Kelajagimiz poydevori — ta’lim-tarbiyaga bog‘liq
Har bir xalqning, millatning ertangi kuni o‘sib kelayotgan yosh avlodga bog‘liq bo‘lganidek, hur O‘zbekistonimizning yorqin kelajagi ham bugun o‘qituvchi-ustozlardan ta’lim-tarbiya olayotgan farzandlarimizga, ularning har tomonlama yetuk va barkamol insonlar bo‘lib yetishishlariga bog‘liq. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganlaridek “Shuni unutmasligimiz kerakki, kelajagimiz poydevori bilim dargohlarda yaratiladi, boshqacha aytganda, xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimizning bugun qanday ta’lim-tarbiya olishiga bog‘liq”.
Yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalash jamiyatimiz oldida turgan dolzarb masalalardan biridir. Hozir maktablarimizda ta’lim-tarbiya olayotgan yosh avlod kelgusida ajdodlarining hayrli ishlarini davom ettiradigan, o‘zidan keyingi avlodlarga ozod va obod Vatanni meros qilib qoldiradigan hamda O‘zbekistonning buyuk kelajagini yaratuvchi kishilardir.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tasarrufidagi kam quvvatli umumta’lim maktablarida shahrimizdagi ta’lim sifati yuqori maktablarning tajribali o‘qituvchilari va direktorlar tomonidan «Ta’lim mazmunini oshirishda hamkorlik darslari» mavzusida ochiq darslar kuni tashkil etildi.
Jumladan Toshkent shahar, Chilonzor tumanidagi 162-umumta’lim maktabi direktori Elzana Yo‘ldasheva hamda bir guruh oliy toifali o‘qituvchilar: Madinaxon Nosirova, Dilnoza Mirsagatova va Muqaddam Maqsudovalar Yangi hayot tumanidagi 330-umumta’lim maktabining 5-8-9-sinf o‘quvchilariga tasviriy san’at va chizmachilik, ona tili va rus tili fanlaridan mahorat darslarini o‘tishdi. 11-sinf o‘quvchilariga Elzana Yo‘ldasheva tomonidan kasbga yo‘naltirish mavzusida suhbat va trening o‘tkazildi.
Ushbu tadbirdan asosiy maqsad kam quvvatli umumta’lim maktablari va namunali o‘qituvchilari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish va «O‘rgan-o‘rgat» tizimi orqali darslarni tashkil etish, o‘qitish sama¬ra¬dorligini oshirish, o‘quvchilarning davlat ta’lim standartlarida bel¬gilangan bilim, ko‘nikma va mala¬kalarni to‘la egallashlariga erishish, mustaqil bilim olishlarini ta’minlash, iqtidorli, iste’dodli hamda ayrim fanlarni o‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan o‘quvchilarga individual yondashish, bolalarning eng yaxshi fazilatlarini rivojlantirish, yoshlarning qiziqishi, ehtiyoji, qobiliyati, intellektual xususiyati va shaxsiy sifatlarini aniqlagan holda darslarni tashkil etish.
Mazkur sa’y-harakatlarning tub zamirida ta’lim sifati va sama¬ra¬dorligini oshirish, ma’nan va jis¬monan barkamol avlodni tarbiya¬lashdek ezgu maqsad mujassam.