O‘quvchim bilan do‘stman, siz-chi?
Maktabda yuqori sinf o‘quvchilariga sinf rahbarlik qilarkanman, odatda ishni Kaykovusning “Qobusnoma” asarini o‘qib muhokama qilishdan boshlayman. Boisi, o‘quvchilarga hunar o‘rganish, do‘stlikning afzalliklari haqida tushuncha beramiz. Sinfda o‘g‘il-qizlar orasidagi hurmat muhim. Do‘stona sog‘lom muhit yaratilsa, bolalar maktabga xushkayfiyatda kelishadi.
Sinf rahbari sifatida har bir o‘quvchining tug‘ilgan kunida kitob sovg‘a qilishni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu ham oddiygina ko‘rinsa-da, ular o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlaydi. Va yana bolalarni hech qachon bir-biri bilan taqqoslamayman, aksincha, har biriga individual yondashaman. Masalan, bir bolaning sport bo‘yicha yutug‘i bo‘lsa, boshqasining iqtidori san’atga moyil bo‘lishi mumkin. Mana shu jihatlarni anglashga harakat qilaman. O‘zlashtirishi sust yoki biror kamchilikka yo‘l qo‘ygan o‘quvchi bilan alohida suhbat qilaman. Ko‘p hollarda bolaning ota-onasiga murojaat qilishga shoshilmay, avvalo o‘zi bilan do‘stona muloqotda bo‘lishga urinaman.
Albatta, har bir ota-ona o‘z farzandining xatti-harakatlari va bilim saviyasi haqida yaxshi gaplar eshitishni istaydi. Ular sinf rahbari tomonidan rag‘batlantirib turilsa, o‘quvchi ta’lim-tarbiyasidagi bo‘shliqlar to‘ldirilib boriladi.
Shoira BOZOROVA,
Romitan tumanidagi 1-maktabning oliy toifali ingliz tili fani o‘qituvchisi