O‘qituvchiga zamonga moslashishi uchun yordam kerak!
Zamon shiddati bugun bizni taraqqiyot yo‘lidan ancha ortda qoldirganini tan olish lozim. Bu — og‘riqli bo‘lsa-da haqiqat. Orzularga ko‘p berildik, katta ishlarni boshladik, oliy ta’limdan ko‘p narsalarni kutdik. Ammo aksariyat ishlarimiz kutilgan natijani bermadi, ishonchimizni oqlamadi. Maktab ta’limini biroz boshqacharoq usullar bilan jonlantirish, zamonga moslashishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Nega biz hayotda qiynalyapmiz — bilimsizligimiz, zamonaviy bilimlarni egallashdan ortda qolganimiz, bor diqqat-e’tiborimizni mayda-chuyda maishiy muammolarga qaratganimiz uchun emasmi? Inson fitratida tabiiy ehtiyoj bor: qorin to‘ydirish, kun ko‘rish kerak. Lekin yana bir haqiqat ham bor — odam faqat kun o‘tkazish uchun yashamaydi, u rivojlanib borishi, o‘sishi kerak, ana shunda ertangi kuni bugunidan yaxshiroq bo‘ladi.
Boshi “tirikchilik” tashvishidan chiqmaydigan oilalarda beruniylar, ibn sinolar, xorazmiylar yana tug‘ilishi mumkindir, ammo ularning iqtidorini ko‘ra olmasak, tarbiya qilmasak, hayotimizda bundan keyin ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Bularning barchasi, avvalo, maktab ta’limiga bog‘liq.
90-yillarning boshida Rossiyada shunday vaziyat bo‘lgandi. Siyosiy tizim o‘zgargan, katta mamlakat parchalangan, maktablarning saviyasi butunlay tushib ketgan davrlar. O‘shanda oliy ta’lim muassasalariga shunday topshiriq berilgan: har biri o‘z ichki imkoniyatlaridan foydalanib, maktablar bilan hamkorlik qilishi lozim edi. Har bir institut yoki universitet qaysi yo‘nalishlarda rivojlanayotgan bo‘lsa, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tumanlarda maktablar tashkil qilishi yoki maktablar bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak edi. Shu yo‘sinda maktablarda fanlar assotsiatsiyalari tashkil etila boshlandi.
Moskva viloyatida bir yarim mingga yaqin maktab bo‘lsa, ularda o‘qitiladigan jami 18 ta fan bo‘yicha asssotsiatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Institut, universitetlar professor-o‘qituvchilari maktab o‘qituvchilari uchun mahorat darslari tashkil etardi, yaxshi tashabbuslar ommalashtirilardi. Shu tariqa maktablar orasida sog‘lom raqobat muhiti shakllandi. Fanlarni o‘zlashtirish borasida musobaqalashish boshlandi. Maktablar jonlandi. Bu yaxshi tashabbus 3 yoki 4 yildayoq samara berdi. O‘quvchilar xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘la boshladilar, oliy ma’lumot olishga intiluvchilar ko‘paydi va hokazo.
Ayni kunda Rossiya xalq ta’limi sohasi bo‘yicha dunyodagi kuchli o‘ntalik mamlakatlari safida. O‘sha payti ular maktab ta’limi borasida eng ilg‘or mamlakatlar tajribasini o‘rgangandi. Bular Singapur va Finlandiya xalq ta’limi tizimi. Qizig‘i, ulardagi ta’lim tizimi rossiyaliklarga ma’lum bo‘lgan an’anaviy usullarni o‘zlariga moslashtirgan bo‘lib chiqdi.
Aytish mumkinki, har bir yangilik ba’zida unutilgan eskilik bo‘lib chiqishi mumkin. Biz, albatta, bu tajribani aynan o‘zlashtirmaymiz. Mamlakatimiz ta’lim tizimining hech qaysi mamlakatnikiga mutlaqo o‘xshamaydigan o‘ziga xosliklari, muammolari va yutuqlari bor. Jahon tajribasida ko‘p bor muvaffaqiyat keltirgan bu usulning albatta “O‘zbek modeli”ni yaratishimiz lozim.
Prezidentimizning 2020-yil 6-noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi ko‘p jihatdan oliy ta’lim muassasalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu o‘rinda asosiy ish, albatta, pedagogika va psixologiya yo‘nalishlaridagi mutaxassislar tayyorlaydigan institut va universitetlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Chunki ular maktab tizimiga eng yaqin mutaxassislardir. Misol uchun, texnika universiteti mutaxassisi pedagog bo‘lmasdan turib, maktab ta’limida ishtirok etolmasligi, aniqrog‘i, 45 daqiqalik darsni qanday tashkil etishni (dars tuzilmasini) bilmasligi mumkin. U yaxshi mutaxassis, o‘z sohasining bilimdonidir, lekin pedagog emas. Darslarda me’yoridan ortiq bilimni o‘quvchilar miyasi qabul qilishga qodir emasligini pedagog bo‘lmagan kishi tushunolmaydi. Ishni dastlabki bosqichdan boshlash kerakligini bilmaydi va hokazo. Demak, aytish mumkinki, pedagogika, psixologiyadan xabardor bo‘lmagan kishilar uchun ishni tashkil qilish juda qiyin va murakkab.
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti ayni kunda Samarqand viloyatidagi 150 ta maktab bilan hamkorlik qilmoqda. Bir oy davomida viloyatning o‘nlab maktablari hayoti bilan yaqindan tanishdik. Pastdarg‘om, Paxtachi, Narpay va Samarqand tumanlari maktablarida bo‘lganimizda, bir narsaga amin bo‘ldikki, ular turli hududlarda joylashgan bo‘lishiga qaramasdan, muammo va tashvishlari bir xil. Ular orasida na’munali maktablar ham bor – bitiruvchilari OTMlarga kirgan, o‘quvchilari olimpiada g‘olibligini qo‘lga kiritgan, turli tanlovlarda muvaffaqiyat qozongan va hokazo. Shu bilan birga, yillar davomida bironta bitiruvchisi o‘qishga kirolmagan, ro‘yxatlarda bo‘lmagan, hujjat ishlari mutlaqo yuritilmaydigan maktablar ham borligini e’tirof etish lozim.
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti qoshida Fanlar uyushmasi tashkil etildi. Uyushmada maktablarda o‘qitiladigan jami 9 ta fanning (ona tili va adabiyot, matematika, informatika, kimyo, biologiya, tarix, chet tili, fizika) o‘qituvchilari muntazam o‘qitilib boriladi. Seminar-treninglar, mahorat darslari, tajribalar almashinuv va malaka oshirish mashg‘ulotlari tarzida tashkil etiladigan darslarda maktab o‘qituvchilariga yangi bilimlar o‘rgatiladi. Ular darslarda o‘z hamkasblari bilan tajriba almashadi, fikrlashadilar, dars o‘tishning zamonaviy usullari o‘rgatiladi. Seminar-treninglarda ishtirok etib, shu narsaga amin bo‘ldimki, ular, ya’ni o‘qituvchilar bu loyihaga katta umid bildirishmoqda. Loyihaning maqsadini hijjalab tushuntirishga hojat qolmadi, ular birpasda mohiyatni anglab olishdi. Hatto kimyo va biologiya fanlaridan mutaxassis bo‘lganim uchun bir necha dars-mashg‘ulotlarni shaxsan o‘zim o‘tib berishimni iltimos ham qilishdi. Nega rozi bo‘lmasligim kerak?
Aytaylik, har bir o‘qituvchining yaxshi ko‘rgan mavzusi bo‘ladi, u ana shu mavzuni mazza qilib o‘quvchilariga o‘rgatadi. Ba’zi mavzularni esa yaxshi tushunmasligi (o‘zidan qoniqmasligi mumkin), shuning uchun darsni ham yuzaki o‘tishi mumkin. Treninglarda u hamkasblari orasidan ana shu o‘zi tushunmaydigan mavzuni yaxshi biladigan va sevadigan hamkasbini uchratadi, undan o‘rganadi va tajribalar ommalashadi. Sog‘lom raqobat muhiti shakllanadi.
Maktab o‘qituvchilarida bilimlar yetarliligi ko‘rinib turibdi. Ana shu bilimni o‘quvchiga yetkaza bilish, o‘quvchilarni darslarga jalb qilishni, ularning orasidan kimning nimaga qobiliyati, iqtidori borligini aniqlab, ular bilan yanada chuqurroq ishlashni o‘qituvchiga eslata olsak yoki o‘rgata olsak, maqsadga ancha yaqinlashgan bo‘lardik.
Fanlar uyushmasining asosiy vazifasi ham ana shulardan iborat.
Demak, ishlarni shunchaki “qog‘ozda”, “ura-ura”chilik asosida bajarish bilan ish bitmaydi. Maktab ta’limi borasida katta islohotlarni amalga oshirishga kirishdik. Yana bir narsani unutmaslik kerakki, oliy ta’limga yoshlarni tayyorlash aynan maktab ostonasidan boshlanadi. Bugungi hamkorligimiz albatta yaqin kelajakda o‘z mevasini berishiga umid qilish mumkin. Yana muhimrog‘i, ishlarimizni tizimli, muntazam, aniq qoidalar asosida, rejali olib borishimiz kerak.
Maktablarimizda zamonaviy bilimlarni o‘qitishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani ham achinarli hol. Bu balki maktab ma’muriyati bilan emas, yuqoriroq doiralarda hal qilinishi lozim bo‘lgan muammodir. Lekin o‘qituvchi internet aloqasisiz, kompyuterlarsiz darsga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rolmaydi. Darslarda bu vositalardan foydalanmasdan turib, yaxshi natijalarni qo‘lga kiritish mushkul.
Maktab darsliklari bugungi kunga kelib ancha eskirib qolgani ham bir muammo. Ularni yangilash uchun katta mablag‘ lozim. Bu davr mobaynida o‘qituvchilar elektron kutubxona imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin. Maktab internet tizimiga ulanmagan bo‘lsa, ular bu imkoniyatdan ham foydalana olmaydilar. Kompyutersiz, internetsiz va boshqa zamonaviy aloqa vositalarisiz biz o‘quvchilarga chuqur bilim bera olmaymiz, yoshlarni qiziqtira olmaymiz. O‘quvchilar qo‘llaridagi oddiy smartfon bilan ham bugun ko‘p ishlarni amalga oshirishga qodir. O‘qituvchilar o‘z o‘quvchilaridan ortda qolishlari esa achinarli holat. Ayni kunda bu borada yana bir yaxshi ishga qo‘l urilayotgani, ya’ni o‘quvchilar uchun elektron kundalik joriy etilib, sinf jurnallari elektron tarzda yuritilishi haqidagi xabarlar ko‘ngilga biroz taskin beradi.
Xullas, yaxshi niyatlar bilan bu katta loyihaga qo‘l urdik. Maktabning, o‘qituvchilarning obro‘sini qaytarishimiz kerak. Maktablar ilgarilari tom ma’nodagi ziyo, ma’rifat maskani bo‘lgan. Dunyoning barcha muammolari, yangiliklari avvalo maktab miqyosida o‘qituvchilar tomonidan muhokama qilingan, ularning talqini xalqqa yetkazilgan, o‘qituvchilar esa jamiyatning eng ilg‘or qatlami, nufuzli, e’tiborli kishilari bo‘lishgan. Aslida ham shunday, bu kasb egalari hurmatga loyiq kishilardir. Ular o‘zlaridagi bor bilimlarini shogirdlariga berib, millat kelaja-gini, kelgusi hayotini ta’minlaydilar.
Biz o‘qituvchiga imkon beraylik, hech bo‘lmaganda, uslubiy tomondan. Bu bilimlar uning zamonga moslashishiga yordam beradi.
Xudoynazar YUNUSOV, SamVMI rektori, biologiya fanlari doktori, professor