Rag‘batning eng a’losi
O‘quvchilarimdan biri juda yaxshi o‘qiydi-yu, yozuvi xunuk edi. Bir kuni “Ziyodaxon, sen hamma fanlardan yaxshi o‘qiysan, o‘zing ham juda shirin qizsan, endi shu... yozuvingni ham chiroyli qilishimiz kerak-da. Uyda har kuni kitobdan to‘rt qator matnni chiroyli qilib ko‘chir, oying senga qarab tursin, yozganlaringni baholasin, sinfda esa o‘zim sen bilan shug‘ullanaman”, dedim.
U xo‘p bo‘ladi, degandek boshini imladi. Ammo ertasi kuni “Ustoz, oyimga yozuvimga qarab turing, yozganlarimni tekshirib bering, desam, to‘xtab tur, to‘xtab tur, keyin... deb qaramadi, serial ko‘rib o‘tiraverdi..” deb qoldi. Yozib kelganlarini ko‘rish uchun daftarini qo‘limga oldim. Qizaloq harakat qilgani ko‘rinib turibdi, matnni anchagina chiroyli yozishga urinibdi. Ammo ona uning shu harakatlariga ozgina vaqt ajratib, ustidan ko‘rib berganida va qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirganida, yozuvidagi kamchiliklarini ko‘rsatganida yanayam yaxshi bo‘lardi.
Ziyodaxonga “Yo‘q, unaqa demagin, qizim, keyingi safar oying albatta senga yordamlashadi, yozganlaringni ko‘rib beradi”, dedim. Ammo shunday deyishga dedim-u, o‘zim ham o‘ylanib qoldim. Chunki ona keyingi safar bolasining taklifiga yana e’tibor qaratmasligidan xavotirda edim. Axir serial degani har kuni berilsa... Unga qiziqib ketganlarni ko‘p ko‘rganman, butun dunyoni unutib serialni tomosha qilishadi. Ona uchun farzandining birgina harakatini baholash, rag‘batlantirish shunchalik qiyinmikan?
Sinfimda 30 bolaga nazar solaman. Ularda 30 xil xarakterni ko‘raman. Kimdir harakatchan, onasining e’tibori, ko‘magi va rag‘bati bilan yanada ilg‘orlashib ketaveradi. Kimningdir bolasi esa intiluvchan, ammo ota-ona biroz e’tiborsiz. Bir tomonlama ko‘mak – pedagogning rag‘bati yaxshi, ammo ota-onaning e’tibori bolaga o‘zgacha kuch, insonga eng kerak bo‘lgani – o‘ziga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini mustahkamlaydi. Ayrim bolalarning otasi, ayrimlarining ota-onasi birgalikda chet elga ishlagani ketgan. Buvi yoki bobolari bag‘rida tarbiyalanayotganiga qaramasdan, ularning ko‘ngli nozik, ota-onasini sog‘ingan. Shu bois bunday bolalarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘laman. Afsuski, bugun oilasi va farzandlariga e’tiborli, ta’lim-tarbiyaga jon koyitadigan onajonlar va otajonlarimiz juda ko‘pligi bilan birga, ularning aksi bo‘lganlar ham tez-tez uchrab turibdi...
Shular xayolimdan o‘tar ekan, Ziyodaxonning onasiga qo‘ng‘iroq qilish uchun raqamlarni terdim. Dastlab qizining harakatlari va intilishi haqida gapirib, so‘ng yozuvini to‘g‘rilash uchun hamkorlikka chaqirdim. Ona taklifimni bajonidil qo‘llab-quvvatladi, xursand bo‘ldi. Ertasi kuni esa o‘quvchimning yuz-ko‘zida ham ana shu quvonchning uchquni porlab turganini ko‘rdim.
Nazokat NAMOZOVA, Bulung‘ur tumanidagi 71-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi