Dars o‘tasanmi, yo‘qmi, hujjating joyida bo‘lsin!
O‘ylab qolaman, sifatli ta’lim kerakmi yoki sifatli hujjatlar? Xalq ta’limi vazirligi maktablarda sifatli ta’limni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘qituvchilar tomonidan yuritilayotgan hujjatlar sonini qisqartirgan edi. Bundan quvongandik, endi faqat ta’lim sifatiga e’tibor beriladi, o‘qituvchi ortiqcha qog‘ozbozlikdan qutuldi, endi o‘z ustida yanada ko‘proq ishlaydi, bu bizga yaratib berilgan imkoniyat deb yurgandik. Afsuslar bo‘lsinki, qog‘ozbozlik davom etmoqda.
Bunday deyishimga sabab maktabimizga xalq ta’limi bo‘limidan tekshiruv keldi, albatta bundan xursand bo‘ldim. Ular darsimizni kuzatib tahlil qiladi, o‘z xulosalarini bildiradi, degan o‘yda edim. Ha, ular dars o‘tayotgan xonamga kirishdi, davomatni aniqlab, xona haroratini yozdi, o‘quvchilar darslik bilan ta’minlanganini so‘radi-da, chiqib ketishdi. Loaqal, ustoz, darsingizni kuzatsam maylimi, qaysi fandan dars o‘tasiz, o‘quvchilarning faolligini, qiziqishlarini bilmoqchiman, demadi. Hech bo‘lmasa, aziz o‘quvchilar, qaysi dars bo‘lyapti, o‘qituvchilaring mavzuni yetkazib berolyaptimi, bu fanga qiziqasizlarmi, deya o‘quvchilardan ham so‘ramadi. Darsimni buzishgani, yana qanchadir vaqtimni olgani qoldi.
Darsni endi boshlagan edim, sizni so‘rashyapti, kirar ekansiz, deb chaqirtirib olishdi. Kirsam o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadasi maktab bosqichi hujjatlari, metodbirlashma hujjatlaringiz, ularning bayonnomasi, hisobotlarini ko‘rsatsangiz deyishdi. Bajarganlarimni ko‘rsatdim, bayonnoma va hisobotlarni endi qilayotganimni aytdim. Ular hujjatlari taqdim etilmadi, demak mavjud emas, deya dalolatnoma tuzishdi. Bu yerdayam anchagina vaqtim ketdi, u yog‘da o‘quvchilar o‘qituvchimiz qachon kelib darsni boshlarkan, deya umid bilan kutib o‘tirgani ko‘z oldimga keldi. Mayli, hujjatim yo‘q ekan, yuringlar, darsimniyam kuzatib, xulosa beringlar, degim keldi, lekin ular o‘zlarining ishi bilan bandligini ko‘rib bu so‘zlarga hojat yo‘qligini tushundim. Meni bir savol o‘ylantiradi: shu hujjatlar ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladimi? Metodbirlashmadagi bayonnomalar yoki olimpiada hujjatlarining sifatli ta’limga nima aloqasi bor? Men nima qilay: kechasi bilan hisobot yozaymi yoki ertangi kungi darsimga tayyorlanaymi? Xo‘p, biz Finlandiya ta’lim tizimini olib kirmoqdamiz, o‘sha davlatlar ta’limidayam bizga o‘xshash hujjatlar bormikan? Shu hujjatlar bo‘lmasa ishlab bo‘lmaydimi?
Yuqori tashkilotlar shuncha yengilliklar yaratib qo‘yildi, shu oddiy ishni bajarish qiyinmi, bu vazifang-ku degan so‘zlarni ko‘p takrorlashmoqda. Ular o‘zlarini o‘rnimizga qo‘yib ko‘rsinlar-chi, 45 daqiqadan har kuni 4 soat dars o‘tib ko‘rishsin. Bir hafta dars o‘tib, bu hujjatlarniyam to‘ldirib ko‘rsa o‘qituvchiga naqadar qiyin ekanligini tushunib yetishardi. O‘qituvchi bir kunda 3 yoki 4 ta turli sinflarga dars o‘tish uchun tayyorlanishi kerak. Kitob izlaydi, qo‘shimcha adabiyot o‘qiydi… Darsga tayyorlanish uchun ancha vaqt ketadi, qishloqda chiroq qurg‘ur tinmay o‘chadi, bechora o‘qituvchi bir nechta shamlarni tugatadi tok kelguncha. Ta’limga oid yangiliklarni o‘qishi, qonunlarni bilishi kerak. Chunki ertaga tekshiruv kelsa so‘raydi. Men o‘quvchilarim taqdirini o‘ylayman, ularga ta’lim berolmasak ertaga oily o‘quv yurtiga kirolmasa, yana bechora o‘qituvchi aybdor...
Elyorjon MAHKAMOV, Rishton tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi