Senariymi yoki ssenariy?
Alifbomizda kirill yozuvidagi ц harfini anglatuvchi yagona shakl mavjud emas. Shu bois ayni harf ishtirokidagi so‘zlar imlosi bo‘yicha bahslar anchagacha davom etdi. Unli harfdan so‘ng kelganda ts (konstitutsiya) shaklida yozilishi ham o‘quvchini chalg‘itadi. Aslida kirill ц yozuvidagi harfi ts tovushini beradi. Tovushni harf o‘rnida qo‘llash qoidaga zid emasmi?
Alifbomizda 3 ta harf birikmasi bor. Sh va ng harfiy birikmalar alohida-alohida qo‘llanganda ham aniq bir harf va tovushni ifodalaydi. Lekin ch birikmasidagi c shakli hech qanday tovushni ham, harfni ham bildirmaydi.
Alifbomizda c shakli tovushni ham, harfni ham bildirmas ekan, ch birikmasiga keraksiz detalni qo‘shib qo‘ymaganmizmi?!
Shunga ko‘ra, kirill yozuvidagi ц harfini ifodalashda c shaklini qo‘llashni taklif etaman. Ц harfi so‘zning barcha o‘rinlarida va unli harfdan keyin kelsa ham faqat, c shaklini qo‘llasa bo‘laveradi. Masalan: ceylon, cirk, ricar, konstituciya kabi. Ayniqsa, сценарий so‘zini cenariy tarzida yozsak maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki hozirgi kunda сценарий so‘zini ssenariy tarzida yozsak ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Negaki, yonma-yon qo‘llangan 2 ta ss harfi ham ц tovushini berolmaydi.
Shu yo‘l bilan c shaklining keraksiz detal emasligini isbotlagan hamda ц harfining yagona bir xil shakliga erishgan bo‘lardik. Qolaversa, o‘quvchilarga ц harfi s harfidan butunlay farqlanishini tushuntirishimiz va uning mohiyatini chuqurroq singdirishimiz osonroq bo‘lar edi.
Gulmira ESHONQULOVA,
Beshariq tumanidagi 25-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi