Tasavvur bilimdan muhim
Kelgusi o‘n yil ichida mamlakatimiz ta’lim tizimi PISA xalqaro dasturi reytingida jahonning eng ilg‘or 30 ta davlatlari qatoriga qo‘shilishi rejalashtirilgan. Biz pedagoglar ushbu natijaga erishish hamda ta’lim sifatini baholash milliy tizimini yaratishga intilyapmiz. Xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish asosida o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholashga yo‘naltirilgan milliy tizim ishlanyapti.
Tumandagi 7-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida aniq fanlar oyligi munosabati bilan o‘tkazilgan seminar “Matematik savodxonlik: tadqiqotga tayyorgarlik, muammo va yechimlar” mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbirda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tayanch maktabi bo‘lganligi sababli tumandagi barcha maktablardan o‘qituvchilar ishtirok etishdi. Xalqaro tadqiqotga tayyorgarlik, muammo va yechimlarga doir ko‘rgazma tashkil etilib, unda PISA, PIRLS, TINSS xalqaro tadqiqotlar bilan bog‘liq suratlar namoyish etildi. Seminarda so‘z olgan tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi J.Xalilov savodxonlikni oshirish haqida gapirdi.
— Yoquvchilarni kreativ fikrlashga undash, ularni o‘z olgan bilimlarini hayotiy masalalarda ham qo‘llashga o‘rgatish muhim, — deydi maktab direktori A.Ro‘ziyeva. — Bugun jahonda yuz berayotgan to‘rt sanoat tamaddunining dvigateli, ya’ni harakatga keltiruvchi kuchi bu kreativlikdir. Atrofga boqsangiz, har tomonda inson ijodkorligini beqiyos va hayratlanarli namunalariga duch kelasiz. Elektron xizmatlar, vertualreallik, to‘rtburchak tarvuzlar, tuproqsiz hosil olish kabi ishlarda insonning aql-idrokining samarasini ko‘rish mumkin. Shu sababli barcha sohalarda ijodiy fikrlovchi mutaxassislarga talab katta.
Sh.XOLBO‘TAYEV,
Uchquduq tumani xalq ta’limi bo‘limi metodisti
R.TUROBOVA,
7-IDUM PISA xalqaro tadqiqotlar bo‘yicha trener