‘ygan “3” baho xuddi shu fandan dars beradigan boshqa o‘qituvchilarning “3” bahosiga tengligiga ishonch hosil qilinmas ekan, bu baholarni kirish imtihonlarda olingan ballarga qo‘shib hisoblash adolatsizlik bo‘ladi. Davlatimiz rahbari doim ta’lidlab kelganidek, “adolat, adolat va yana bir bor adolat” har ishda asosiy mezonimiz bo‘lishi kerak emasmi?!
7. Loyiha tasdiqlansa, maktab darajasidagi korrupsiyaning, sovg‘a-salom yoki moddiy manfaat evaziga yaxshi baholarni “sotib olish”ning oldi qanday olinadi? Bir hamkasbimning 16 yashar o‘g‘li suhbatda “o‘zi shundoq ham o‘qituvchimizga har bayramda sovg‘a beradiganlarning bahosi hammasi “besh”, hech narsani bilmasa ham, baholar kirish imtihonlariga qoshib hisoblanasa, yaqin orada o‘qituvchimiz yo “Limuzin” yoki “Kaptiva” olsa kerak” deb aytib qoldi. Hatto maktab o‘quvchisi ham ko‘rib turgan bu muammo qanday bartaraf qilinadi?
Ishchi guruh a’zolari va loyiha mualliflaridan yuqoridagi savollarga aniq javoblarni kutib qolamiz.
Hurmat bilan,
Komil JALILOV