Baholari “5”, lekin gapirolmaydi...
Bugun kimdir ona tili darslarining grammatik qoidalarga “sho‘ng‘ib ketgani”dan nolisa, yana kimdir 10-11-sinflar uchun yaratilgan darsliklardagi rejaga kiritilgan mavzularning ona tili bilan aloqasi yo‘qligini ta’kidlaydi.
Ona tili darslarida grammatik bilimlar ham, tilimizning uslubiy xususiyatlari ham o‘rgatilishi kerak. Lekin ona tili darsining boshqa fanlardan farqi, avvalo, shaxsning o‘z ona tilida fikrlash va uni bayon eta olish qobiliyatini shakllantirish va rivojlantirishdir. Maktabga qadam qo‘ygan bola ot, sifat, fe’lning qoidasini, so‘zlarning qaysi so‘z turkumiga oidligini bilmasa ham, predmetning belgisini sifat turkumiga oid so‘z bilan ifodalaydi. Holat va harakat fe’llarini guruhlarga ajratib ko‘rsata olmasa ham, fe’llarni o‘z o‘rnida ishlata oladi. Qo‘shma gap turlarining nomini bilmaydi-yu, lekin bunday gaplarni mazmuniga ko‘ra joyida qo‘llab ketaveradi. Kimdir hatto o‘zi haqida qisqacha gapirib berishini so‘rasa, ko‘pchilik o‘quvchilarimiz o‘zbek tilini bilmaydigan odamdek talmovsirab qolishi tabiiy. Nega til egasi bunday ahvolga tushadi? Ona tili darslarida a’lochi o‘quvchi ham tayyorgarliksiz gapira olmasligi holati kuzatiladi.
Demak, ona tili darslari, avvalo, tilga ona tili sifatida mehr uyg‘ota olishi kerak. Ayrim chet davlatlarda ona tili darsida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga nutqni shakllantirish uchun turli mavzular berilarkan. 4-sinf o‘quvchilariga ularga notanish bo‘lgan chet tilida multfilm qo‘yib berilib, tugagach, multfilmdan nimani tushunganliklarini so‘rasharkan. Tabiiyki, bolalar tilni bilmagani sabab qahramonlarning harakati, yuz ifodalari orqali ko‘rganidan boshqa hech narsani gapirib bera olmaydi. Boshqa kuni xuddi o‘sha multfilmni o‘z ona tilida namoyish qilishadi. Undan keyin bolalarga qayta gapirib berish topshirig‘i berilganida yaxshi tushunganliklari uchun bemalol so‘zlab berishadi.
Mazkur tajriba bizda ham qo‘llanilsa, o‘qituvchi ona tili har bir narsani bizga onamizdek tushunarli tarzda yetkazib berishi, o‘z tilimizda ko‘rilgan multfilmlar qiziqarliligi, unda gapirish oson ekani, shu tilda barcha tuyg‘ularimizni bildira olishimiz, bu til bilan o‘rtoqlar orttirishimiz mumkinligini bolalarga uqtirishi kerak. Ona tilimiz bo‘lmasa, qanday ahvolga tushishimiz mumkinligini anglatib, ona tilini shuning uchun ham hurmat qilish, sevish, ardoqlash kerakligini o‘rgatish lozim.
Qolaversa, tilimizda faol so‘zlardan tashqari yoshga moslashtirilgan holda lug‘at boyligini oshirib borish ham haqiqiy ona tili darslari maqsadi bo‘lsa, koni foyda. Ona tilini bilish darajasi savodxonlik bilan ham o‘lchanadi. Shunday ekan, o‘quvchilar o‘rtasida savodxonlik bilan bog‘liq qiziqarli o‘yinlar, musobaqalar tashkil etish ham til bo‘yicha bilimlarni oshirishga ozmi-ko‘pmi turtki bo‘ladi.
Masalan, ingliz tili bo‘yicha o‘tkaziladigan “Spelling Beye” imlo asalarisi ma’nosini bildiradi. Ushbu bellashuvda ishtirokchilar talaffuz etilgan so‘zning lug‘at shaklini takrorlashi kerak. Vazifalar qiyinlik darajasini oshirish orqali beriladi. Xuddi shunga o‘xshagan o‘yin-musobaqalarni o‘zbek tiliga asoslanib o‘tkazish mumkin. Masalan, “takabburlik”, “mutaassib”, “mo‘tabar”, “senariy”, “shohsupa” kabi so‘zlarni imlo uchun bersa bo‘ladi.
Qolaversa, dunyoqarashni kengaytirishga xizmat qiluvchi mantiqiy savollar yordamida darslarda debat tashkil qilish mumkin. Odatdagidan farq qiluvchi savollar o‘quvchining tafakkurini o‘zgartiribgina qolmay, bu orqali o‘z ona tilida noodatiy va tasodifiy fikrni mantiqiy ketma-ketlik asosida bayon etishga o‘rgatadi. Bular “Nima uchun?”, “Qanday qilib?” va “Agar … bo‘lsa, unda …” kabi savollardan tashkil topadi. Masalan: “Boshqalarning o‘rganishi va tushunishini osonlashtirish uchun o‘z ona tilingizni qanday rivojlantirgan bo‘lardingiz?”, “Agar dunyoda pul bo‘lmasa, jamiyat qanday ahvolda bo‘lardi?”, “Sizningcha, nega insonlar va millatlar o‘z tajribalari va ko‘rgan-kechirganlari haqida hikoya qilishni yaxshi ko‘rishadi?”, “Yagona global tilga ega bo‘lish bir nechta tilda so‘zlashishdan ko‘ra afzalmi? Nega?”, “Nega millatlarga san’at va ijodkorlik kerak? Chindan ham bunga ehtiyojlari bormi?” va shu kabilar.
Bu kabi savollar dunyoqarashni kengaytirish va borliqqa boshqa nuqtadan qarashga ko‘mak beradi, natijada tildan foydalanishning nofaol jihatlari namoyon bo‘ladi. O‘qituvchi bu jarayonda fikr bildirayotgan o‘quvchi so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llashi, sinonimlardan o‘rinli foydalanishiga ko‘makchi bo‘lib turadi.
Xulosa qilib aytganda, ona tili darslarining asosiy mazmun-mohiyati til egalarining o‘z ona tilidan har qanday vaziyatda o‘rinli foydalana olishi, jamiyatga faol aralashuvi jarayoniga ko‘maklashish, o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lishida asosiy turtki bo‘lishi kerak.
Roza ERMETOVA, Qibray tumanidagi 6-IDUMning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi