Zukko o‘quvchini qanday tarbiyalaymiz?
Qanday qilib zakiy, olijanob, zukko o‘quvchilarni tarbiyalay olamiz? Bu har kuni o‘z-o‘zimga beradigan savolim. Oddiy bir muallim sifatida turli mulohazalarni xayolimdan o‘tkazaman. Fikrimcha, avvalo, ishni poydevorni mustahkamlashdan boshlash kerak. Poydevorni mustahkam qiluvchilar, “binoning asosini yaratuvchilar” boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridir.
Ularni har tomonlama bilimli, ijodkor me’mor sifatida tayyorlash zarur. Buning uchun dastlab oliy ta’lim dargohidagi sinov jarayoniga biroz o‘zgartirish kiritish lozim. Ma’lumki, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi abituriyentlari majburiy fanlar(ona tili, tarix, matematika)dan test topshiradi. Agar ona tili fanidan majburiy sinov jarayonida o‘quvchilarning diktant yozish qobiliyati ham tekshirilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiruvchi abituriyentlar esa, avvalo, insho yoza olishi, vazn talablari asosida she’r yoki g‘azal ayta olishi va biror badiiy asar yuzasidan mulohaza yurita bilishi zarur. To‘g‘ri, hozirgi kunda davlatimiz tomonidan milliy sertifikatlash tizimi joriy etilgan, lekin bu sinov hamma uchun majburiy emas. Agar shu tizimni majburiy joriy etadigan bo‘lsak, albatta, bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari har tomonlama mukammal kadr sifatida yetishgan bo‘lar edi.
Ikkinchi vazifa shuki, o‘quvchilarni 1-sinfdan boshlab tabaqalashtirish va bolalar sonini kamaytirish masalasiga diqqatimizni qaratishimiz zarur. Besh qo‘l barobar emas, deganlaridek, barcha o‘quvchining bilim darajasi bir xil emas. A’lochi o‘quvchilar vaqtini bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar “o‘g‘irlab” qo‘yishi mumkin. Shu bois iqtidorli o‘quvchilarni alohida tayyorlash zarur. Buning uchun tabaqalashtirishda inson omili aralashmagan holda xuddi abituriyentlar kabi o‘quvchilar ham o‘z yoshiga qarab turli mantiqiy, psixologik testdan o‘tgani ma’qul. Shundagina ota-onada ham mas’uliyat hissi ortib, o‘z bolasini shu sinovga tayyorlash uchun intiladi va farzandining iqtidorlilar sinfida o‘qishi uchun abituriyent yoshida emas, kichik yoshidan harakatga tushadi. Tabaqalashtirishda ayrim ota-onalarga, o‘quvchilarga bu narsa zarba bo‘ladi, deyishingiz mumkin, lekin sinov to‘xtab qolmasligi kerak. Yuqori natijaga erishgan o‘quvchi esa iqtidorlilar sinfida o‘qishga haqli bo‘ladi.
O‘quvchilar sonini kamaytirish masalasiga kelsak, 45 daqiqalik fursatning 30 kishiga emas, 15 o‘quvchi uchun sarflanishi bilim samaradorligining o‘sishiga olib keladi. Nima uchun biz o‘zga tillarni bo‘lib o‘qitamiz-u, ona tilimizni o‘qitishga bunday imtiyoz bermaymiz? Nima uchun ona tilini chuqur o‘rganishi uchun o‘quvchilar ixtisoslashgan maktabga borib o‘qishi kerak? Shuni oddiy maktabda joriy etsak bo‘lmaydimi? Hamma gap aksariyat ta’lim sohasidagi rahbarlarning oddiy o‘qituvchi bo‘lib
ishini boshlamaganligi va bolaga nima zarurligini bilmaganida, deb o‘ylayman.
Uchinchi vazifa shuki, o‘quvchi husnixat ilmini faqat boshlang‘ich sinfda emas, alohida fan sifatida yuqori sinfda ham o‘rganishni davom ettirishi kerak. Bunga qo‘shimcha tarzda imlo darslarini tashkil etish zarur. Bola toki maktabni bitirgunga qadar test uchun ma’lumot yodlovchi “robot” emas, xattot yoki savodxon bo‘lib yetishsin. Axir bizning buyuk daholarimiz shu ilmlarni o‘rganib buyuk martabaga erishgan-ku!
To‘rtinchidan, aruzni bilmaymiz, g‘azalni vaznga tushira olmaymiz, deymiz-u, lekin shu ilm uchun soatlab saboq berish lozimligini bilmaymiz. 8-sinfda bir soatgina o‘tiladigan aruz darsi bilan g‘azalxon bo‘la olmaymiz. Hamma gap shunda. Shu bois aruz darslarini o‘qitishimiz lozim. Avvalo, g‘azal ijrosidagi o‘lmas milliy maqomlarimiz, navolarimizni darslarda ko‘proq eshittirib, o‘quvchilarimizning mumtoz ohanglarimizga bo‘lgan mehrini va so‘zga bo‘lgan e’tiborini oshirishimiz shart. Yoshligidan mumtoz navolarni eshitib o‘rgangan bolaning saviyasi shu qadar yuksak bo‘ladiki, allaqanday shovqin-suron musiqalarni eshitishga toqati qolmaydi. Aynan shu darslarda izohtalab so‘zlar lug‘ati bilan ishlab borsak, bitiruvchi o‘quvchi har qanday matnni tahlil qilib bera oladi va shu matn asosida o‘z fikr-mulohazalarini bayon eta oladi.
Beshinchidan, o‘quvchilarni badiiy adabiyotga qiziqtirish zarur. Qanday qilib deysizmi? Xususan, adabiyot darslarida har bir o‘quvchi bir chorakdan ikkinchi chorakka o‘tishi uchun nazorat sinovidan tashqari biror badiiy asarni to‘liq o‘qigan bo‘lishi, shu asar bo‘yicha o‘z taassurotlarini og‘zaki va yozma bayon eta olishi zarur. Bu vazifani yuqori sinfdan emas, boshlang‘ich sinfdan boshlash zarur. Shundagina yuqori sinfga o‘tgan o‘quvchi bayon yoki insho yozishda qiynalmaydi.
Qayd etilgan barcha vazifalarning zamirida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilaridan jonkuyarlik, fidoyilik, o‘z kasbining ustasi bo‘lish talab etiladi. Aksi bo‘lsa, poydevori mustahkam bo‘lmagan uyning qulashi tayin.
Hozirgi kunda 5–8-sinf ona tili va adabiyot fanlari darsliklaridagi o‘zgarishlar maqtovga loyiq. Bu darsliklar o‘quvchilarning ifodali o‘qishi, tinglab tushunishi, mustaqil fikrlashi, tafakkur va idrokini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bunday o‘zgarishlar xayrli ishlarning debochasi bo‘lsa ajabmas.
Muazzas NAIMOVA, Farg‘ona tumanidagi 47-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi