Ta’limda korrupsiyaga o‘rin bo‘lmasin!
Qonun mukammal bo‘lsa hamki, unga tegishli sohaning ishlash mexanizmi lozim darajada mukammal bo‘lmas ekan, bu qonunning kuchli va ijrosi samarador bo‘lishi dargumon. Shu nuqtayi nazardan ham farmon, qarorlar qabul qilinayotgani, davlat budjetining kattagina qismi sarflanayotganiga qaramasdan umumiy o‘rta ta’limda kutilgan natijaga erishilmayotir. Ayniqsa, ta’limda korrupsiyaga barham berish masalasiga jiddiy yondashish zarur.
Necha yillarki umumiy o‘rta ta’limda turli xorij davlatlari tajribasini qo‘llash ustida bosh qotiramiz, balki buning ham samarasi bordir, ammo o‘zbek xalqining ham ta’limdagi tajribasi va boy merosi uzoq asrlarga borib taqalishini nazarga olib o‘zbek modeli haqida ham bosh qotirsak yaxshiroq natijaga erishish mumkin. Avval o‘tgan renessanslarning o‘z mutafakkirlari bo‘lgan, binobarin, mutafakkirlarsiz renessans ro‘y bermaydi. Mutafakkirlar esa o‘z-o‘zidan ro‘yobga chiqmaydi.
Xalq ta’limi sohasida ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritaman, uning muammolari va bu muammolar omillarini bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarimni ilgari surmoqni lozim topdim.
Avvalo, Ta’lim kodeksini yaratish lozim, deb o‘ylayman. Chunki kodeksdagi normalar muhokama etilmaydi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilinadi. Bu esa ta’limdagi jarayonlarning talab darajasida bo‘lishi hamda ta’limning korrupsiyadan xalos bo‘lishiga yordam beradi. Undagi normalarda umumta’lim maktablari tizimida maktab direktori asosiy yo‘naltiruvchi kuch ekanligi hamda u ta’lim mexanizmini mahalliy hokimiyat, prokuratura, adliya, DXX, ichki ishlar organlari, Yoshlar ittifoqi, MFYlar bilan hamkorlikda amalga oshirishi aks etgan bo‘lishi lozim. Bunda davlat organlari o‘rtasida “bir-birini tiyib turuvchi kuch” prinsipi mavjudligi asosiy rol o‘ynaydi, bu esa ta’limning korrupsiyadan xalos bo‘lishini ta’minlaydi.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 79-moddasi talablarini ta’lim sohasida ham qo‘llash zaruratga aylandi, chunki ko‘plab maktablar “oilaviy ish joyi”ga aylanib qolgan, bu esa korrupsion holatlarga shart-sharoit yaratadi. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan normativ hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 133-qarori ilovasidagi “Qarindosh-urug‘larning birga ishlashlarini cheklash to‘g‘risida”gi qoidalarda istisno qilinishi mumkin bo‘lganlar ro‘yxatidan ta’lim sohasini olib tashlash lozim.
Umumiy o‘rta ta’limda pedagogik diplomga ega bo‘lmaganlarning “qayta tayyorlovdan o‘tdi” degan guvohnoma bilan ta’lim sohasida ishlashiga chek qo‘yish vaqti keldi. Bu holat ham korrupsiyaga, ham sohada saviyasiz, bilimsiz o‘qituvchilarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Ayni paytda o‘qituvchining faoliyatiga doir talablar birmuncha susaygandek go‘yo. Misol uchun, majburiy obunaga yo‘l qo‘yilmaydi, degan vaj bilan o‘qituvchilar hatto o‘z sohasiga daxldor davriy nashrlarga obuna bo‘lib, ularni muntazam o‘qib, malaka va bilimlarini oshirib borishni ham chetga surib qo‘yishdi. Vaholanki, haqiqiy ziyoli maqomiga erishishni istagan shaxs gazeta-jurnal, kitob mutolaasidan o‘zini bebahra qilmasligi kerak.
Maktab oshxona-bufetlaridagi ahvol nafaqat bolalarning sog‘ligiga, millat genofondiga salbiy ta’sir etmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 132-qarori faqat qog‘ozlarda qolib ketdi.
Maktabda asosiy yo‘naltiruvchi kuch maktab direktori ekanligini e’tibordan chetda qoldirmagan holda direktorlar korpusini yaratish lozim. Afsuski, direktorlar orasida salohiyatsiz, mas’uliyatsiz, o‘z lavozimiga nomunosib, faqat lavozimini saqlab qolish uchun ishlayotganlar ham talaygina. Shu bois har bir maktabda kamida 2 nafar direktorlikka nomzod bo‘lishi va bu nomzodlar aynan shu maktab emas, boshqa maktabga tayinlanishi, maktab direktorlari va o‘rinbosarlarni majburiy tartibda reja asosida rotatsiya qilish tartibini joriy etish lozim.
Maktab direktorlarining lavozim muddatlarini belgilash, belgilangan muddatlarda ta’limni yuksaltirgan direktorlarni taqdirlash, ularga imtiyozlar berish ham foydadan xoli emas. Kezi kelganda aytish lozimki, ishda yoki shaxsiy hayotda o‘z obro‘siga putur yetkazgan shaxslarni ta’lim sohasida mas’ul lavozimlardan chetlatish kerak.
O‘zbekiston Prezidentining “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining 3-bandidagi ko‘rsatmalarni nazarda tutgan holda hozirgi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan Qurilish-ta’mirlash ekspluatatsiya xizmati bo‘limini ta’lim tashkilotlaridan mustaqil tashkil etib, shu asosda maktablarda “Xo‘jalik ishlari va moddiy ta’minot menejeri” (xo‘jalik mudiri o‘rnida) lavozimini joriy etish, ularni mahalliy hokimiyat tasarrufiga o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Mazkur chora oqibatida ta’limda korrupsiyaning kamayishiga erishish mumkin. Ta’lim xodimlari, jumladan, maktab direktori xo‘jalik ishlaridan butkul ozod bo‘lib, butun kuch-g‘ayratini ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltiradi.
Buyruqbozlik va qog‘ozbozliklarga barham berish uchun viloyat xalq ta’limi boshqarmalari, tuman xalq ta’limi bo‘limlaridagi metodik xizmat birlashmalarini tugatish lozim. Ular o‘rniga har bir maktabda fanlar bo‘yicha shu maktab o‘qituvchilaridan “uztoz-shogird” an’anasiga asoslangan metodik kengashlarni tuzish va ularning rahbar xodimlari maoshlariga ustama haq to‘lab, huquq va majburiyatlarini belgilab berish zarur. Hozirgi metodik kengashlar o‘qituvchilarga lozim darajada yordam va metodik yo‘l-yo‘riq ko‘rsatolmayapti. Ularning faoliyati o‘qituvchidan faqat hujjat talab qilish, tadbirlar tashkil etish, statistik ma’lumot va hisobotlar yig‘ishdan iborat bo‘lib qolgan. Bu esa ta’lim boshqarmalari va tuman bo‘limlarining tashkiliy-huquqiy tuzilmalarini, ularning vakolat va funksiyalarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo qilyapti.
Ta’limga oid har qanday masala nomuhim bo‘lmaydi. Mening bu takliflarim ham mutasaddilar e’tiboridan chetda qolmaydi, degan umiddaman!
Abdurahimbek SATTOROV, G‘ijduvon tuman xalq ta’limi bo‘limi yuristkonsulti