80 yoshli direktor
Quyosh nurlarini olamga taratib ulgurmasdan rizq-u nasiba istovchilar ko‘chaga otlanadi, kimdir dalaga, yana kimdir bozorga... Shunday insonlar borki, ish vaqti boshlanishini kutmaydi, shu kunning xayrli o‘tishini tilab, saharlab ostona hatlaydi.
80 yoshdan oshgan Xosiyat ona ham tong mahali o‘zi ishlaydigan ta’lim maskaniga oshiqadi va qancha-qancha savobli ishlarga bosh-qosh bo‘ladi. Uning bosh maqsadi — xalqining farzandi savodli bo‘lsin! Mana shu ezgu niyat, sa’y-harakatning o‘zi katta savob aslida. Bugun biz qahramonimiz, zamonaviy direktor qiyofasini yaratgan nuroniy ustoz, Denov tumanidagi 1-maktab direktori Xosiyat Qarayevaning ibrat olsa arzigulik pedagogik faoliyatini yoritamiz.
Ilk faoliyat yillarim...
65 yil avval — 1956-yili tumandagi yagona o‘zbek maktabini tamomlagan Xosiyat Qarayeva 10-sinf ma’lumoti bilan o‘zi ta’lim-tarbiya olgan umumta’lim maktabida faoliyat yurita boshladi. Boisi, u paytlari maktablar sanoqli, oliy ma’lumotli o‘qituvchilar esa yo‘q hisobi edi. Kadrlar yetishmasligidan pedagoglikka qiziqishi bor bilimli kishilar saboq berishi mumkin bo‘lgan ekan. Xosiyat opa ham yosh bo‘lishiga qaramay, 40 nafar o‘quvchini qamragan 1-sinf bolalarini sakkiz yil o‘qitdi.
— O‘sha vaqtlarda hozirgiga nisbatan ishlash ancha yengilroq edi, — deydi qahramonimiz. — Dars o‘tish uchun bitta xona bo‘lardi, xolos. O‘sha sinfxonada hamma ko‘rgazmali qurolni qo‘lda yasardik. Buni o‘quvchilar ham yaxshi qabul qilardi, nima desak bajarishardi. O‘shanda kimdir men va hamroh hamkasbimning ustimizdan direktor muoviniga “Yaxshi dars o‘tolmaydi, kashta tikib o‘tiradi” deb shikoyat qilibdi. Maktabdagi boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari sinfxonamizga kelib o‘quvchilarimdan diktant olishni buyurdi. Ishonasizmi, o‘quvchilar yozgan diktantlardan birorta xato chiqmadi. Keyin u “Sizlarni g‘iybat qilishibdi-da” deya xonadan ko‘tarinki kayfiyatda chiqib ketdi.
O‘qituvchi hurmat-u izzatda edi
Aslida shifokor bo‘lishga orzumand bo‘lib ulg‘aygan Xosiyat opaning aytishicha, tibbiyot institutida o‘qishga sharoiti bo‘lmagan. Denov tumanidagi Oxunboboyev nomidagi 2-umumta’lim maktabini tugatib, Buxoroda ona tili va adabiyot fani bo‘yicha oliy ma’lumotli bo‘lgan. Onaxon bolalikni eslaganda maktab o‘qituvchilaridan juda minnatdor bo‘ladi.
— U paytlari o‘qituvchi juda hurmat-izzatda edi, — deya suhbatni davom ettirdi X.Qarayeva. — 1959–1964-yillarda Buxoro davlat pedagogika institutida sirtdan o‘qidim. Va qishloq maktabida 4-, 5-, 6-sinflarga til va adabiyotdan dars bera boshladim. U davrlarda o‘quvchilar astoydil o‘qishardi. O‘quvchilarimning ko‘pchiligi oliy ma’lumotli bo‘lib, yaxshi joylarda ishlab ketishdi. U zamonlarning muallimlari ham qattiqqo‘l edi, ammo ota-onalar ajoyib bo‘lishardi. Hech kim janjal-to‘polon qilib kelmasdi, o‘qituvchini juda hurmat qilishardi. Biz doim o‘quvchilar e’zozida edik.
Keyinroq 5–8-sinflarga saboq berdim. Ayrim 5-sinf o‘quvchilarining sustroq o‘zlashtirganini sezsam, darsdan olib qolib o‘qitardim. Bir gal sust o‘zlashtiruvchi o‘quvchini bir oy qo‘shimcha o‘qitganman, ortda qolgan bolakay qisqa fursatda tengdoshlari qatori o‘qiy boshlagan. Biror-bir o‘g‘il-qiz qolganlardan ayro bo‘lmasligini, hamma bir xil bilim olishini istardim. Bunga boshqa o‘qituvchilar e’tiroz bildirishardi. Bu o‘zaro tortishuvlar edi, ko‘nglimizga olmasdik. Direktorning ham ishi bo‘lmasdi, tez unutilardi.
To‘rt oylik taklifdan so‘ng
Pedagog turmushga chiqib oilali bo‘ldi, ish bilan birga farzandlarini parvarish qilardi. 1978-yil sentabrda 1-umumta’lim maktabiga direktorlikka tavsiya qilib, tuman xalq ta’limi bo‘limidan uyiga kelishdi. Bu vaqtda Xosiyat opaning 8 farzandi bor edi. Ularning parvarishiga vaqt topolmasligini o‘ylab, Xosiyat opa direktorlikdan bosh tortardi. Ammo Xosiyat Qarayevaning muassasani ko‘ngildagidek boshqarishiga ishongan vakillar opaning uyiga to‘rt oy direktor bo‘lishini so‘rab, takror va takror kelaverishgan. Shunda uning samimiy turmush o‘rtog‘i “Shunday odamlarni qaytarish yaxshimi? Ro‘zg‘orga o‘zim yordam beraman, ishlaysan” degan ekan. Onasi esa xasta holida kichik bolalariga qarashishga rozi bo‘lgan. X.Qarayeva maktabni boshqarsa, erta ketib, kech kelishi kerak. Ish bu bilan bitadigan emas, maktab poligacha chirib ketgan. Asli eski maktab emasmi, boshidan sifatli qurilmagan binoni yaxshi maktabga aylantirish osonmas, deb o‘ylardi bo‘lajak direktor. Shunda turmush o‘rtog‘ining jo‘mardligi, mehribonligi ustun keldi va yana onaxondagi tug‘ma fidoyilik, elning farzandlari bilimli bo‘lishini istagani bu martabani egallashga rozi bo‘lishga undadi. Xosiyat opaning qalbi daryo turmush o‘rtog‘i ham agar ayoli direktor bo‘lsa, maoshini ham so‘ramasligi, yetmaganiga o‘zi yordam berishini aytdi. Shunda u ayoliga shunday deydi: “Bolalarga shunchalik kerak bo‘libsanki, ular seni so‘rab kelishyapti, ishlasang bo‘ldi”.
Shu bilan maktab rahbarligini olgan Xosiyat opa ishni jamoani ahillikka chaqirishdan boshladi. Bino va hovlini tozalashga kirishdi. Chunki maktab sinfxonalari mayda-mayda cho‘yan pechlarning tutunidan qorayib ketgandi. Bolalarning bilim olish darajasini unutmagan holda maktab hovlisida quyon boqishni tashkil etdi. Surxondaryoning bir chekkasidagi maktabda o‘sha davrdayoq muassasa qo‘shimcha daromad topa boshladi. O‘qituvchilardan guruh tuzib, qoramol boquvini ham uyushtirdi. Eng e’tiborlisi, o‘g‘il-qizlarni ertalabki sut-choy bilan ta’minladi. U o‘qituvchilarni bunday murakkab davrda ishlashga majburlamadi, har kim o‘z xohishi bilan ixtiyoriy ishlashi kerakligini ta’kidladi. Ammo ko‘pchilik pedagoglar Xosiyat ayaning yonida bo‘lishdi. U bilan kech tushib, shom qorong‘isigacha qolib ketishsa-da, maktabni obod qilishga kirishishdi. Natija kutilgandek bo‘ldi, nochor maktab tuman miqyosida ko‘zga ko‘ringan namunali ta’lim muassasasiga aylandi.
Nafaqa hisobidan o‘quvchiga stipendiya!
“O‘quvchilarim orasida 12 martalab olimpiadalarga borgan bolalar bor. Doim aytaman ularga: bilim oling, bilim oling. O‘zimning 7 gektarli bog‘im bor edi. Shu hisobidan ancha yil oldin olimpiadaga borgan yoki tuman va viloyatdagi tanlovlarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarga stipendiya tashkil etdim. Bog‘da ko‘chat yetishtirardim, kuchim yetmaganiga xo‘jayinim, keyinchalik farzandlarim yordam berishdi. Qaysi bola olimpiadaga qatnashyapti, o‘rin olyapti, qaysi sinfning bolasi o‘rnak bo‘lyapti, har chorak stipendiya berishni kanda qilmadim. Mana, hozirgacha nafaqam hisobidan maktab doirasida g‘olib bo‘lgan o‘quvchiga 50 ming so‘mdan to‘layman, tumandagi tanlovdan o‘tsa yana beraman. Shu tariqa 100, 150 va 200 ming so‘mgacha oshirib boraman. Har oy oladigan 3 million ikki yuz ming so‘m nafaqamni shu iqtidorli bolalarga tarqataman. Bittagina maqsadim – xalqimning farzandi savodli bo‘lishi kerak. O‘qituvchiga hovli supur yo boshqa ish qil, demaganman, bilim ber, deyman”.
Xosiyat ayaning eng ezgu va savobli ishi qo‘shimcha maktab binosi qurganidir. Avvaliga 50 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan o‘quv binosi maktab filiali sifatida qurib bitkazildi. Keyinroq esa yana 50 o‘rinli bino qo‘shildi. Bu ishlarning barchasi opaning uddaburonligi va tadbirkorligi evaziga bajarildi.
Qolaversa, 1986-yildan beri budjetdan tashqari mablag‘ topib, maktabni ta’mirlab keladi. Obodonlashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarda maktab respublika miqyosida yuqori o‘rinlarga sazovor bo‘lgan. Yaqinda maktabda “Buyuklar shajarasi” xonasi tashkil etildi. U yerda Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Bobur kabi siymolar portreti va ijod namunalari o‘rin oldi. Bu xonada o‘qituvchilar tarix va ma’naviyat soatlarini o‘tishadi. To‘garaklar o‘tish uchun ham shu sinfxona tayyorlab qo‘yilgan. Bu kabi ibratli ishlarning yana ko‘piga mana shu maskanga tashrif buyurganlar guvoh bo‘lishi mumkin. Jonkuyar, nuroniy pedagog ayani zamonaviy direktor qiyofasidagi qahramon deya o‘rnak olsa arziydi.
Shoira BOYMURODOVA,
“Ma’rifat” muxbiri