“Qo‘lni qo‘lga berib ishlaylik!”
“Hamkorlikda hikmat ko‘p,” deydi dono xalqimiz. Bu purma’no xulosa Yunusobod tumanidagi 21-maktab va Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 142-IDUM o‘rtasidagi o‘zaro tajriba almashinuv jarayonida yana bir bor o‘z isbotini topdi. Har ikki ta’lim muassasasi o‘qituvchilarining bir jamoa vakillari kabi qo‘lni qo‘lga berib, sinfxonalarida dars o‘tishlari ko‘zni quvnatadi, kelajakka ishonch uyg‘otadi.
21-maktab hovlisiga kirishingiz bilan saranjom-sarishtalikni ko‘rib beixtiyor kayfiyatingiz ko‘tariladi. Soya-salqin beruvchi chinorlar, sarvqomat archa va mevali daraxtlar orasidagi zamonaviy sport maydonchalari o‘quvchilar ixtiyorida. Albatta, bu ishlarning bari maktab direktori Nurmuhammad Ahmedovning jonkuyar va tashkilotchi rahbarligidan. Maktabning siyrati ham suratiga hamohang. Ta’lim maskanida a’lo darajada sharoit yaratilsagina, o‘qish va o‘qitish shunga yarasha bo‘ladi.
Bu gal hamma maktabga barvaqt yig‘ildi. Mehmonlar tashrifi haqidagi xabar dargoh ahlini sergaklantirgandi. Maktab darvozasidan bayramga kelayotgandek shoshayotganlar orasida M.Ulug‘bek tumanidagi 142-IDUM direktori Muxtabarxon Maraimova boshchiligida besh-olti nafar o‘qituvchi va xalq deputatlari Yunusobod tuman kengashi deputati Erkin Tolipov ham bor edi.
Faollar zalida to‘plangan 8–10-sinflarning a’lochi o‘quvchilari mehmonlarni o‘rinlaridan turib, jo‘rovozda salom bilan kutib olishdi. Maktab direktori mehmonlarni tanishtirib, uchrashuvning asosiy maqsadi, hayotda to‘g‘ri yo‘ldan toymaslik uchun to‘g‘ri kasb tanlash kerakligi haqida gapirdi va so‘zni Erkin Tolipovga berdi.
— Biz o‘qigan zamonlarda bunday sharoitlar tushga ham kirmagan. Buning qadriga yetinglar. Har qanday kasbga mehr maktabdan boshlanadi. Agar siz maktabdanoq kasb tanlab puxta bilim olsangiz, katta yutuqlarga erishasiz, Prezidentimiz talab qilayotgan Yangi O‘zbekistonni dunyoga tanitish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga qo‘shilasiz. Men hanuzgacha 1-sinfda tutgan daftarimni saqlab kelaman. O‘g‘il-qizlarimga ko‘rsatib, maktabga mehrini orttirib ulg‘aytirdim. Ular hayotda o‘z o‘rnini topib, yurt ravnaqiga hissa qo‘shmoqdalar. Bugungi kunda nevaralarimga ham ko‘rsatib, ularda maktabga mehr-muhabbat tuyg‘usini tarbiyalamoqdaman, — dedi E.Tolipov.
Uchrashuvda 142-IDUMning direktori kasb tanlash bo‘yicha atroflicha mushohada yuritdi. Shundan so‘ng 142-maktab psixologi Gulafzal Sevinova o‘n besh nafar o‘quvchini sahnaga chiqarib trening o‘tkazdi. U o‘quvchilarda fikrni jamlash, to‘g‘ri qaror chiqarish, o‘zini erkin tutish, erkin fikrlash bilan bog‘liq bo‘lgan g‘oyalarni ko‘rgazmalar yordamida juda qiziq, maroqli mashqlar bilan ko‘rsatib berdi.
Mezbon va mehmon maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari birgalikda 9-sinfda “Ko‘chirma gapli qo‘shma gap” mavzusida dars o‘tishdi.
— Noan’anaviy tarzda dars o‘tdik, — deydi 21-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Guljamol Eshmirzayeva. — Jarayonda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanib, “Qurilish” uslubini qo‘lladik.
Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas ta’lim fidoyilarini yana bir uchrashuv birlashtirdi. Bu gal Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 142-IDUMga 21-maktab direktori boshchiligidagi o‘qituvchilar guruhi tashrif buyurdi.
21-maktab o‘qituvchilari oldindan kelishilgan reja bo‘yicha sinflarda hamkorlik bilan dars o‘tishdi. Ularning darslari tajribali mutaxassis-o‘qituvchilar tomonidan kuzatib borildi. Reja asosidagi tadbirlar yakunlangach, davra suhbati tashkil etildi. Suhbatni 2016-yildan 142-IDUMning direktori lavozimida ishlab kelayotgan, o‘z tajriba va malakasini boshqa maktab direktorlariga o‘rgatishdan charchamaydigan rahbar Muxtabarxon Maraimova boshqardi. U o‘qituvchilarning yutuq-kamchiliklari to‘g‘risida batafsil gapirdi. O‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlayotgan rahbarlar o‘qituvchilariga minnatdorlik bildirdi. Har ikki tomon o‘qituvchilari dars jarayoni haqida qizg‘in munozaralar qilib, yangi, ezgu rejalarni amalga oshirishni kelishib oldi.
— Men 2-sinfda matematika fanidan hamkorlikda yangicha metod – Mental arifmetikada o‘quvchilarning intellektual qobiliyatini oshirish yuzasidan dars o‘tdim, — deydi 21-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nigora Valiyeva. — Darsda loqayd o‘tirgan o‘quvchilar va boshqalarning diqqatini jamlash uchun ABAKS(hoshiya ichidagi toshlar)da misollar o‘rnini tanishtirib ular ustida qo‘shish va ayirish amallarini formulalari orqali o‘rgatdik. Qo‘shish va ayirish amallari Pol ABAKSda ham bajarildi. O‘quvchilarni 5 ta guruhga bo‘lib, musobaqa o‘tkazdik. Bu musobaqada o‘quvchilarga 2 ta qo‘lda ham bajarish mumkin bo‘lgan o‘yinlar o‘rgatildi. Ishtirokchilar faol qatnashdi, 3- va 5- guruhlar g‘olib deb topildi.
“O‘zingiz yaxshi ko‘rgan narsalarni yaxshi ko‘rganlaringizga ham ilining”. Shunday ulug‘ niyatlarni ko‘ngillariga jo qilgan o‘qituvchilarning mehnati samarasi Prezidentimiz orzu qilayotgan Uchinchi Renessans poydevoriga hissa bo‘ladi.
Temur TO‘RABOYEV, yozuvchi