Maktabning yuqori sinf o‘quvchilari dars vaqtida qayerda?
Farg‘ona tumanidagi Xonqiz qishlog‘ida 2 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bor. Xususan, 52-maktabda ikki smenada 1 ming 386 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Bugun ta’lim-tarbiya ishlariga har qachongidan e’tibor kuchaygan. Yoshlarning puxta bilim olishlari, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi yo‘lida ko‘plab ishlar qilinyapti. Afsuski, mazkur ta’lim maskani tumanda og‘ir sharoitdagi maktablardan biri hisoblanib, yechimini kutayotgan muammolar anchagina. Yangi direktor tayinlanganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, bu yerda haligacha sezilarli harakatlar boshlanmadi.
Davomat maktabda o‘quvchilarga e’tibor, dars va darsdan tashqari mashg‘ulotlar ahamiyatini, o‘qituvchilarning o‘z ishiga yondashuvini ko‘rsatadi. Bu jarayon maktabning urib turgan yuragiga qiyoslanadi. Mazkur ta’lim maskanida esa yuqori sinf o‘quvchilarining davomati nihoyatda achinarli ekaniga guvoh bo‘ldik. Sababsiz mashg‘ulotlarga kelmayotgan o‘quvchilar soni ko‘pchilikni tashkil qiladi.
11 “D”-sinfda 26 nafar o‘quvchi bo‘lib, algebra darsida bor yo‘g‘i 12 nafari ishtirok etmoqda. Maktab direktori Mirkomil Soliyev esa bu holatni izohlay olmaganini qanday tushunish mumkin? Shuncha maktab o‘quvchisi darslarga qatnashmasdan qayerda yurganligi nahotki mutasaddilarni qiziqtirmasa? Bir o‘qituvchining “bahorgi ishlar boshlangan, shunga ketib qolgan bo‘lsa kerak”, deya bamaylaxotir aytgan gaplari esa bizni tashvishlantirdi. O‘quvchilar bilan suhbatlashib, ma’naviy-ma’rifiy sohada oddiy ma’lumotlarni bilmasligi ayon bo‘ldi.
Yoshlarni musiqa va san’atga oshno etish muhim vazifa sanaladi. Maktabda o‘qiyotgan shuncha o‘quvchi uchun bittadan rubob, dutor, doira va pianino bor, xolos.
– Besh yildan buyon shu yerda ishlayman, ilgarilari o‘zimizning musiqa asboblari bilan dars o‘tardik, – deydi musiqa fani o‘qituvchisi Abdubannop Turg‘unov. – O‘tgan yili shu bittadan musiqa cholg‘u asboblarini berishdi. Musiqa to‘garagi tashkil etilgan, o‘quvchilarimizning san’atga qiziqishi kuchli.
“Qo‘rg‘ontepa” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 54-maktabda esa bundan-da og‘ir holatning guvohi bo‘ldik. Dars jadvaliga ko‘ra, oltinchi soatda 11-sinflarda informatika bo‘lishi kerak. O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari hamrohligida butun maktab hududini, sinf xonalarini aylanib, birorta 11-sinf o‘quvchisini topa olmadik. Vaholanki, bu sinfda 25 nafar yigit-qiz o‘qir ekan.
2015-yilda qurilgan sport zali bugungi kunda nochor holga tushib qolgan. Yuvinish xonalari qurilganidan beri ishlamaydi. Aksariyat jihozlari zanglab yotibdi.
Bu Farg‘ona viloyatining bitta tumanidagi holat. Shahar va tumanlarda mingga yaqin maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda davomat, ta’lim-tarbiya sifati balki yaxshidir, ammo ba’zi joylarda oddiy sharoitlar ham mavjud emas.
Mutasaddilar ta’limga e’tiborliroq bo‘lishi kerakka o‘xshaydi...
M.Sulaymonov, O‘zA