Toshkent viloyatining 4 ta tumanidagi maktablar onlayn taʼlimga o‘tkazildi
Qibray, Zangiota, Chinoz va Toshkent tumanlaridagi ayrim maktablarda o‘quvchi va o‘qituvchilar orasida koronavirus aniqlanganligi bois, o‘qish onlayn rejimga o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ma’lum qildi.
Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2021-yil 4-martdagi 17-8/1453-sonli ko‘rsatma xatiga asosan koronavirus kasalligi aniqlangan hollarda maktablarda sinflar onlayn o‘qish tizimiga o‘tishi belgilangan.
Afsuski, keyingi paytlarda Toshkent viloyatining ayrim hududlarida ham koronavirus kasalligining uchrashi qayd etilmoqda. Xususan, 2021-yil 15-mart kuni Qibray tuman “O‘nqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 30- maktabning 9 “A”-sinf o‘quvchisi va Salar shaharchasidagi 5- maktabning 6 “A”-sinf o‘quvchisida koronavirus kasalligi aniqlangan. Shu bois, 30- maktabdagi 9 “A”- sinfi va 5-maktabning 6 “A”-sinfi to‘liq onlayn tarzda o‘qitishga o‘tildi.
Shuningdek, Zangiota tumanidagi 29-maktabning 7 “A” - sinfidan 1 nafar , 7 “B” - sinfidan 2 nafar va 11-sinfidan 1 nafar o‘quvchida koronavirus kasalligi aniqlanganligi sababli joriy yilning 12-martidan ushbu sinflar ham onlayn tartibida taʼlim olishga o‘tkazildi.
Yoki Chinoz tumanidagi 17-umumtaʼlim maktabi 4 ”A” sinf rahbari Surayyo Toshkenboyeva 2021-yil 13-mart kuni “COVID-19” infeksiyasiga gumon qilinib, Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilganligi sababli, 2021-yil 15-martidan 17-umumtaʼlim maktabi 4”A” sinf o‘quvchilari 14 kun muddatga onlayn o‘qish tizimiga o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Toshkent tumanidagi 17-maktab o‘qituvchisi va uning oila aʼzolaridan test namunalari olinganda oila aʼzolarining 3 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. 23-maktabning 6-sinf o‘quvchisida ham infeksiya qayd etilgan.
Yuqoridagilarni hisobga olib, viloyat hududidagi ayrim maktablarda epidemiologik vaziyat beqarorligini ko‘rish mumkin.