Respublika ta'lim markazi nima uchun 3-sinf "Matematika" darsligiga kasr tushunchasi kiritilganiga izoh berdi
Ota-onalar tomonidan, "nima uchun ilgari 5-sinfda o'qitilgan kasr tushunchasi hozirda 3-sinf darsligiga ko'chirildi? 9 yoshli bola kasr tushunchasini qay darajada tushuna oladi?" kabi ko'plab savollar, fikr-mulohazalar kelib tushdi. Shuningdek, "Ma'rifat" gazetasining 2021-yil 9-mart kungi sonida ham "3-sinf "Matematika" darsligi ota-onalar uchun ham murakkablik qiladi" nomli maqola e'lon qilindi. Shularni inobatga olgan holda Respublika ta'lim markazi axborot xizmati 3-sinf "Matematika" darsligiga kiritilgan kasr tushunchasiga izoh berdi.
Dunyodagi ko‘plab davlatlarda kasrlar bilan ishlash mavzusi boshlang‘ich sinflarda berilmoqda. Taʼlim sohasida katta yutuqlarga erishayotgan Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda oddiy va o‘nli kasrlar, aralash sonlar, sodda hollarda kasrlarni taqqoslash, qo‘shish va ayirish, yaxlitlash kabi mavzularni boshlang‘ich sinf bitiruvchilari bilishadi.
O‘zbekistonda taʼlim tizimini xalqaro PISA, TIMSS kabi baholash dasturlariga moslashtirish munosabati bilan bu tushunchalar boshlang‘ich sinflarda berish zarurati tug‘ildi. Chunki 4-sinf bitiruvchilariga beriladigan TIMSS xalqaro baholash topshiriqlarida kasrlar mavzusiga oid ko‘plab savollar bor. Agar kasrlar tushunchasi 1-sinfdan boshlab asta-sekin sodda (yarimta non, chorakta non kabi) modellarda, so‘ngra ulushlar tushunchasiga tayangan holda tushuntirib borilsa, boshlang‘ich sinfni bitirayotgan bizning o‘quvchilar ham xalqaro miqyosdagi bunday topshiriqlarni bemalol bajara oladilar.
Shuning uchun, 2020-2021-o‘quv yilidan 2-3-sinflardan boshlab mazkur tushunchalar kiritildi.
Aytish joizki, har qanday murakkab mavzuni tushuntirish oʻquvchidan metodik mahorat talab etadi. Endilikda oʻqituvchilar uchun yaratilayotgan Oʻqituvchi kitobida kasr tushunchasini ulush sifatida oʻquvchiga qay tarzda tushuntirish boʻyicha alohida yoʻl-yoʻriqlar beriladi. Bu esa oʻz navbatida oʻqituvchi tomonidan mavzuni oʻquvchilarga yaxshi tushuntirilishiga xizmat qiladi.