Namangan shahridagi 46-maktabda «Senator stipendiyasi» joriy etildi
Namangan shahridagi 46-umumta’lim maktabida ana shu maqsadda xayrli tashabbusga qo‘l urildi deb xabar berdi Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.
Ilm maskanida «Senator va yoshlar» uchrashuvi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, yuqori palataning xotin-qizlar va gender tengligi masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nosirbek Abdullaxanov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Isroilov, xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati Shamsiddin Qayumov va boshqa qator mutassaddilar qatnashdilar.
750 nafar yoshlar ta’lim-tarbiya olayotgan bilim dargohidagi tadbirda yuqori sinf o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli uyushtirish uchun kimyo, biologiya, ingliz tili, matematika hamda fizika fanlaridan maxsus chuqurlashtirilgan to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mashg‘ulotlarni oliy toifali mutaxassislar tomonidan olib borilishiga, ertangi kunimiz egalarini oliy ta’lim muassasalariga qamrab olish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ochiq muloqotda senator Nosirbek Abdullaxanov mazkur maktabdagi eng namunali, iqtidorli va salohiyatli o‘quvchilarning 10 nafariga tanlov asosida har oyda 250 ming so‘mdan stipendiya joriy etish tashabbusini bildirdi.
Uchrashuv yakunida o‘g‘il-qizlarga ziyo ulashishda ibrat ko‘rsatayotgan, katta tajribaga ega bo‘lgan ustozlarning ikki nafariga televizorlar topshirildi.