Qishloqdagi kichik maktablarda katta muammolar
Qishloq maktablarida OTMlarni tamomlagan oliy ma’lumotli o‘qituvchilarni qo‘shni viloyat va tuman, qishloqlardan ishga jalb qilish orqali bo‘sh ish o‘rinlari to‘ldirilyapti. Har bir ota-ona o‘z farzandining bilimli mutaxassis qo‘lida chuqur salohiyat egasi bo‘lib yetishishini, kelajakda o‘z o‘rnini topishini xohlaydi. Buning uchun bor imkoniyatlarni yaratib beradi. Lekin maktabga men oliy dargohni tamomlaganman, falon fanning mutaxassisiman, degan iddao bilan keladigan o‘qituvchilar o‘z ustida ishlay olyaptimikan?
Ularni oliy ma’lumotli mutaxassislar deymiz-u, ammo nega hali-hamon o‘quvchilarimizning darslarni o‘zlashtirishi past? Nega o‘quvchilar boshlang‘ich sinfda yaxshi o‘qishadi-yu, yuqori sinfga o‘tgandan keyin bilim darajasi pasayib ketaveradi? O‘quvchilarni o‘z fanimizga jalb qilolmayapmizmi yoki ular buni xohlashmayaptimi? Nahotki, o‘quvchilarimizni o‘z fanimizga jalb qilolmasak? Nahotki, bir sinfdagi atigi 10–15 o‘quvchining o‘zlashtirishini ko‘tara olmasak. Aslida, maktabdagi bor-yo‘g‘i 150 o‘quvchiga 40 nafar o‘qituvchi dars berishining nima keragi bor?!.
Maktablarni bitiruvchilarning OTMlarga kirish ko‘rsatkichiga qarab yashil, sariq, qizil hududlarga bo‘lishdi. Bu borada past natija ko‘rsatgan maktab rahbarlari o‘z vazifalaridan ozod qilindi. Endilikda ular o‘rniga tayinlangan yangi rahbarlar qizil hududlar ro‘yxatiga tushmaslik maqsadida chora-tadbirlar ko‘rishmoqda. Buning yechimini esa o‘z maktabida ishlayotgan ishchi xodimlardan emas, balki olis hududlarda joylashgan shaharlardagi repetitorlardan qidirishmoqda. Biroq bunga ham faqat imkoniyati yetarli bo‘lgan ota-ona rozi bo‘ladi. Tayyorlovga ketgan o‘quvchi 2 yoki 3 fandan tayyorlangani bilan, qolgan fanlari o‘zlashtirishsiz qolaveradi.
Maktabdagi fan o‘qituvchilari esa maktab sha’ni uchun ketgan o‘quvchining davomatini a’lo baholarga to‘ldirib boradi. Negaki, biz bu yerda berolmagan bilimini olis hududlarda o‘quvchilarimiz repetitorlar orqali o‘rganishmoqda. Ertaga OTMlarga o‘qishga kirib qolsa, o‘sha o‘quvchiga men dars berganman, deb ko‘kragimizni kerib ham qo‘yamiz.
Qachongacha bu muammolar bilan birga yuramiz? Qachon bu muammolar oxiriga yetarkan?
Farzandlarimizni olis hududlarga yuborib o‘qitgandan ko‘ra, olis hududlardagi bilimlarni olib kelib beraylik. O‘z malakamizni ko‘proq oshiraylik. Toki, ular bizdan minnatdor bo‘lsin. Davlatimiz rahbari aytganidek, o‘qituvchilik kasbi eng obro‘li kasbligini his qilib, o‘z kasbimizga sadoqat bilan yondashaylik. Va albatta, bu kasbga munosib bo‘laylik.
Anvar ESHAYEV, Qo‘shrabot tumanidagi 4-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi