O‘quvchiga faqat grammatikani o‘rgatish kerakmi?
Darsda o‘rtacha hisobda yigirma besh o‘quvchi ona tilidan bilim olishga tayyor bo‘lib o‘tiribdi. Ularga qobiliyati, dunyoqarashi, qiziqishidan qat’i nazar, “Lug‘aviy shakl va sintaktik shakl yasovchi qo‘shimchalar” mavzusi haqida dars o‘tishim kerak. Yigirma besh yillik tajribamdan kelib chiqib, eng samarali usullardan foydalanaman. Olgan bilimini mustahkamlash uchun bajargan mashqlarini tekshiraman, baholayman. Ammo vaqtlar o‘tib bular o‘quvchilarning esida nechog‘lik saqlanib qolishini bilmayman.
O‘qituvchining sirdoshi va maslahatdoshi bo‘lgan “Ma’rifat” gazetasini muntazam kuzatib boraman. O‘qituvchi hayotiga oid muhim masalalar meni befarq qoldirmaydi. Gazetadagi so‘z va fikr erkinligi esa doim ruhlantiradi. Har bir sonida yoritilgan qaysidir fikrlar xayolimni o‘z domiga tortadi. Meni qiziqtirgan mavzular bilan jamoamni ham tanishtiraman. Yoritilayotgan dolzarb masalalarni jamoamiz bilan tahlil qilib boramiz, bahs yuritamiz va kerakli xulosalarni chiqaramiz.
Gazetaning 2020-yil 21-oktabr sonida Dilnoza Najmiddinovaning “Maktabda grammatika o‘qitilishi kerakmi?” nomli maqolasi shuncha vaqt o‘tibdiki, xayolimni chulg‘ab kelmoqda. Maqolada juda dolzarb masala aniq fakt va asoslar bilan yoritilgan. Keltirilgan har bir fikr va qarashlar ham ilmiy tomondan, ham ijtimoiy tomondan asoslanganligi meni o‘ziga jalb etdi va maqolani qayta-qayta o‘qib chiqdim. Bu maqola o‘qituvchilarimiz orasida ko‘p muhokama qilindi.
Ona tili fanining asosiy qismini grammatika tashkil qilishini yaxshi bilamiz. Grammatikaga oid bilimlarni har bir ona tili o‘qituvchisi chuqur egallagan bo‘lishi kerakligini ham yaxshi bilamiz. Ammo masalaning yana bir tomoni bu bilimlarning hammasi ham o‘quvchilarga kerakmi? Xalqaro baholash dasturi o‘quvchilarimizdan shuni talab qiladimi? O‘quvchilarning ta’limdan keyingi mustaqil hayotida bu bilimning nechog‘li ahamiyati bor? Biz o‘qituvchilar vaqt va kuch sarflab o‘rgatayotgan grammatika o‘quvchilarning xotirasida yillar o‘tishiga qarab, necha foiz saqlanadi?
Bu kabi savollar meni anchadan buyon o‘ylantirib kelayotgan edi. Balki ko‘pchilik o‘qituvchilarning ham muammosiga aylanib ulgurgandir. Ularning aksariyati Dilnoza Najmiddinovaning fikrlariga g‘oyibona qo‘shilayotgandir. Ayniqsa, maqolada “Ona tili” darsliklarida umumiy grammatik qoidalar miqdori qariyb mingtaga yaqin deyilgani kishini o‘ylantiradi.
Bugun ona tili o‘qituvchilari asosiy vaqtlari grammatika o‘rgatish uchun sarflayotganligi sir emas. Bu fikrlarni yozishimga yana bir sabab bor. 2019-yilda nashr qilingan 8-sinf “Ona tili” darsligining 31-darsida “Matn va lug‘at bilan ishlash” mavzusi berilgan. 41-topshiriqda Jaloliddin Rumiyning “Tilshunos va qayiqchi” nomli matni joy olgan:
“Bir kun mag‘rur tilshunos sohilda turgan qayiqqa minib, narigi qirg‘oqqa o‘tmoqchi bo‘ldi. Sohilda yo‘lovchi kutib turgan qayiqchilardan biriga yuzlandi. Qayiq yaqinlashdi. Olim qayiqqa o‘tirdi. Dengizni tomosha qilib kelayotgan olim qayiqchidan so‘radi:
— Sen hech nahv (grammatika) o‘qiganmisan?
— Yo‘q, men johil bir qayiqchiman.
Olim:
— E voh, juda xafa bo‘ldim. Demak, yarim umring behuda o‘tibdi, — deya achinib qayiqchiga qaradi.
Shu vaqt dovul turdi. Keyin dengizning o‘rtasi chayqala boshladi, qayiqchi butun kuchi bilan xavfdan qutulish uchun harakat qildi. Bo‘ron borgan sari kuchayar, qayiq esa cho‘kish arafasida edi. Shu vaqt qo‘rquvdan dir-dir titrayotgan olimdan qayiqchi so‘radi:
— Ey, har narsani bilgan olim do‘stim. Suzishni bilasanmi?
Yo‘q javobini olgan qayiqchi:
— Voh, voh, sen umringni behuda sarflabsan. Hozir butun umring ketadi. Chunki birozdan keyin qayig‘im cho‘kadi. Yaxshi bilginki, bu yerda hozir nahv (grammatika) emas, mahv (baloni daf qilish) ilmi lozim. Agar mahv ilmini bilsang, qo‘rqmasdan dengizga sakra, — dedi”.
Jaloliddin Rumiy hikoyada nima uchun aynan tilshunos olimni qahramon qilib oldi? Boshqa kasb egalari ko‘p edi-ku. Nima uchun Rumiy grammatikani tilga oldi? Nima uchun tilga olingan tilshunos olim hikoya oxirida ilojsiz qolganini ko‘rsatishga harakat qildi? Yuqoridagi savollar har bir o‘quvchining xayolidan o‘tadi, deb o‘ylayman. Balki o‘sha paytlarda ham grammatikani o‘rganish odamlarga katta muammo tug‘dirgandir. Yuqoridagi savollarni bugun jiddiyroq o‘ylab ko‘rishimizga to‘g‘ri kelar.
Bu fikrlarim bilan grammatika mutlaqo kerak emas demoqchi emasman. Grammatika tilshunoslikning asosi ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. Bu fikrlar balkim kimlarningdir g‘ashini keltirar. Ammo ona tilining umumiy maqsadiga qaratilgan grammatikaning kerakli va faollarini ajratishimiz lozim deb o‘ylayman. Chunki qo‘shimchalar qo‘shilishi natijasida fonetik o‘zgarishlar sodir bo‘ladigan so‘zlarimiz juda ham ko‘p. Bu jihatlarni o‘rganish o‘quvchilarning savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda o‘qituvchining oldiga qo‘yilgan asosiy talab ham o‘quvchilarning savodxonligini oshirishdir. Balkim maqolada keltirilgan olima Dilorom Yo‘ldoshevaning “Eskisidan voz kechib, yangisiga ko‘nikish mashaqqati” maqolasida ilgari surilgan fikrlarni jiddiyroq o‘ylab ko‘rish kerakdir.
Olima aytganidek, orfografiya, orfoepiya va punktuatsiya qoidalari maktabda chuqurroq o‘rgatilsa, o‘quvchilardagi savodxonlik ham yaxshilanib borar.
Darsdan bo‘sh vaqtlarimda o‘quvchilar qiziqishiga qarab ona tili fanidan OTMga tayyorlayman. Bir yil mobayniga ularga deyarli grammatikadan saboq beraman. Qoidalarni muntazam yodlattiraman. Yod olingan qoidalar asosida telegram tarmoqlariga joylashtirilgan DTM savollariga javob toptirishga harakat qilaman. Chunki DTM savollari asosan grammatika asosida tuzilgan. Oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishni xohlagan o‘quvchi aynan grammatikani bilishi lozim. Test savollarining ichida savodxonlikni tekshiruvchi savollar bitta yoki ikkita. U ham bo‘lsa grammatikaga xos bo‘lgan savollar asosida tayyorlangan. O‘qitgan o‘quvchilarimning yetti nafari OTMga o‘qishga kirdi. Grammatikani puxta o‘zlashtirganligi bunga sabab bo‘ldi. Ammo shu o‘quvchilarim imtihon vaqtidagi holatni gapirib berishga nihoyatda qiynaldi. Sababi, ularning og‘zaki nutqi bilan shug‘ullanishga vaqt ajratmay qo‘ydik. O‘quvchilar fikrlarini mustaqil ravishda bayon qilishga juda qiynalib qolayotganini sezib yuraman. Chunki ona tili darslarida yuqori sinf o‘quvchilarining og‘zaki nutqini rivojlantiruvchi topshiriqlar juda ham kam berilgan. Biz og‘zaki nutqni rivojlantirish o‘rniga qoida so‘rayapmiz. Natijada farzandlarimiz begona davraga tushib qolsalar, so‘z boyligining kamligidan o‘z fikrlarini yetkazib bera olmayotganligi ayanchli hodisa.
Akramjon HAYITOV, Yangiyo‘l tumanidagi 17-maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi