Psixologiya darslari joriy etilsa...
Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir.
Abdulla Avloniy
Sardorbekning kundan-kunga davomati tushib, o‘zlashtirishi ham pasayib qoldi. Imtihonlarga tayyorlanayotgan o‘quvchiga hech o‘xshamaydi. Tashqi ko‘rinishiga ham e’tibor bermay qo‘ydi. Bir muammodan tashvishda ekanligi sezilib turibdi. Kecha darsdan keyin o‘tkazilgan psixologik treningda ham umuman faol bo‘lmadi. O‘quv yili avvalida deyarli har kuni suhbatlashish uchun xonaga kirib turar edi. U paytlari oilaviy masala bo‘yicha murojaat qilgandi. Suhbatlashib, maslahat-tavsiyalar berib, hayotiy misollar bilan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turgandim. Keyinchalik uning ruhiy holati yaxshilanib, sinfdoshlariga qo‘shilib qolgan edi.
Hozir birinchi o‘rinda Sardorbek bilan shug‘ullanishim kerak.
Suhbatlashishim kerak bo‘lgan 9-sinfda o‘qiydigan Bibisora ham bor.
Shanba kuni shaxsiy kundaligini o‘qib chiqishim uchun xonamda qoldirib chiqib ketgandi. So‘nggi paytlarda yozgan kechinmalari yakunida o‘rgimchak to‘rini chizishni boshlabdi. Bu narsaga jiddiy qarash zarur.
Shu kabi ruhiy holatdagi o‘quvchilar bilan doimiy aniq tartibda psixoprofilaktik ishlarni olib borib, psixokorreksion yo‘naltirishim uchun psixologiya fanini dars jadvaliga kiritishni qattiq iltimos qilib, vazirlikka xat bilan chiqmasam, bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Avvalgi takliflarim kabi taklifligicha qolib ketmasidan turib harakatni boshlashim kerak. Chunki ertaga o‘quvchilar mustaqil hayotga qadam qo‘yganlarida hayot imtihonlaridan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Puxta bilim egallagan o‘quvchi imtihonlarda yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgani kabi real hayot imtihonlariga ham tayyorlash zarur o‘quvchilarni. Hayot baland-pastliklarida matonat bilan qadam tashlash, muammolarga yuzma-yuz tura olish, mas’uliyatni his qilish va boshqa ko‘plab imtihonlardan o‘tish uchun ham psixologik bilimlar zarur. O‘quvchilarning dars soatlari yakunlanishini kutib, ruhan va jismonan toliqqan o‘quvchilar bilan ishlashni rejalashtirgandan ko‘ra, psixologiya fanini dars soatlari qatoriga kiritib, kunning birinchi yarmida maktabda kafolatlangan dars soatlarini tashkil etish zarur. Psixologiya fanidan ham kafolatlangan dars soatlari joriy etilsa, o‘quvchi ertaga hech bo‘lmaganda mas’uliyat, iroda, tartib, qadriyat, hurmat degan tushunchalarni o‘ziga xos ijobiy tarzda singdiradi va hayot yo‘lida joriy eta oladi. Salbiy holatlar, muammolar yuzaga kelsa, aybdorlarni qidirib qolmaslik uchun ham ishlarni kechiktirmay tashkil etish zarur. Aks holda, shaxslararo munosabatlarda, jinsiy tarbiya masalasida, kasb-hunar tanlashda, nikoh oldi omillarini anglab olishda, oila qurish va farzand tarbiyasida misli ko‘rilmagan bo‘shliqlar yuzaga kelib qolishi mumkin.
Mahmudjon AKBAROV, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi psixologi