Xalq ta’limi vaziri namanganlik o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashdi
Uchrashuvda bugun sohada uchrayotgan muammolar, ta’lim-tarbiya jarayonlarining tashkil etilishi, sifat va samaradorlik, yoshlarning fikr-mulohazalari, taklif va istaklari, intilishlari, muammolari hamda ularni ijobiy hal qilish masalalari diqqat markazda bo‘ldi.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bilan dolzarb masalalar muhokamasi hamda munozaralar bilan o‘tgan uchrashuvda Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga qaratilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik, ta’lim olish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Namangan shahridagi 21-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Jobirxon G‘aniyevning xalq ta’limi vazirligi tizimida biznes va iqtisod yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil qilish taklifi bo‘yicha Namangan shahrida pilot tarzida biznes va iqtisod maktabini tashkil qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
O‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini yanada oshirish, ularni munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘quvchilarning bir yillik ijodiy ishlarini yaxlit ensiklopediya yoki kitob holatida chop etishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan Norin tumanidagi 17-umumta’lim maktabi 7-sinf o‘quvchisi Dilnoza Komiljonovaning taklifi bo‘yicha vazir ijodkor o‘quvchilar o‘rtasida tanlov o‘tkazilishi, eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilarning kitoblari nashr etilishini ta’kidladi.
O‘quvchilar tomonidan xorijiy oliygohlarga kirish bilan bog‘liq masalalar, maktab o‘quvchilari uchun vazir stipendiyasi, oliygohlarga talab etiladigan hujjatlarni tayyorlash uchun qulay bo‘lgan onlayn pratforma yaratish borasida berilgan savollarga vazir tomonidan to‘liq va atroflicha javob berildi.
Muddatidan oldin xorijiy oliygohlar talabasi bo‘lgan 14 nafar o‘quvchi xalq ta’limi vazirining qimmatbaho sovg‘alari va viloyat xalq ta’limi boshqarmasining faxriy yorlig‘i bilan, “USTOZ - 2020” tanlovi g‘oliblari, ta’limda tashabbus ko‘rsatgan o‘qituvchilarga “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.
Tadbir so‘nggida viloyatdagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari to‘garak a’zolarining ijod namunalaridan iborat ko‘rgazmalari, o‘quvchilar tomonidan tashkil etilgan qo‘g‘irchoq teatri sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati