Bu maktablar o‘zimiznikimi?
Suratlarni ko‘rib siz ham “Bu qaysi inglizzabon davlatning maktabida ekan?”, degan xayolga bordingizmi? Kirishingiz bilan har qadamda inglizcha so‘zlarga peshona urilgandan keyin “Shoshma, bu o‘zimizning Sirg‘alidagi (Yangi hayot) yangi qurilgan 330-, 331-maktablar”, desangiz kim ishonadi? Ushbu ta’lim muassasalari ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan bo‘lganda ham mayli edi. G’irt o’zbek maktabi!
Hurmatli mutasaddilar, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili — o‘zbek tili! “Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasini hozir dona-dona qilib o‘qiyman. Xotira chatoq bo‘lsa, qog‘oz-qalam oling: “Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”.
329-maktab ham 330- va 331-maktablar qatori qurilgan. Inglizcha lavhalarni o‘zbekchaga almashtirsa ham maktabning husniga “putur” yetib qolmas ekan. Birov “Nega o‘zbekcha yozding”, deb yoqasidan ham olmadi.
Xo‘sh, bu masalaga Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari nima deydi? Javob kutib qolamiz.