Qulog‘i ko‘rinmay, dumini so‘raymiz
Meni bir narsa qiynab keladi. 6-sinf ona tili darsligidagi topshiriqlar. Masalan, “Fe’lning vazifa shakllari” mavzusi o‘tilganda, uning har bir vazifa shakli alohida dars sifatida 4 mavzu qilib berilgan. Avval fe’lning vazifa shakllari tushuntirilib, sof fe’l shakli o‘tiladi.
Harakat nomi, sifatdosh, ravishdosh esa keyingi darslarda. Ammo mashqlar shartlarida hali harakat nomi, ravishdosh, sifatdosh mavzulari o‘tilmay turib fe’llarning vazifa shakllarini toping deyilgan. Masalan, 2017-yili N. Mahmudov, A.Nurmonov muallifligida nashr etilgan 6-sinf ona tili darsligi 53-betidagi 137-138-mashqlarda fe’llarning vazifa shakllarini topib, tahlil qiling deyilgan. O‘quvchi hali endigina fe’lning vazifa shaklini o‘rganishni boshlagan bo‘lsa, bir darsning o‘zida barcha shakllarni qanday topsin? Birdan barcha shakllarni mashqdan topib o‘rgatish kerak bo‘lsa, keyingi darslarda alohida-alohida mavzu sifatida o‘tishning nima keragi bor? Bu mashqlardan faqat sof fe’lni toping deyilishi maqsadga muvofiq.
Fe’l nisbatlari mavzusida ham xuddi shunday. Kitobning 41-betidagi “Fe’l nisbatlari” mavzusida ham 108-mashqda nisbat shakllarini ayting, deyilgan, 109-mashqda esa berilgan fe’llarga nisbat shakllarini qo‘shib o‘zgartiring deyilgan. Buning uchun o‘quvchi keyingi 5 ta mavzuni o‘qib o‘rganishi kerak. O‘qituvchi tomonidan keyingi nisbatlar haqida shunchaki ma’lumot aytib o‘tilishi mumkin, ammo so‘zlarga qo‘shadigan qo‘shimchalarigacha o‘quvchi topolmaydi, axir. Alohida dars sifatida o‘tilishi kerak bo‘lgan mavzular hali o‘zlashtirilmay turib mashq shartlarini o‘quvchi qanday bajaradi?
Marg‘uba MARDONOVA, Kasbi tumanidagi 26-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi