Nosog‘lom muhitdan kim manfaatdor?
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan xalq ta’limi tizimini tubdan isloh qilish, maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning jamiyatdagi hurmatini yuqori darajaga ko‘tarish, maktablarning holatini yaxshilash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha zarur vazifalar belgilab berilmoqda. Jumladan, umumta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholashga qaratilgan milliy reyting tizimi ushbu vazifalardan biri bo‘lib, maktablarda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Milliy reyting – umumiy o‘rta ta’lim tizimida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan ichki islohot bo‘lib, uning natijasi orqali ota-onalar va keng jamoatchilik tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlar va maktablardagi o‘quv muhiti haqida shaffof ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda Respublikamizning 204 ta tuman va shaharlarida 983 ta maktabda milliy reyting jarayoniga oid navbatdagi nazorat ishlari va ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Mazkur jarayonning shaffof va sifatli o‘tishini ta’minlash uchun jami 15 ta ishchi guruh tuzilib, uning tarkibida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Kadrlar tayyorlash sifatini monitoring va nazorat qilish hamda reytinglar tuzish bo‘limi, Inspeksiyaning hududlardagi bo‘limlari, OTMlarning ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari, Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalari hamda tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari mutaxassislari qatnashdi. Maktablarda 9-sinf o‘quvchilari bilan 2 ta fandan nazorat ishlari, pedagog va rahbar xodimlar faoliyati samaradorligini o‘rganish hamda umumta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar va o‘qitish muhiti holati haqida o‘quvchilar va o‘qituvchilar orasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi.
9-sinf o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan diktant ishi o‘quvchilarning savodxonlik darajasi, husnixati va o‘z ona tilida matnni xatosiz yozish ko‘nikmasi qanday shakllanganligini aniqlab bersa, matematikadan yozma ish natijalari bugungi kunda maktablarda o‘quvchi yoshlarning qanday bilim olayotgani, turli xil amaliy sharoitlarda muammolarni hal qilish uchun o‘quvchilarda matematik fikrlashni shakllantirish va matematikani talqin qilish qobiliyatini qay darajada o‘zlashtirayotganini aniqlab beradi.
Maktablar reytingi – xalq ta’limi tizimining qanday ishlayotganini ko‘rsatib turuvchi mezondir. Reyting orqali umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligiga baho beriladi, ta’lim sifatini monitoring va nazorat qilish ta’minlanadi. O‘tkazilayotgan so‘rovnomalardan asosiy maqsad o‘qituvchilarning o‘quvchilarga bilim berish darajasini aniqlash, o‘quvchilarning o‘qituvchilarning faoliyati haqidagi fikrlarini o‘rganish, ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlarni tahlil qilish va o‘quvchilarning sifatli bilim olishlari uchun to‘sqinlik qilayotgan muammolarni o‘rganib bartaraf qilishdan iboratdir. Bir so‘z bilan aytganda, reytingning maqsadi – umumta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholash orqali Respublikamiz umumiy o‘rta ta’lim tizimida sog‘lom raqobat muhitini paydo qilishga qaratilgan.
Shunga qaramay, hududlarda ta’lim sifatini yaxshilash uchun intilish o‘rniga tizimdagi ayrim xodimlar tomonidan qilingan mas’uliyatsizlik, sovuqqonlik xatti-harakatlari, ko‘zbo‘yamachilik, nazorat vaqtida belgilangan tartib-qoidalarni buzish holatlari haligacha davom etib kelmoqda.
Nazorat jarayonlarining shaffof kechishiga qo‘pol tarzda xalaqit beruvchi holatlarning uchrab turishi dilni xira qiladi. Masalan, jarayonga tanlangan sinfdagi o‘quvchining o‘rniga boshqa o‘quvchini olib kirish. Xo‘sh, bunday nosog‘lom muhitdan kim manfaatdor? Yolg‘on ko‘rsatkichlar natijasi qancha umr ko‘radi?!
Jumladan:
Andijon viloyatida: Andijon shahridagi 54-maktabda nazorat ishlari o‘tkaziladigan 9-sinfga 3 nafar kollej o‘quvchisi kiritilgan, Oltinko‘l tumani 30-maktabda 6 nafar va Asaka tumani 27-maktabda 5 nafar o‘quvchi almashtirilgan, Qo‘rg‘ontepa tumani 19-maktabda 1 nafar o‘quvchi va Qorasuv shahri 3-maktabda 1 nafar o‘quvchi telefon olib kirgan.
Farg‘ona viloyati: Quva tumani 16-maktabda 5 nafar o‘quvchi 10- sinf o‘quvchilari bilan almashtirilgan.
Toshkent viloyatida: Parkent tumani 16-maktabda 2 nafar o‘quvchining o‘rniga boshqa o‘quvchi kiritilgan, Angren shahar 28-maktabda 4 nafar o‘quvchi 10-sinf o‘quvchilari bilan almashtirilgan. Angren shahar 38-maktabda 2 nafar o‘quvchi telefondan foydalangan. Zangiota tumani 27-maktabda 1 nafar o‘quvchi tartib-qoidani qo‘pol ravishda buzgani uchun jarayondan chetlatilgan.
Namangan viloyatida: Chust tumani 29-maktabda 3 nafar o‘quvchining o‘rniga boshqa sinf o‘quvchilari kiritilgan.
Samarqand viloyatida: Urgut tumani 93-maktabda 8 nafar o‘quvchi boshqa maktabdan keltirilgan, Shuningdek, Pastdarg‘om tumani 51-maktabda 6 nafar, Nurobod tumani 69-maktabda 1 nafar, 68-maktabda 5 nafar, 31-maktabda 6 nafar, Paxtachi tumani 4-maktabda 2 nafar, 7-maktabda 4 nafar, Toyloq tumani 10-maktabda 4 nafar, o‘quvchining o‘rniga boshqa sinflardan o‘quvchi kiritilgan, Kattaqo‘rg‘on shahar 14-maktabda 1 nafar o‘quvchi telefondan foydalangan.
Sirdaryo viloyatida: Boyovut tumani 39-maktabda 3 nafar, 12-maktabda 2 nafar o‘quvchi almashtirilgan.
Jizzax viloyatida: Zomin tumani 24-maktabda 1 nafar, Baxmal tumani 9-maktabda 1 nafar, Yangiobod tumani 9-maktabda 3 nafar o‘quvchi almashtirilgan.
Qashqadaryo viloyatida: Chiroqchi tumani 98-maktabda 8 nafar o‘quvchining o‘rniga boshqa o‘quvchilar kiritilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida: Mo‘ynoq tumani 14-maktabda 1 nafar o‘quvchi o‘rniga boshqasi kiritilganligi aniqlandi.
Milliy reyting jarayonidagi ko‘z yumib bo‘lmas bu xato va kamchiliklarni qanday tuzatish mumkin? Ayting-chi, kim-kimni aldayapti? Axir, “Farzandlarimiz — kelajagimiz” deya bong urib turgan bir vaqtda, aynan ta’lim-tarbiya tizimida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar, maktab rahbarlari, kerak bo‘lsa, mas’ul bo‘lgan viloyat, tuman rahbariyatining loqaydliklarini qanday baholash mumkin? Jarayonda o‘quvchilarning nazoratchiga kiprik qoqmay o‘rgatilgan ism-familiyani aytishini yoki davomat so‘ralganda navbatchi o‘quvchi aytgan ma’lumot bilan sinf rahbarining aytgan ma’lumoti to‘g‘ri kelmay qolishini qanday izohlaymiz? Xalq ta’limi xodimlari eng birinchi navbatda maktabda adolat o‘rnatishlari kerak emasmi?
O‘qituvchi mehnatining samarasi o‘quvchida namoyon bo‘ladi. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, o‘qituvchi qilinmagan mehnatini yashirish maqsadida jarayonning shaffof o‘tishiga to‘sqinlik qilmoqda. Keling, soxtakorlik ortidan kutiladigan boshqa jihatlarga ham e’tiborimizni qaratsak. Ota-ona milliy reytingdan farzandining chetlashtirilganini, o‘rniga boshqa o‘quvchining kiritilganini bilsa, qay holatga tusharkan? Nazaridagi hurmatga loyiq o‘qituvchi haqidagi fikri o‘zgarmasligiga kim kafolat beradi? Jamiyatdagi o‘qituvchi mavqeyi shakllanishidagi asosiy omilni, ya’ni xalq bahosini o‘z qo‘limiz bilan boy bermayapmizmi? Ta’lim-tarbiyadagi muammo shu yo‘l bilan bartaraf etiladimi? Eng achinarlisi, bunday xatti-harakatlar bilan o‘z kelajagimiz bo‘lgan yoshlarga yolg‘on tarbiya bermayapmizmi? Ma’naviy ojizlik nishonasi emasmi bu? Savollar ketidan yurakni larzaga soluvchi og‘riqli savollar tug‘ilaveradi… Balki, bunday nuqsonlarga nuqta qo‘yadigan fursat kelgandir?!
Birinchi navbatda, o‘quvchiga sifatli ta’lim berish uchun uni aldamaslik kerak, har bir o‘qituvchi dars berayotgan faniga va o‘quvchilariga nisbatan javobgarlik burchini sezishi, jamiyat va o‘quvchi ehtiyojini qondirish darajasida bilim berish uchun tinimsiz izlanishi zarur.
Boshlang‘ichda binoning ko‘rinishi mukammal chizilsa-yu, ammo qo‘yiladigan poydevoridan tortib ustunigacha mustahkam bo‘lmasa, devorlariga ming zeb berilaversin, yengil esgan shabadaga ham dosh bera olmaydi. Chunki mo‘rt tashlangan poydevorli bino albatta qulaydi.
Tizimda ishlayotgan viloyat, tuman xalq ta’limi mas’ullaridan tortib o‘qituvchilargacha pedagoglik mas’uliyatini bor vijdoni bilan his etishi kerakki, bu – har so‘zi-yu amalida ko‘rinsin!
Hayotxon XUSAMBOYEVA, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh mutaxassisi