Namanganda 30 ming bosma va uch million elektron adabiyotga ega axborot-kutubxona markazi foydalanishga topshirildi
Shaharning Davlatobod tumanida qad rostlagan “Yangi O‘zbekiston - yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxona markazi chinakam ilm-ma’rifat koshonasi ko‘rinishini olgan. U 30 mingdan ziyod turli badiiy va ilmiy adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlandi. Kelgusi uch yilda kitoblarning sonini 100 mingtaga olib chiqish ko‘zda tutilgan.
Turkiyaning “UG Inshaat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tayyorlangan loyiha asosida qad rostlagan uch qavatli binoning umumiy maydoni 5220 kv. metrni tashkil etadi. U mutolaa va adabiyotlarni olish bo‘limlari, kitoblar arxivi va fond saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus yerto‘ladan iborat. Kutubxona bir vaqtning o‘zida 1200 kishiga xizmat ko‘rsata oladi.
Ziyo maskanining kirish qismida ro‘yxatga olish burchagi, infokioska joylashtirilgan bo‘lib, har bir kitobxon uchun maxsus ID kartalar beriladi va ular ro‘yxatga olinadi. Shuningdek, binoning birinchi qavatida “Bolalar maydonchasi” tashkil etilgan. Ushbu maydonchada 5 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kitoblar, ularning ijodiy faoliyatini rivojlantirish uchun jihozlar ajratilgan. Kutubxonaga kelgan ota-onalar uchun ham zarur qulayliklar yaratilgan.
Ikkinchi qavatdagi bosma adabiyotlar bo‘limidan ijtimoiy huquqiy yo‘nalishdagi, shuningdek, badiiy adabiyotlar, mahalliy ijodkorlarning asarlari, texnika va texnologiyaga oid kitoblar, ilmiy ishlanmalar o‘rin olgan.
Uchinchi qavatni egallagan IT Park negizidagi raqamli kutubxona o‘zining keng imkoniyatlari bilan barchaga ma’qul tushishi tabiiy. Uning elektron bazasida 3 milliondan ortiq elektron adabiyotlar, mingdan ziyod audio kitoblar jamlangan. Bu yerdagi 50 ta zamonaviy kompyuter yordamida yoshlar elektron kitoblardan foydalanish, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish, loyihalar ishlab chiqarishda keng foydalanishlari mumkin. Xorijiy andozalar asosida tashkil etilgan “yashil maydoncha” yosh dasturchilarning erkin ishlashlari uchun xizmat qiladi.
Bugun mazkur axborot-kutubxona markazining tantanali taqdimoti tashkil etildi.
— Katta mablag‘ va mehnat evaziga barpo etilgan markaz Namangan ahli, xususan, yoshlar uchun ilm –ma’rifat o‘chog‘iga aylanadi, deb umid qilaman, — dedi marosimda so‘z olgan viloyat hokimi Sh. Abdurazzoqov. — Endi gap bu yerda yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanishda. Buning uchun faqatgina kitobxonlik bilan cheklanib qolmasdan, adabiy kecha, ijodkorlar bilan uchrashuv, yangi asarlar taqdimoti singari tadbirlarni ham keng yo‘lga qo‘yish zarur.
Ochilish marosimida viloyat rahbarlari, nuroniy va yoshlar ishtirok etdi. Viloyat hokimligi tomonidan mingtadan ko‘proq ilmiy va badiiy kitoblar ziyo maskaniga sovg‘a qilindi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”