22 yil avval maktab reytingini ko‘tarishga ahd qilgan o‘qituvchi o‘z maqsadiga qanday erishyapti?
— Bundan 20 yillar avvalgi kelajak maktablari haqidagi tasavvurlarimning deyarli barchasi hozir ko‘z o‘ngimda ro‘yoga aylanyapti, — deya bugungi zamonaviy maktablar haqida andijonlik kimyo-biologiya fanlari o‘qituvchisi Qo‘chqor aka Ortiqov o‘z o‘quvchilariga so‘zlashdan tolmaydi. — Masalan, ham vaqtni, ham qog‘ozni tejashga yo‘naltirilgan zamonaviy texnologiyalar, komyuterlar yordamida testlarni elektron yechish yo‘lga qo‘yildi. Maktablarimizda kuzatuv kameralari bo‘lishini orzu qilar edim. Bugun mana shunday kameralar o‘rnatilmagan ta’lim dargohi bo‘lmasa kerak.
Eng achinarlisi, kimyo fanidan labaratoriya ishlari o‘tkazish, qiziq-qiziq tajribalarni o‘quvchilar ko‘z o‘ngida ko‘rsatib berishga sharoit yo‘q edi. Zero, har qanday nazariya amaliyot bilangina xotiraga mustahkam muhrlanadi. Mana, fan olimpiadalarida erishgan natijalarimiz evaziga tumanda birinchi bo‘lib bizning maktabni jihozlab berishdi. Sizlar zamonaviy kimyo xonasida bilim olyapsizlar.
Birinchi o‘rinda natijadorlik
“Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining bir necha bor tuman, viloyat g‘olibi bo‘lgan Qo‘chqor Ortiqov kimyo-biologiyaga qiziqishi bor o‘quvchini kashf qilib olsa bas, uni darrov shogirdlari qatoriga qo‘shadi. Har qanday iqtidorli o‘quvchining ota-onasi bilan tushuntirish ishlarini erinmay olib boradi. 2018-yilda “Murakkab masalalarni yechish va ularning usullari” mavzusidagi tuman seminarida bitta masalani 4-5 ta usul bilan yechib, kasbdoshlarining cheksiz hurmatini qozongan Qo‘chqor aka qanday ishga qo‘l urmasin, uning natijadorligi, samarasi haqida puxta o‘ylaydi. Yaqin kelajakda xususiy maktab, o‘quv markazi ochish rejasi ham uning uzoq va puxta o‘ylangan g‘oyalari natijasi. 22 yil avval oliygohlarga kiritish borasida o‘zi o‘qigan maktab reytingini ko‘tarishga ahd qilgan. Qo‘chqor akada bu borada imkoniyat ham, salohiyat ham bor. Zero, vodiyda eng mashhur bo‘lgan “Vodil”, “Vodiy ziyo” kabi o‘quv markazlarida almashilgan tajribalar, qorako‘lcha o‘qitishga intilish, mnemonikadan samarali foydalanish o‘qituvchining boshqalardan farqli jihatlaridir.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda qo‘shni qishloqliklar ham Qo‘chqor akaning mehnatlari samarasini eshitib, farzandlarini chuqur bilim olsin, deya yetaklab kela boshladi. Ayni paytda maktab darslaridan so‘ng 100 dan ziyod o‘g‘il-qiz undan kimyo, biologiyadan qo‘shimcha ta’lim olmoqda. O‘tgan yilgi murakkab vaziyatda ham jonkuyar ustoz tayyorlagan 20 nafar abituriyentning 17 nafari talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi.
Kimyo — mo‘jizakor fan
Bugun aksariyat yoshlar kimyo fanini g‘oyat qiyin ko‘rib, uni matematika bilan tenglashtiradi. Xo‘sh, ularni fanga qiziqtirish uchun nimalar qilish mumkin?
— Men doimo kimyoga endigina qadam qo‘yayotgan o‘quvchilarni chinakamiga “Mo‘jizalar olami”ga olib kirishga harakat qilaman. Eng qiziqarli kimyoviy tajribalarni go‘yoki sirkda sehrgar mo‘jiza ko‘rsatgandek ko‘rsatib beramanki, bolalar hayratga tushib, kimyo to‘garagiga qatnashish istagini aytib qolishadi. Bundan tashqari, ularni yozgi ta’tilda albatta ishlab chiqarishlarga olib borishimni aytaman. Chunki bolalarga ishlab chiqarish jarayoni juda qiziq tuyuladi, — deydi Qo‘chqor aka.
Uning ijodkorligiga yana bir ishora shuki, 7-sinflarda darslarning zerikarli bo‘lib qolmasligi uchun o‘zi she’riy topishmoqlar, tez aytishlar yaratadi. Elementlarning sinf doskasiga yozib qo‘yilgan faollik qatorini yodlab olgan o‘quvchi
Faollik qatorida 5-o‘rinda turadi
U suv bilan shiddatli reaksiyaga kiradi
Biroz xushbo‘ydir hidi,
Bu — ?
kaliy oksidi, deya oladi.
Nega qaynaydi ohak?
Qanday paydo bo‘ldi rang?
Nega yonadi modda?
Javobi emas sodda
tarzidagi topishmoq she’rlarga javob berish esa o‘quvchini ham tezkorlik, topqirlikka, kerak bo‘lsa, ijodkorlikka yo‘naltirishi bilan ahamiyatli. Favqulodda she’riy savolga she’riy javob beradigan so‘zamol o‘quvchilar ham kashf etiladi bu orqali.
“Aqliy zakovat” o‘yini esa quyidagidek topshiriqlarga boy bo‘ladi. “Geometrik figuralar orasida shunday figura borki, uning oxirgi xarfini bosh harfning oldiga olib o‘tsak, kimyoviy element nomi hosil bo‘ladi”. Agar bolalar brom hosil bo‘lishini tezlikda topa olishmasa, buning ham chorasini ko‘rib qo‘ygan o‘qituvchi doskaga geometrik figuralarni yopishtiradi. Zero, topishmoqqa figuralarni ko‘rgan holda javob qidirish o‘quvchi uchun oson kechadi. Shuningdek, “Kaliyning kationi kattami, kalsiyning kationi kattami”, “Bahrom bariy, brom, berilliylarning barini biladi” kabi tez aytishlar kimyoviy elementlar nomini xotiraga muxrlashdan tashqari nutqida nuqsoni bor bolalarning ravon so‘zlay olishida ham muhim omil bo‘ladi. Ko‘plab o‘quvchilarining tanaffus paytida tez aytishlarni takrorlab yurishi Qo‘chqor tugunmas kuch, ilhom bag‘ishlaydi.
Farzandlarimizning talaba bo‘lishiga ishonchimiz ortyapti
Maktabda kimyo faniga mehri tushib qolgan o‘quvchilar Qo‘chqor akaga rosmana shogird bo‘lish uchun uning etagidan mahkam tutishga harakat qiladi. Aksariyatining ota-onasi o‘g‘li yoki qizini oppoq xalat kiygan vrach sifatida tasavvur qilayotgani ham aniq.
—O‘g‘lim bir yarim yildan buyon shu o‘qituvchining qo‘lida tayyorlanyapti. Ko‘p yoshlarni oliygohga kiritgan ekan. Nasib qilsa, farzandim tibbiyot instituti talabasi bo‘ladi. Tuman, viloyat olimpiadalaridagi yutuqlari bizga umid beryapti — dedi opa Chimyon qishlog‘ilik Kamola opa.
“Qizim shu insonning qo‘l ostida o‘qib, biologiyani yuz foiz, kimyoni 80 foizga o‘zlashtirib oldi”. Savay qishlog‘idan kelib tahsil olayotgan Nilufarning onasi Iroda Omonova ham qizining bu ko‘rsatkichlaridan quvonib, oliygohga kirishiga ishonch hosil qila boshlaganini aytdi. Dehqonchek qishlog‘ida yashovchi biolog Xurshida opa Raximova esa mutaxassis sifatida Qo‘chqor akaning salohiyatini yuqori baholadi. U qisqa muddatda farzandi Shermuhammadning fanga qiziqishi ortgani, institutga kirish istagi kuchayganidan mamnun.
8-sinfda o‘qiyotgan farzandi Lazizbekning tuman olmpiadalarida eng yuqori balga ega bo‘lib, viloyatda ham yaxshi ko‘rsatkich bergani esa Gulbahor To‘ychiyevada o‘qituvchining bilim salohiyatiga bo‘lgan ishonchni yanada orttirdi.
Xullas, farzandi Qo‘chqor akadan ta’lim olayotgan qaysi ota-ona bilan suhbatlashmang, huddi shu tarzdagi munosabatlarni eshitasiz. Shuningdek ular, farzandlarining nafaqat aqlan, balki ma’nan ham yuksalayotganidan minnatdor. Darsning nafaqat ta’limiy, balki tarbiyaviy maqsadini ham maromiga yetkaza oladigan mohir pedagogning maqsadi — shogirdlarining yurt koriga yarashidan tashqari chinakam insoniy fazilatlarga ham ega bo‘lishi.
Darhaqiqat, Qo‘chqor aka 20 yildan ziyod pedagoglik faoliyatida qishloqdan xushmuomala farmatsevtlar, shifokorlar yetishib chiqishiga hissa qo‘shayotganida ana shu ezgu maqsadi ro‘yobini ko‘radi.
Chinakam fidoyilar charchamaydi, ularga yaratgan baraka berib qo‘yadi
Davlatimiz rahbarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni obodonlashtirish, hovli ishlariga jalb qilish o‘rniga ota-onalar bunday ishlarni mardikor yollab qildirayotganini taassuf bilan tilga oldi.
Uyidagi obodonlik, bog‘dorchilikni maktab hovlisida ham ko‘rishni juda-juda orzu qilgan, Qo‘chqor aka maktab hovlisining bir yog‘ida “Yoshlar bog‘i”, bir tomonda “Faxriylar bog‘i”ni tashkil qilib, o‘quvchilar yordamida ular parvarishini o‘z zimmasiga olgani ham uning fidoyiligidan dalolatdir. Bugun maktab bog‘idagi xurmozor, olmazor, kichik limonariya yoshlarni bog‘dorchilikka, daraxtlarga muhabbatli qilib o‘stirishga xizmat qilyapti. Maktab direktori Bahtiyor aka Omonboyev bilan bog‘langanimizda, ustozning yosh avlodni tarbiyalashdagi bu kabi jihatlarini hurmat bilan tilga oldi. Qo‘chqor akaning mashaqqatli mehnatlari evaziga uch o‘g‘lining barchasi tibbiyot oliygohida o‘qiyotganini aytar ekan, “Bir oiladan ikki-uch nafar oliy ma’lumotli yetishib chiqaversa, tasavvur qilyapsizmi...”, —dedi u faxrlanib. Shuningdek, o‘g‘illari yaqin kelajakda shu qishloqda xususiy kasalxonalar ochishdek ezgu niyat qilayotganlarini ham quvonch bilan qistirib o‘tdi.
Qo‘chqor akaning fikricha, oliy ma’lumotli bo‘lish insonning turmush tarzini belgilaydi. Shu ma’noda u oliy ma’lumotlilar safini kengaytirishga bor kuchini sarflayapti. Kechani kecha, kunduzni kunduz demaydi. Bilimi bor, ammo e’tibordan chetda qolgan yoshlar ustida ota-onalar bilan ko‘pdan-ko‘p baxslar qiladi, tushuntirish ishlarini olib boradi. Uning sa’y-harakatlari bilan o‘zi orzu qilganidek, qadrdon maktabi bitiruvchilarni oliygohlarga kiritish bo‘yicha tumanda 2-o‘ringa chiqib oldi.
Shogirdlariga har doim fidoyi bo‘linglar, chinakam fidoyilar charchamaydi, deydi. Ilm, ezgulik yo‘lida boringizni sarf etsangiz-da, yaratganning o‘zi sizga baraka yog‘dirib qo‘yadi, deya uqtiradi. Uning har bir maslagi, o‘gitlarini qalbiga jo etayotgan yigit-qizlar esa oliygohda o‘qishdek baxtga musharraf bo‘lmoqdalar.
Faxrim shuki, O‘zbekistonning chekka bir hududidagi chekka qishloqda bo‘layotgan bu harakatlardan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Qo‘chqor akaning ezgu niyatlari, yurt kelajagi yo‘lidagi fidoyiligiga qalban hayrixohlik bildirdim.
Munojat MO‘MINOVA