O‘quvchisi yo‘q o‘qituvchi
So‘nggi paytlarda o‘qituvchi mavqeyi tushib ketganligi haqida ham gapirilmoqda. Biroq, bir narsani to‘la ishonch bilan ayta olamanki, ustozlarning mavqeyi ham, hurmati ham zarra bo‘lsin kamaygan emas. O‘z sohasi va fanining a’lochisi, mahoratli bolalar qalbidan chuqur joy olgan, ular uchun namuna bo‘lib kelayotgan ustozlar avval ham bo‘lgan, hozir ham bor, keyin ham bo‘ladi. Bunday ustozlarni o‘quvchilar, hatto ularning ota-onalari ham hurmat qilishadi.
Har yili turli oliy o‘quv yurtiga imtihon topshirib, hech biriga kira olmagach, pedagogika yo‘nalishidagi OTMga zo‘rg‘a ilinib, haminqadar bilim olib, o‘qituvchi bo‘lganlar o‘quvchilarga sifatli ta’lim berolmasligi natijasida muallim obro‘siga putur yetmoqda.
Ko‘p duch keldim, ba’zan o‘quvchilarning o‘qituvchisiga “menga “5” baho qo‘ying, men “besh”ga bilaman” degan gapiga javoban, o‘qituvchi “o‘zim “5”ga bilmayman-u, senga qanday qo‘yaman”, deb aytadi. Bir kasbning boshini tutib, uni butun umr yelkasida olib yurib, shu kasb orqasidan ro‘zgor tebratayotgan o‘qituvchining o‘z fanini “5” bahoga bilmaslikka haqqi bormi?! Qolaversa, muallim o‘ziga qattiq ishonayotgan o‘quvchi oldida o‘zini bunday tutmasligi kerak.
Ehtimol, o‘qituvchi o‘zi ta’kidlaganidek, fanini a’lo darajada bilmas. Ammo bu kamchiligini bolalar oldida tan olib, taslim bo‘lmaslik uchun o‘z ustida ko‘proq shug‘ullanishi, doim malakasini oshirib borishi lozim. O‘qituvchilarning o‘z ustida ishlamasligi, bilimini oshirib bormasligi bois, so‘nggi yillarda jamiyatimizda maktab o‘qituvchilari bilimiga ishonchsizlik bilan qarash odatga aylandi. Aksariyat ota-onalar bolalarining kelajagini repetitorlar qo‘lida deb hisoblashadi.
Aslida ham repetitorlar olib boradigan darslar maktabda o‘tiladigan darslardan ko‘ra samaraliroq. Maktabda ko‘p yillardan buyon faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi sifatida har ikki ta’lim jarayonini ko‘p kuzatdim va buning sababini anglagandek bo‘ldim. Repetitor 10 o‘quvchidan hatto bittasiga dars o‘tish uslubi yoqmasa, bilim bera olmasa, uni majburlab ushlab qola olmaydi. Bola soni qancha ko‘p bo‘lsa, pul miqdori ham shuncha bo‘ladi. Uning obro‘si o‘qishga qancha abituriyenti qabul qilinishi bilan belgilanadi. Shu bois ham repetitor o‘qituvchilar o‘z ustida ko‘p ishlaydi, har bir darsdan katta-katta maqsadlarni ko‘zlaydi.
Bu borada o‘qituvchilar bilan juda ko‘plab bahs-munozaralardan so‘ng, biz ham maktabda yangilik qilmoqchi bo‘ldik. O‘quvchilarga o‘z xohishiga ko‘ra, xohlagan darsiga kirib o‘tirish imkonini berdik. Bu sinov o‘quvchilarga juda manzur bo‘ldi. O‘qituvchilarni esa ham o‘ylantirib, ham shoshirib qo‘ydi. Sababi, pedagogik mahorati yuksak, bilimli o‘qituvchilarning darsida sinfxona o‘quvchilar bilan to‘lib, ayrim o‘qituvchilar esa dars o‘tishga o‘quvchi topolmadi. Shu jarayondan so‘ng, xayolimga quyidagicha taklif keldi: agar o‘qituvchiga darsiga kirgan bolalarning kam-ko‘pligiga qarab oylik to‘lansa, o‘qituvchilar yanada o‘z ustida ko‘proq ishlab, samarali dars jarayonlariga bolalarni jalb qila olgan bo‘larmidi?!
Mahzuna MIROVA, Toyloq tumanidagi 23-maktab o‘qituvchisi