Fitrat armoni
Ilmiy manbalarda keltirilishicha, yer yuzida jami yetti mingdan ortiq til mavjud ekan. Mana shu tillardan biri oltoy tillar oilasining turkiy tillar tarmog‘iga kiruvchi bizning ona tilimizdir. Ona tilimiz ko‘p yillik rivojlanish tarixiga ega. Taraqqiyot davomida u xalqimiz bilan birga yashadi, millatning tug‘i singari e’zozlandi, ba’zan toptaldi, lekin yo‘qolmadi.
Tarixda shunday jarayonlar bo‘ladiki, ular qayta takrorlanmasligi mumkin, ona tilimiz esa bu jarayonni ko‘z oldimizda tasvirlab, qayta jonlantirishga imkoni yetadigan so‘z kuchiga ega. Til bo‘lmas ekan, millat ham yo‘q. Shu sababdan XX asr boshida yashagan buyuk ajdodlarimiz xalqimizni savodli qilib, tilimizning qadr-qimmatini oshirish maqsadida millatimizni o‘z ona tilida savod chiqarishga undaganlar, ona tilimizning ravnaq topishi uchun jon kuydirganlar. Ayniqsa, Fitratning bu borada olib borgan ishlari diqqatga molik. Fitrat 1918-yili Shokirjon Rahimiy va Qayum Ramazon bilan hamkorlikda “Ona tili” darsligini yaratdi. 1921-yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Til va imlo” qurultoyida o‘zbek tilining sofligini saqlash va rivojlantirishga qaratilgan bir qancha takliflarni o‘rtaga tashladi. “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: Sarf”, “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: Nahv” darsliklarini yaratdi. Olim o‘zbek tili morfologiyasi va sintaksisiga bag‘ishlangan bu asarlari bilan o‘zbek tili grammatikasini ilmiy asosda o‘rganish ishiga tamal toshini qo‘ydi. Fitrat darsliklar yaratish bilan cheklanmadi, matbuot orqali o‘tkir maqolalari bilan bu masalaga butun jamoatchilik e‘tiborini qaratdi. “Tilimiz” maqolasida millatparvar adibning XX asr boshlarida tilimizning naqadar nochor ahvolga tushib qolganligi, holbuki, tilimiz Navoiy davrida o‘z boyligi va imkoniyatlarini namoyon etib, arabiy, forsiy tillardan kam emasligini isbot etganligi hamda buyuk mutafakkir asarlari orqali qanchalik yuqori mavqega ko‘tarilganligi haqidagi mulohazalari bayon etilgan. Maqola shunday boshlanadi: “Dunyoning eng boy, eng baxtsiz tili qanday tildir? Turkcha”. Baxtsizlik darajasiga tushib qolgan tilimizni qanday ulug‘lashimiz, uning boy imkoniyatlari borligiga, o‘tmishda qanchadan-qancha nodir asarlar bu tilda yaratilganligiga qanday ishontirishimiz kerak? Albatta, adib bu yo‘lda tarixga suyanishni lozim ko‘rdi, bevosita buyuk mutafakkir Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari kamsitilish darajasiga kelib qolgan tilimizning qad rostlashiga turtki bo‘ldi. Olim o‘z mulohazalarini bayon etar ekan, “Ilm” ishining turkchasidan undirilgan so‘zlar” sifatida, ya’ni “bilim” so‘zidan “turkchada bir tomirdan 98 ta so‘z” yasalganligi haqida ma’lumot beradi va bu bilan Navoiyning turkiy til boyligi haqidagi mulohazalarini yana bir bor tasdiqlaydi. Maqolaning diqqatga sazovor jihati shundaki, millatparvar adib e’tiborga muhtoj holga kelgan tilimizning kelajagi haqida qayg‘uradi, “adabiyot tili” darajasiga ko‘tarilishi uchun jon kuydiradi.
Shu bilan birgalikda Fitrat o‘zbek tili va adabiyotining taraqqiyoti hamda tilning sofligi uchun kurash masalalariga bag‘ishlab tuzilgan “Chig‘atoy gurungi” adabiy-ma’rifiy to‘garagida yetakchi ham bo‘lgan. Bu haqda Ozod Sharafiddinov “Fitrat va uning ikki maqolasi” (“Tilimiz”, “Yopishmagan gajaklar”) nomli maqolasida quyidagilarni yozadi: “Tilimiz” deb atalgan maqola 1919-yilda “Ishtirokiyun” gazetasida bosilgan. U paytlarda Fitrat “Chig‘atoy gurungi” tashkilotining yetakchilaridan biri edi. “Chig‘atoy gurungi” o‘sha davrning yetuk olimlarini uyushtirgan bo‘lib, o‘zbek tili va o‘zbek adabiyotining rivoji uchun qayg‘uradigan madaniy-ma’rifiy to‘garak edi. Fitratning maqolasi o‘zbek tilining ravnaqini o‘ylab yozilgan. O‘sha vaqtda bunday maqola g‘oyat muhim qiymatga ega edi. Chunki adabiy tilimiz juda g‘ariblashib qolgan, boshqa chet tillardan kirgan so‘zlar hisobiga ancha buzilish darajasiga borib yetgan edi. Shuning uchun 1918-19-yillarda o‘zbek tilini soflashtirish, tatbiq ko‘lamini kengaytirish,
uning hamma ichki imkoniyatini ro‘yobga chiqarish g‘oyat muhim edi. Aytgancha, bu vazifa bugun ham o‘zining aktualligini yo‘qotgani yo‘q”. O.Sharafiddinov Fitratning til masalalariga bag‘ishlangan adabiy faoliyatiga baho berar ekan, bu masalaning maqola yozilgan mustaqillik yillaridagina emas, balki mustaqillikdan so‘ng bosib o‘tilgan yillar va bugungi kunimiz uchun ham dolzarbligini yo‘qotmaganligi diqqatga sazovordir. Uzoq emas, bugungi davr nuqtayi nazaridan yondashadigan bo‘lsak, ko‘plab ijtimoiy tarmoqlarning hayotimizga kirib kelishi ona tilimizga begona bo‘lgan vulgar so‘zlarning aralashishi, o‘zbek tilidagi ayrim so‘zlarning asl ma’nosini buzib, har xil qisqartmalar bilan yozilishi, yoshlarimizda bu holatga ko‘nikma hosil bo‘lishi bilan achinarlidir. Bu omillar tilimizning sofligi, boyligi va tozaligiga putur yetkazmoqda. Tilimiz musaffoligini saqlab qolish bugun ham har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor markazida turibdi. Ayniqsa, hozirgi kunda onlayn dars mashg‘ulotlari o‘tilayotgan bir paytda muloqot xoh yozma, xoh og‘zaki shaklda bo‘lsin darslarimiz to‘liq adabiy tilda olib borilishiga erishishimiz zarur. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida shunday degan edi: “Ayni paytda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz turli ma’lumotlarni, asosan, internet va ijtimoiy tarmoqlardan olmoqda. Binobarin, ona tilimizni jozibali va qiziqarli tarzda taqdim etish, buning uchun o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini, onlayn darsliklar, elektron lug‘atlarni yaratish kerak. Internet imkoniyatlaridan to‘liq foydalanib, o‘zbek tilini keng targ‘ib etish bo‘yicha ishlarimizni kuchaytirishimiz lozim”.
Zamon hech qachon bir yerda turib qolmaydi, davrlar almashishi bilan taraqqiyot natijasida insonning ongi va tafakkuri ham yuksalib boradi. Lekin shunday an’ana va qadriyatlarimiz borki, ularni ulkan meros va o‘lmas qadriyat sifatida e’zozlashimiz zarur. Ular jamiyat taraqqiyoti natijasida boyib borishi, sayqallanishi uchun e’tibor va e’zozdan chetda qolishi mumkin emas. Bu Fitratdek insonlar ko‘nglida kuyunish tuyg‘usini uyg‘otgan ona tilimizdir. “Eng muhimi, bu tilning istiqboli haqida Fitrat umid va ishonch bilan qalam tebratdi, tilga g‘amxo‘rlikni el-u yurtni sevish bilan, vatanparvarlik bilan bog‘laydi”, deb yozadi O.Sharafiddinov. Bugungi kunda har bir ziyoli inson vatanparvarlik tuyg‘usi bilan yashasa, til va millat taqdiriga o‘zini daxldor deb bilsa, albatta, tilimiz ham ravnaq topib boradi.
Mavluda PO‘LATOVA, Toshkent tumanidagi 16-maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi