Ikki maktab o‘qituvchilari tajriba almashishyapti
Shayxontohur tumanidagi 20- va Olmazor tumanidagi 134-umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish maqsadida hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Kuni kecha 134-maktabning ingliz tili, ona tili va adabiyot, tarix, kimyo va 2-3-sinf boshlanғich ta’lim o‘qituvchilari tajriba almashish maqsadida Shayxontohur tumanidagi 20-maktabga tashrif buyurib, ochiq darslar o‘tib berishdi.
— Bugungi ochiq darslar maktabimiz o‘qituvchilari uchun ko‘p narsa berdi deb o‘ylayman, — deydi 20-maktab direktori Shahnoza Qosimova. — Zero, har bir dars kuzatuvi, tahlili o‘qituvchilar uchun tajriba almashish, mahorat oshirish, bilimlarni boyitish imkonini beradi. Ikki maktab o‘rtasida kechayotgan hamkorlik har ikkala ta’lim muassasasi uchun samarali bo‘lyapti. Chunki, birinchidan o‘qituvchilar bir-biri bilan tajriba almashish jarayonida o‘z ustilarida juda ko‘p ishlashyapti. Tabiiyki, maktabni va o‘z imkoniyatlarini har qanday pedagog to‘laligicha namoyish qilishni xohlaydi. Ikkinchi tomon ham birinchi tomondan o‘rganish barobarida, o‘z kamchiliklarini ko‘rib olishi va yutuqlarini ko‘rsatib berishi mumkin. Tashkil etilgan ochiq darslar maktab ma’muriyati, fan o‘qituvchilari va o‘quvchilarimizda katta taassurot qoldirdi. Buning uchun hamkorimiz 134-maktab o‘qituvchilaridan minnatdormiz.