Husnixatim — mening yuzim
O‘qituvchi o‘quvchisining husnixatiga qarab uning erinchoq, shoshqaloq yoki e’tiborsiz ekanligi haqida ayta oladi. Shunday o‘quvchilar borki, barcha fanlardan yaxshi o‘zlashtirsa ham yozuvda husnixat qoidalariga amal qilmaydi.
Ularda erinchoqlik, shoshqaloqlik yoki e’tiborsizlik ustunlik qiladi. Bolaning husnixatini yaxshilash uchun avvalambor uni yomon odatlardan xalos qilish kerak. Buning uchun, kezi kelganda o‘quvchini maqtab, qolganlarga namuna qilib ko‘rsatish, o‘ziga ishonch paydo qilishimiz zarur. Shundagina uning yozuviga o‘zgartirish kirita olamiz. Husnixatga qarab uning egasini savodsizga chiqara olmaymiz.
Chiroyli va to‘g‘ri yozish san’atdir. Bunga erishish uchun yozuv qoidasiga rioya qilish kerak. Yozganda to‘g‘ri o‘tirish lozim. Engashib yoki gerdayib yozish yaramaydi. Engashganda ko‘z toliqib qoladi. Gerdayib yozganda ham ko‘zning chamalashi susayadi. Ruchkani uchta barmoq bilan to‘g‘ri ushlash lozim. Daftar chizig‘idan chiqib ketmay, harflarni dona-dona qilib yozish zarur. Shunda xat chiroyli chiqadi.
Husnixatni yaxshilash uchun o‘quvchilardan tez-tez diktant olib turish yaxshi natija beradi. Negaki, o‘quvchi diktant yozish jarayonida bor diqqatini ana shu yozuvga qaratadi. Bu jarayonni savod o‘rgatish davridan (2 ta harf o‘rgangandan keyin) boshlash yaxshi samara beradi. Diktant yozish jarayonida o‘quvchini doimiy nazorat qilish, husnixat qoidalariga amal qilganlarni maqtab, rag‘batlantirib borish, qolganlarga namuna qilib ko‘rsatish o‘quvchini ruhlantiradi va chiroyli yozishga undaydi. Qolgan o‘quvchilar ham ularga o‘xshashga harakat qiladi.
Durdona RAJABOVA, Vobkent tumanidagi 39-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi