Boshlang‘ich ta’lim — asosiy podevor
Boshlang‘ich ta’lim umumiy o‘rta ta’limning asosiy poydevori, o‘quvchilarning kelajakda komil inson bo‘lib voyaga yetishini ta’minlovchi muhim bosqich hisoblanadi.
Yurtimizda boshlang‘ich ta’limni rivojlantirish borasida qator yutuqlarga erishildi. Jumladan, boshlang‘ich ta’lim bosqichi uchun zamon talablariga javob beradigan yangi davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturi, shu jumladan, darsliklarning multimedia ilovalari, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Ilg‘or pedagogik texnologiyalar va o‘qitishning interfaol usullaridan keng foydalanilmoqda. Modernizatsiyalashgan ta’lim talablariga muvofiq tarzda yangilangan “Boshlang‘ich ta’lim konsepsiyasi”da ta’kidlanishicha, “Shaxsga yo‘naltirilgan hamda kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan boshlang‘ich ta’lim jamiyat taraqqiyoti bilan baravar rivojlanib, takomillashib boruvchi ta’lim nazariyasiga tayangan holda muntazam tarzda rivojlantiriladi va shaxsni jamiyat talablari asosida yuksaltirishga xizmat qiladi”. Shuningdek, mazkur konsepsiyaning 6-bandida ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etishning mexanizmlari ko‘rsatilib, boshlang‘ich ta’limni takomillashtirishda ilg‘or pedagogik va mediata’lim texnologiyalarining o‘rni ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga ko‘ra maqsadimiz — boshlang‘ich ta’limning sifatini jahon talablari darajasiga ko‘tarishga erishish, bo‘shliqlarni aniqlash va to‘ldirishdir.
Bu ishlarni samarali amalga oshirishda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining yuqori kasbiy salohiyati va ma’lumot darajasi, bolalar psixologiyasi hamda hozirgi zamon boshlang‘ich ta’lim metodikasini chuqur bilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Go‘zal MIRZABOYEVA, Nurafshon shahridagi 4-maktab o‘qituvchisi