Insholar tanlovining me’yori yo‘qoldi
So‘nggi paytda me’yoridan ortiq insho yozdiryapmiz. Yaqin 15 kun ichida 3 ta insho tanlovi o‘tkazdik. Albatta, o‘quvchi ko‘proq insho yozsa buning foydasi ko‘p. Fikrlash doirasi, yozma nutq madaniyati, imlo savodxonligi oshadi.
Ammo buyruq asosida berilayotgan insholarning mavzusi o‘quvchilar uchun qiziqarli emas. Jumladan, “Biz korrupsiyaga qarshimiz” (6-11-sinflar), “OITSni yengamiz” (8-11-sinflar) kabi mavzularda o‘quvchilar insho yozishga qiynalishadi. Buning sababi, hali katta hayotga qadam qo‘ymagan, korrupsiya kabi illatlarga duch kelmagan o‘g‘il-qizlar buning nima ekanini qayoqdan bilsin. Qachonki, bola inshoning mavzusi mohiyatini his eta olsa, bu mavzu unga qalban yaqin bo‘lsa, yozganlarida shaxsiy fikr, o‘y va shuurini, qalbidagi gaplarini aks ettiradi. Ammo hisobot uchun yozdiriladigan bunday mavzudagi insholarda o‘quvchilar ko‘chirishga qulay manba izlab, umumiy gaplardan nariga o‘ta olishmaydi.
To‘g‘ri, korrupsiya, OITS bugungi kunning dolzarb muammolaridan. Maktab o‘quvchilari buning nima ekanligi, jamiyatga, davlatga qanday zarar yetkazishi, bunday illatlardan yiroq yurishlari kerakligini bilishlari lozim. Shunday ekan, buni davra suhbati shaklida o‘tkazsa, samarali bo‘lmaydimi? Sinf soatlarida ham bunday mavzular mavjud. Dars davomidagi yozma ishlarning o‘zi yetarli. Bunday mavzulardan insho yozdirish, o‘quvchilarning umuman insho degan jarayondan bezib qolishiga olib kelyapti.
“Insho” so‘zi “bino qilish”, “qurish” degan ma’nolarni bildiradi. Maktablarda biz har ikki kunda nimadir “quryapmiz”. O‘sha qurayotganimiz foydalimi yoki xo‘jako‘rsingami, ajrata olmay qoldik. To‘g‘risi, har qanday ish me’yorida bo‘lgani yaxshi ekan. Tanlovlar yaxshi, ammo ularning har hafta o‘tkazilishidan kim manfaatdor? O‘qituvchi dars o‘tsinmi yoki har oyda ikkitadan tadbirga tayyorlansinmi? Oxiri ko‘rinmaydigan insholar tanlovi, kasalliklar bo‘yicha yozdiriladigan diktantlar nima beradi ta’limga? Bolalar darsda ham insho yozgilari kelmay qolyapti. Yaqinda 6-sinf o‘quvchilarimga “Korrupsiya haqida insho yozamiz” desam, nima u deyishdi. Tushuntirishga harakat qildim(tushunganlariga ishonmadim). Ko‘zlarini pirpiratib turishibdi. Yuqori sinflar esa bezor bo‘lishdi. Ochiqchasiga “Ustoz, yozishga vaqtim yo‘q, repetitorga boryapman, darslarim ko‘p”, deyishyapti. Bunday holat o‘qituvchilarning ham ishidan ko‘ngli sovushiga olib kelyapti. Ko‘plab bilimli o‘qituvchilar maktabda o‘qituvchilik qilishdan ko‘ra, ishdan bo‘shab, repetitorlik qilishni afzal ko‘rishyapti. To‘g‘ri-da, maktabda dars o‘tsinmi, tadbir o‘tkazsinmi, insho yozdirsinmi?
Qachongacha davom etadi bunday tadbirbozliklar? OITS, korrupsiya va yana qandaydir mavzularda o‘quvchilarning mustaqil fikriga ega bo‘lishlarini istar ekanmiz, soha mutaxassislari kelib, davra suhbati ko‘rinishida tushuncha bersalar foydaliroq bo‘lardi.
Dilfuza SUVONOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi