“Tarbiya” darsi mualliflar guruhi mukofotlandi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2020-2021-o‘quv yilida davlat umumta’lim maktablari ta’lim jarayoniga “Tarbiya” darslari tatbiq etildi. Mazkur darslarning Konsepsiyasi, Davlat ta’lim standarti, o‘quv dasturi va o‘quv qo‘llanmalarini yaratishda respublikamizning yetakchi olim va amaliyotchi pedagoglari guruhi faol ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mazkur o‘quv darslari mualliflaridan bir guruhi tarmoq mukofotlari bilan taqdirlanadi. Mukofotlarni Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov topshirdi. Marosimda Xalq ta’limi vaziri darslik ijodkorlariga o‘z minnatdorligini bildirar ekan, navbatdagi 10-11-sinflar uchun yaratilajak o‘quv qo‘llanmalarda e’tibor berish lozim bo‘lgan jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, unda o‘quvchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirish, mustaqil fikrlaydigan, o‘z ustida ishlaydigan yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan mavzularga ahamiyat berish muhim ekani qayd etildi.
E’tiborlisi, taqdirlanganlar orasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda “Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi jamoasi borligi ham quvonarlidir.
Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasi dotsenti Durbek Rahimdjanov hamda “Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi direktor o‘rinbosari Ra’no Salayeva, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Sevara Zokirova “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan bo‘lsa, “Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi direktori Nargiza Ismatova vazirlikning “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.
Bundan tashqari, “Ziyo-zukko” umumta’lim maktabining bir guruh boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan Kristina Ivleva, Shoira Raupova, Aliye Rukavitsina Xalq ta’limi vazirligining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati